Chust yodgorligi (mahalliy aholi Buonamozor yoki Bibionamozor deb ataydi) shimoliy Farg‘onada, hozirgi Chust shahridan 2 km shimolda G‘ovasoy havzasida joylashgan. YOdgorlik maydoni 5 ga, madaniy qatlamlar qalinligi 3 metrdan ortadi. YOdgorlik 1950 yili toshkentlik arxeologlar M.E. Voronets va V. I. Sprishevskiylar tomonidan aniqlangan. 1953 yildan e’tiboran V.I. Sprishevskiy Chust makonida to‘qqiz dala mavsumida (1953-1963) keng ko‘lamli qazishma ishlarini amalga oshirdi va 7000 kv. metrdan ziyod maydon kovlab o‘rganildi (Sprishevskiy V.I., 1963). YOdgorlik 1974 yili Rossiya FA Moddiy madaniyat tarixi instituti (YU.A. Zadneprovskiy) va 1982-1983 yillari O‘zbekiston Respublikasi FA Arxeologiya instituti (B.X. Matboboev) xodimlari tomonidan ham o‘rganilgan .
Chust yodgorligi ikki qismdan iborat: himoyalangan shimoli-g‘arbiy qism va Sharqiy asosiy yashash qism. Aynan Sharqiy mavzeyda V.I. Sprishevskiy va B.X. Matboboev tomonidan asosiy uy-joy qoldiqlari o‘rganilgan. Uy-joy qoldiqlari uch xilga bo‘linadi:
1 - xil – sinchli uylar. Ular sinch ustunlari o‘rnida qolgan chuqurchalarga qarab aniqlangan, ustunlar binolar tegrasi bo‘ylab bir tartibda joylashgan (ular diametri 8-15 sm, chuqurligi 30-35 sm). Odatda bu uy-joylar yumaloq yoki oval ko‘rinishli rejaga ega. Sinchli uylarni barchasida yashash poli yaqqol ajraladi. Uylar maydoni 40-160 kv. metrni tashkil etadi.
2 - xil – paxsa va g‘ishtdan tiklangan uylar. Mana shunday binolardan biri 20-30 sm chuqurlikda qayd etilgan. To‘g‘riburchak rejali, shimoli-Sharqdan janubi-g‘arbga cho‘zinchoq ko‘rinishga ega. Uy devorlari madaniy qatlamlar ustiga tiklangan va eni 35-40 sm, devorlari saqlanishi 10-15 sm.ga boradi, kirish eshigi eni 2 metr. Bino ichida kuygan bolorlar qoldig‘i saqlangan. Xona burchagida toshlardan terilgan o‘choq aniqlangan. Bu xildagi boshqa uy-joylar tuzilishi va tiklanishi keltirilgan binodan farq etmaydi. Ularning devorlari o‘lchamlari 54x32x8 sm.li g‘ishtlardan tiklangan va saqlangan balandligi 135 sm. ga boradi.
3 - xil - erto‘lalar. Birinchi erto‘la “piyolasimon” ko‘rinishga ega, rejasi ovalsimon, shimoli-g‘arbdan janubi-Sharqqa qarab cho‘zilgan. O‘lchamlari yuqori qismida 9,5X8,5, asosida 7,2X7,2 m, maydoni 80 m2 gacha etadi. Devorlari bir oz qiyaroq, ustun o‘rinlari topilmadi. Stratigrafik jihatdan erto‘la eng quyi qurilish davriga to‘g‘ri keladi. Polda rejasi to‘rtburchak ko‘rinishli o‘choq atrofida ko‘plab idish siniqlari sochilib yotardi. Uning yaqinida sopoldan to‘rt oyoqli qalin “dasturxon”ning (“stolcha”) katta bo‘laklari topildi. Bularning barchasi ushbu erto‘la uy-joy sifatida foydalanilganini tasdiq etuvchi ashyoviy dalillardir. Bundan tashqari, yana ikkita erto‘la aniqlandi. Ikkinchisi “piyolasimon” ko‘rinishga ega, o‘lchamlari 6,7X4 m. Polda hayvon suyaklari, jumladan maxsus kesilgan bug‘u (“buxor bug‘usi”) shoxi hamda sopol idish parchalari (naqshlilari ham bor) tarqalib ketgan edi. Uchinchi erto‘la rejasi yumaloqroq, devorlari tik. Materik qatlamga 75-80 sm. lar chuqurlangan, o‘lchamlari 4,15X4 m. Pol va undagi o‘choq o‘rnidagi kuyindisi yaxshi saqlangan. Hayvon suyaklari, sopol idish parchalari ushbu erto‘laning yashash uchun mo‘ljallanganini bildiradi (Zadneprovskiy YU.A, Matbabaev B.X., 1984. S. 46-71; Matbabaev B.X., 2002. S. 48-53).
Do'stlaringiz bilan baham: |