Hujjatchilik tarixi haqida umumiy ma’lumot.
2. Amir Temurning “Temur tuzuklari” asari.
O'zbek tilining izohli lug'atida “Hujjat” so'ziga quyidagicha izoh beriladi: "Hujjat” arabcha so‘z bo'lib, qayd qilish, tasdiqlash ma’nosini bildiradi. Shuningdek, u ijtimoiy tarixiy ahamiyatga ega bolgan yozuv va suratlar, asar yoki adabiyot ma’nosini ham ifodalaydi.
Oliy o`quv yurtlari talabalari uchun mo`ljallangan mazkur fan ularga respublikamizda faoliyat ko`rsatayotgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda yuritib kelinayotgan ish qog`ozlari turlari, ularning vazifasi, ularda aks etadigan ma’lumotlar, axborotlar, fikr-mulohazalar, hujjatlarning zaruriy qismlari, ular bilan bog`liq atamalar to`g`risida ma’lum tushunchalar beradi.
Mustaqillikka erishgan bo`lsak-da, bir qator korxonalarda hujjatlar, ish qog`ozlarini davlat tilida yangi alifbo va imlo qoidalari asosida yuritishga o`tish biroz qiyinchilik bilan kechmoqda. Buning bir qancha sabablari bor, albatt. Ulardan biri yangi alifbo va imlo qoidalari asosida davlat tilida ish yuritish bo`yicha maxsus o`quv qo`llanmalari, uslubiy ishlarning kamligi bo`lsa, ikkinchidan, bu sohada ish yurituvchi mutaxassis-xodimlar tayyorlashning hali keng tus olmaganligidir.
Ma’lumki, insoniyat tarixida yozuvning ixtiro qilinishi bilan bog`liq ravishda yozma nutqning vujudga kelishi hamda taraqqiy eta borishi asosida eng qadimgi zamonlardan boshlab kishilik jamiyatida insonlarning o`zaro turli-tuman munosabatlarini aks ettiruvchi yozishmalar, solnomalar, hujjatlar, badiiy, ilmiy, tarixiy asarlar yaratib kelingan. Hujjatlar kishilar, jamoalar o`rtasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish, davlat ichidagi hamda davlatlararo ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy, ma’rifiy, harbiy sohalarda aloqalar o`rnatish, hamkorlik qilish, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantira borishlari uchun xizmat qilib kelgan.
Turkiy xalqlarda ham hujjat tuzish qadimdan mavjud bo'lgan. X- asr va undan oldingi davrlarga oid turli hujjat namunalari bizgacha yetib kelgan. Hatto M.Qoshg'ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida “Bushug‘” so‘zi uchraydi. U elchiga qaytib ketish uchun beriladigan ijozat qog'ozi, shuningdek, elchilarga beriladigan sovg‘a ma’nolarini bildiradi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilik” asarida yorliq va noma ma’nosi o'rnida “bildargulik” so‘zi ishlatilgan. Hozirgi kunda faol qo‘llanishga o'tgan “bildirishnoma”, “bildirish” shu so'zdan olingan. Sho'rolar davrida bu so‘z “raport” deb yuritilardi. Qadimshunos olimlar tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasida ko'pgina ma’lumotlarga ega bo'lindi. Namangan viloyati Kosonsoy shahri yaqinidagi Mog’il qal'asidan VII-VIII asrga oid 80 ta hujjat topilgan. Ular milliy so‘g‘d yozuvida bo'lib, toldan kesilgan tayoqcha, teri va xitoy qog‘ozlariga bitilgan.
Hujjatlar mazmunan huquqiy xarakterga ega. Bir turkumi diplomatik aloqalarga oid bolib, arablarga qarshi harbiy kuchlarni birlashtirish masalasiga bag'ishlangan. Hujjatlarda buyruqlar, soliq va boj yig‘ish moliyaviy harajatlar ro'yxati va boshqalar aks etgan. Xorazm xarobalaridan esa charm va taxtachaga yozilgan hujjatlar topilgan. Tuproqqal'a hayot bo‘lgan davrdagi xonadan a'zolarining ro'yxati, harbiy chaqiriq, soliq, jon-mol ro'yxati, xo'jalik asboblarining olingani haqidagi tilxat qadimgi hujjatlardan darak beradi. Turkiy tillar mutaxassisi S.E.Malov “Памятники древнетюркской письменности” (М-Л, 1951) asarida qadimgi turkiy yozuvida XIII asrlarda bitilgan qadimgi hujjat (shikoyat, oldi- sotdi, ijaraga qo'yish, tilxat) namunalarini keltiradi.
Qimmatli ma’lumot beruvchi X-asr olimi Abu Abdulloh al-Xorazmiy “Ilmlar kaliti” asarining “arab” ilmlari qismida ish yuritish daftarlarini sharhlab, Samoniylar davlatidagi soliq xillari va ularni yig'ish yo'li, hajmi, Sharq mamlakatlarining hududlarida ishlatilgan og‘irlik hamda o'lchov birliklarini keltiradi. Askarlar ro'yxati, beriladigan maosh, kiyim-kechak shakllarini keltiradi. O'sha davrda Markaziy Osiyoda keng tarqalgan o'lchov birliklari haqida ma’lumot beradi. Ular boshqa manbalarda hozir uchramaydi.
“Eski uyg‘ur yozuvi” (Q.Sodiqov), «Древний Хорезм» (С.П.Толстой), «Ганчи, ганчибоши в Кокандском ханстве» (А.Л.Тротская) kabi manbalarning ahamiyati katta. Ma’lum bo'lishicha, X-XIX asrlarda farmon, yorliq, noma, bitim, arznoma, qarznoma, vasiqa, vaqfnoma, tilxat kabilar keng iste'molda bo'lgan. Hozirgi kunda vaqfnoma, vasiqa, noma, arznoma kabi hujjatlar tilimizda ishlatilmaydi. Manba sifatida “Boburnoma" asarining o'z o‘rni bor, chunki unda farmon, mirzo, sulh, tamg'a hatto ariza o'rnida “arzadosh” qo'llanilgan. Shuni qayd qilish mumkinki, hozirgi kunda tilimizda tor ma’noga ega bo'lgan '"patta” so'zi XlX-asrda Qo'qon xonligida keng ishlatilgani ma’lum.
Dunyoning har bir mamlakatida qadimdan rasmiy ish qog'ozlari qo'llanilib kelgan. Masalan: eramizdan avval bo'lgan Bobil (Vavilion) davlatining 1792 - 1950 - yillar podshoxi Xammurapining buyrug'i bilan tayyorlangan qonunlar majmuasi mavjudligi haqida amerikalik sharqshunos Edvard Kira “Они писали на глине” (1984-у) asarida ma’lumot beradi. Qonun majmuasi 247 moddadan iborat bo'lib, u basalt ustuniga qadimgi mixxat bilan yozilgan. Qonunda yerga egalik, savdo- sotiq, iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlar aks etgan. Bobil hozirgi Iroqning janubiga to‘g‘ri keladi.
Davlatni idora qilish tartib-qoidalari, turli mansab egalarining vazifalari, soliq solish va uni to`plash tartibi, harbiy yurishlar o`tkazish, qo`zg`olonlarni bostirish qoidalari bayon etilgan turk hoqonlarining “Qonunnoma”si, Xondamirning “Qonuni Humoyun”i, Ro`zbexoning “Suluk al-muluk” kitobi kabi noyob manbalar ham turkiy xalqlar tarixida hujjatchilik an’analarining qadimgi davrlardan boshlanganligini ko`rsatadi. Qayd etib o`tilgan tarixiy manbalardan tashqari hoqonliklar, shohliklar, xonliklar, amirlik va bekliklarda yuritilgan farmonlar, bitimlar, arznomalar, yorliq, tilxat, qarznoma va guvohnomalar kabi hujjatlarning turli yozuvlarda tayyorlangan nusxalari, namunalari bizgacha yetib kelgan. Davlatning ichki va tashqi siyosatida muhim o`rin tutuvchi yorliqlar o`rta asrlarda alohida ahamiyatga ega bo`lgan. Bunga To`xtamishxonning 1393-yili polyak qiroli Yagayloga yo`llagan yorlig`i, Temur Qutlug`ning 1397-yilda berilgan yorlig`i, Umarshayxning marg`ilonlik Mir Sayid Ahmadga 1469-yili taqdim etgan yorlig`i, Toshkent hokimi Yunusxonning 1797-yil 2-iyunda Rusiya podshosiga yuborgan yorliqlari va boshqa shu kabi hujjatlarni misol tariqasida keltirish mumkin (2, 3-12-b., 6, 85-90-b.).
Bizgacha yetib kelgan hujjatlar ichida eng muhimi va butun dunyoga tarqalib, shohlar va sarkardalar, davlat arboblari uchun dasturilamal vazifasini o‘tab kelgan noyob manba buyuk bobokalonimiz sohibqiron Amir Temurning “Temur tuzuklari”dir. Tuzuklar o‘rta asrlar davlatchiligining asosiy qonuni sifatida mashhur bo‘lib, unda davlatni idora qilishda kimlarga tayanish, toj-u taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qo‘shin boshliqlarini saylash, sipohiylarning maoshi, boj va soliq to‘lash tartib-qoidalari, mamlakatlarni boshqarish tartibi, davlat arboblari va qo‘shin boshliqlarining burch va vazifalari, vazirlar va boshqa mansabdorlarning toj-u taxt oldida ko‘rsatgan alohida xizmatlarini qay tarzda taqdirlash tartibi va boshqa shu kabi muhim qoidalar o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, o‘sha davr huquqni nazorat va muhofaza etuvchi mutasaddilar – qozilar tomonidan tasdiqlangan meros mulkni taqsimlash, bolalarni hunar o‘rganish uchun shogirdlikka berish, korxonalar, savdo do‘konlari, yer-suv hamda uy-joy, mol-mulkni sotish, sotib olish yoki ijaraga berish, qullar mehnatidan foydalanish yoki ularni ozod etish, oila, nikoh, taloq, sulh kabi qator huquqiy munosabatlar aksini topgan vasiqalar to‘plamlari ham fikrimizni asoslaydi.
Hazrat sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari tomonidan boshqarilgan yurtlarda davlat ishlari turkiy (o‘zbek) tilda yuritilgan. Boburning “Boburnoma” asari bundan yaqqol guvohlik beradi.
Bu o‘rinda, ayniqsa, sulton Husayn Boyqaro hukmronligi davrida alohida e’tibor bilan qaralganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Ularning bu an’analari keyingi asrlarda Buxoro, Qo‘qon, Xiva xonliklari tomonidan davom ettirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |