3. SHomonlik yoxud sehrgarlik («shomon» so‘zining tungus tilidagi ma’nosi «sehrgarlik»).
Sehrgarlik (afsun, magiya) real natijalar olish uchun ilohiy kuchlarga ta’sir etish maqsadida amalga
oshiriladigan ritual - urf-odatlar majmuasidir. U totemizm va animizm bilan bir vaqtda paydo bo‘lib, u
orqali kishilar o‘z totemlari, ota-bobolarining ruhlari bilan xayolan bog‘lanishni amalga oshirib
kelganlar. U qadim o‘tmishda paydo bo‘lib, minglab yillar davomida rivojlanishda davom etib,
saqlanib kelgan. Odatda afsungarlik urf-odatlari bilan maxsus odamlar - shamanlar, afsungarlar
shug‘ullanganlar. Ular orasida ayniqsa uzoq o‘tmishda ayollar ko‘p o‘rinni egallaganlar. Bu shamanlar
va afsungarlar jazavali va asabiy kishilar bo‘lib, odamlar ularni ruhlar bilan muloqotda bo‘lish, ularga
jamoaning umid va niyatlarini etkazish, ularning irodasini talqin qilish qobiliyatiga ega ekanligiga
chuqur ishonganlar. SHamanlar, odatda, ma’lum ritual harakatlar orqali ovoz chiqarish, ashula aytish,
raqsga tushish, sakrash yo‘li bilan nog‘oralar va qo‘ng‘iroqlar ovozlari ostida o‘zlarini jazavaga solib,
o‘zini yo‘qotish, jazavaning yuqori nuqtasiga etkazish bilan afsungarlik qilishgan. Tomoshabinlar ham
ba’zan o‘zini yo‘qotish darajasiga etib marosimlar ishtirokchilari bo‘lib qolishar edi. Odatda shaman
marosim oxirida bir holatga kelib hech narsani eshitmay, ko‘rmay qolar edi. SHuning uchun uning
ruhlar dunyosi bilan muloqoti xuddi shu holatda amalga oshadi deb hisoblanardi. Umuman, olganda
ritual marosimlar qismlardan iborat bo‘lgan afsungarlik jamiyatning haqiqiy talablaridan kelib chiqqan
holda hayotda amalga oshirilgan. Ilohiy kuchlar dunyosi bilan bunday bog‘lanish yo‘li hayotda
noma’lum, oldindan bilib bo‘lmaydigan sharoitlardan kelib chiqqan. Lekin shu bilan birga afsungarlik
odamlarning fikr yuritish, ongini mustahkamlashda katta rol o‘ynadi. Bu esa diniy ongni shakllanish
jarayonida muhim o‘rin tutdi. Afsungarlik fikr yuritish rivojlangan sari odamga o‘z-o‘zidan bo‘ladigan,
faqatgina maqsadli yo‘nalishdagi harakatlar natijasida olinadigan emas, balki ilohiy kuchlar afsuni
bilan bog‘liq bo‘lgan sharoitlardan kelib chiqadigan ko‘rinish deb hisoblangan. Natijada ko‘pchilik
aniq hodisalar, hattoki alohida buyumlar sehrli kuch egasi sifatida qabul qilina boshlandi.
Sehrgarlik marosimlari yakka holda yoki jamoa bo‘lib amalga oshirilishi mumkin edi.
Afsungarlik maqsadga ko‘ra quyidagilarga bo‘linadi: 1) Zarar keltiruvchi - yovuz afsungarlik.
Uning maqsadi kimgadir zarar etkazishdan iborat; 2) Harbiy afsungarlik. Bu dushmanga qarshi
ishlatiladi (masalan, qurol-aslahalarni sehrlash); 3) Sevgi afsungarligi. Undan «issiq» yoki
«sovuq» qilish maqsadida ishlatiladi. 4) Tibbiy afsungarlik. Undan davolash maqsadida
foydalanish. 5) Ob-havo afsungarligi. Bu sehrgarlik turidan yomg‘ir chaqirish yoki shunga
o‘xshash ob-havoni o‘zgartirish maqsadida foydalanilgan.
Sehrgarlik hozirda ham zamonaviy dinlarda va turli xalqlar urf-odatlarida saqlanib qolgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |