3. Shiayo’nalishi
Shialikdagi oqimlar
Shialik. Shialik islomdagi uch yirik oqimdan biri bo’lib, hokimiyat masalasida islom jamoasida paydo bo’lgan ixtilof natijasida vujudga kelgan.
Shia so’zining to’liq shakli «ash-shi’a» («tarafdorlar, guruh, partiya»), aniqrog’i «Shi’at Ali» («Ali tarafdorlari partiyasi») bo’lib, bu nom xalifa Ali (656-661) va uning avlodlariga ergashganlarga nisbatan berilgan. Shialikda imomat masalasi asosiy diniy ruknlardan hisoblanadi. Imomat jamiyat manfaatlaridan emas, balki din ruknlaridan kelib chiqadi, deb e’tiqod qilinadi. Ularning ta’limotiga ko’ra, rahbar jamoa tomonidan saylanmay, balki u meros sifatida o’tadi. Mazkur ta’limotga binoan, Muhammad payg’ambar Alini xalifa etib tayinlagan, undan keyin esa xalifalik uning avlodlarida qonuniy meros sifatida vasiyat yo’li bilan uzatiladi. Imomlik (xalifalik) payg’ambarlik kabi ilohiy mansab hisoblanib, Olloh bandalari orasidan payg’ambarlarini tanlab, ularni gunohlardan saqlagani va ularga ilmi ladun (Olloh huzuridan berilgan ilm) bergani kabi xalifalarni ham shunday tanlaydi, deyiladi. Abu Bakr, Umar va Usmonlar esa, bu huquqni Alidan zo’rlik bilan tortib olishgan. Alining xalifaligi Payg’ambar vafotining birinchi kunidan boshlangan, deb hisoblaydilar. Ash-SHahrastoniy (v. 1153 y. ) iborasi bilan aytganda: «SHialarning e’tiqodiga ko’ra, Alining imomligi va xalifaligiga oshkora va maxfiy dalillar kelgan hamda undan keyingi imomlik uning avlodlaridan tashqariga chiqmaydi, agarda chiqsa ham, bu ularga zulm qilish yo’li bilan oshirilishi mumkin». Shialar aynan imomat masalasida o’zaro bir necha firqalarga bo’linib ketganlar.
Zaydiya. Zaydiya firqasining asoschisi Zayd ibn Ali Zayn al-obidin (698-740) Madinada tug’ilgan. Imom Zayd otasi qo’lida tahsil oladi. Otasining vafotidan so’ng diniy ilmlarni akasi Muhammad Boqirdan o’rganadi. SHuningdek, o’z tengqurlaridan bo’lgan Ja’far as-Sodiqdan hadis va fiqh ilmlarini o’rgandi. Zayd ibn Ali ilm yo’lida Basraga borib, mu’tazila, qadariya, jahmiya va boshqa turli firqalar aqidalari asoslarini o’rgandi. U vaqtda Basra va Kufada mazkur firqalar kabi xristian va fors falsafasidan ta’sirlangan oqimlar ko’p edi. Bu yerda Vosil ibn Ato (mu’tazila kalom maktabi asoschisi)dan aqida ilmini mukammal egallagach, o’zi uchun mu’taziliylar yo’lini tanladi.
Keyinchalik Zayd ibn Ali imomat masalasida o’rta yo’lni tanladi. Uning fikriga ko’ra, imomlik bir shaxs tomonidan tayin qilinmaydi va u o’z avlodlariga imomlikni vasiyat ham qilmaydi, balki Fotimaning zurriyotidan bo’lgan shijoatli, mujtahid, haqiqatni baralla aytuvchi kishi saylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |