Barqaror rivojlanish
Jamiyatning tabiatga ta’siri kundan-kunga oshib borayotgan davrda fan-texnikaning rivojlanishi jamiyatga misli ko’rilmagan yutuqlar keltirish bilan bir qatorda, jamiyat bilan tabiat o’rtasidagi munosabatlarning keskinlashishiga, ekologik holatning yomonlashishiga, tabiiy resurslarning isrof bo’lishiga, suv, havo, tuproqning ifloslanishiga, zaharlanishiga, o’simlik va hayvonlarning kamayib ketishiga, katta-kichik ekosistemalarning, ularning biotik birliklari bo’lmish biomlarning parchalanishiga, buzilishiga olib keladi.Yer yuzining turli mintaqalarida vujudga kelgan ekologik muammolar ekologik tanglik, hattoki ekologik halokat kabi tushunchalarni keltirib chiqardi.
Keyingi paytlarda tabiiy qonunlarni buzib, ko’r - ko’rona unutdik, “Tabiatdan hamma narsani olish - bizning burchimiz” degan noto’g’ri shiorlarni ilgari surdik. Natijada tabiatning turg’un holatini buzdik, oxirida yana tabiatga, uning qonunlariga bo’yin egib, undan bizga, bizdan unga yordam qo’lini cho’zishga keldik.
Bizni o‘rab turgan olamda barcha jarayonlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq holatda mukammal va barqarordir. Biroq o‘tgan asrlarda tabiat boyliklaridan xo‘jasizlarcha foydalanildi, xo‘jalik faoliyatida hosil bo‘lgan tonnalab chiqindilarni tashlash orqali suv, tuproq, havo musaffoligiga katta ziyon yetkazildi. Oqibatda ekologik muhit yomonlashdi.
Ekologik muammolar inson salomatligiga jiddiy tahdid tug‘dirayotir. Global gumanitar forum ma’lumotiga ko‘ra, sayyoramizda ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishi yiliga uch yuz ming insonning umriga zomin bo‘lmoqda. Uch yuz million aholi uning salbiy ta’siri ostida hayot kechirmoqda. Bundan iqtisodiyotga ham jiddiy zarar yetayotir.
Bunday global muammolar Markaziy Osiyo mintaqasi taraqqiyotiga ham o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda. Orolbo‘yidagi noxush ekologik vaziyat, buning ta’sirida kelib chiqayotgan tabiiy tangliklar, cho‘llanish muammosi bunga misoldir
Orol dengizining qurigan tubidan ko‘tarilayotgan chang, to‘zon va tuzlar uzoq-uzoq joylargacha yetib borgani, Tojikiston alyumin zavodidan chiqayotgan zaharli moddalar yurtimizning janubiy hududlarida ham ekologik muvozanatni izdan chiqarayotgani bunga misoldir. Bunday holatlar ekologiya muammolarining oldini olish va atrof-muhitga salbiy ta’sirlarni kamaytirishda o‘zaro hamkorlik va hamjihatlikda ish yuritishni taqozo etadi.
Aholining turmush sharoitini yaxshilash, ichimlik suvi bilan ta’minlash, zamonaviy uy-joylar barpo etish, ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarishda inson salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi kimyoviy va fizikaviy omillarning oldini olish tadbirlari qonun asosida tartibga solingan. Tabiatni muhofazalash, suv, havo, tuproq musaffoligini ta’minlash, chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha qabul qilingan me’yoriy hujjatlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimizda sanitariya-epidemiologiya muhitini barqarorlashtirish, tabiatga salbiy ta’sirlarni kamaytirish, ekologiya va gigiyena tadbirlarini uzviy ravishda tashkil etish tizimi shakllangani inson salomatligini asrash va yuqumli kasalliklar bo‘yicha barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda
Ma’lumki, inson sog‘-salomat, uzoq umr kechirishi uchun musaffo havo, toza suv va tuproq, tabiiy sharoitda yetishtirilgan, foydali mikroelementlarga boy iste’mol mahsulotlarining ahamiyati beqiyos.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyalarida tabiatda kechayotgan ana shunday jarayonlarni o‘rganish, zarur sanitariya-gigiyena me’yorlarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi.
Mazkur institutdan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozirgi kunda olimlarimiz aholi salomatligini muhofazalash ishlarini takomillashtirish va davolashning ilg‘or usullarini yaratish yuzasidan keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar. Aholi turar-joylarida tibbiy-ijtimoiy va ekologik holatni barqarorlashtirish, kasalliklarni kamaytirishga oid sanitariya - gigiyena tadbirlarini ishlab chiqish, ishchi-xizmatchilarning mehnat sharoitlarini yaxshilash va kasb kasalliklari profilaktikasi, radiotexnika inshootlarida hosil bo‘ladigan elektromagnit maydonlarni ekologik-gigiyenik nuqtai nazardan baholashga oid tadqiqotlar yurtimizda ekologik, epidemiologik muhitni yanada yaxshilash, inson salomatligini asrash va aholi manfaatlarini muhofazalashga xizmat qilmoqda.
Bunday tadqiqotlar jarayonida nosog‘lom ekologik muhitning inson salomatligiga yetkazayotgan ta’siri ham atroflicha tadqiq etilmoqda, – deydi O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligiga qarashli Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, tibbiyot fanlari doktori Abduvohid Komiljonov. – Izlanishlardan ma’lum bo`lishicha, Orol dengizining qurigan tubidan ko‘tarilayotgan chang-to‘zon va tuzlar nafaqat ekotizimlar barqarorligi, balki inson salomatligiga ham o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda. Bu hududda aholi o‘rtasida olib borilayotgan tibbiy-profilaktika tadbirlariga qaramay, kamqonlik, bo‘qoq, bolalarda o‘sish va rivojlanishdan ortda qolish kabi holatlarning kuzatilayotgani fikrimiz dalilidir.
Yirik sanoat korxonalarida ish faoliyatini tashkil etishda, tabiatdan oqilona foydalanishda, atrof-muhit bilan inson munosabatlarini muvofiqlashtirishda ilmiy xulosalarga tayanilgan holda, sanitariya qoidalari va me’yorlari asosida ish yuritilayotgani yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashning muhim omili bo‘layotir. Ishlab chiqarishda tabiatga bezarar usullar va texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tabiiy resurslarni tejash, muqobil energiya manbalaridan foydalanish bo`yicha muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Bunday tadbirlar natijasida tabiatga chiqarilayotgan chiqindilar miqdorini kamaytirishga erishilmoqda. Ekologik muvozanatni doimiy nazoratga olish tizimi takomillashmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |