5. Asosiy vositalarni harakati bilan bo g`liq muomalalar auditi
Dastavval, auditor moddiy javobgar shaxslarni va ular bilan tuzilgan to`liq moddiy javobgarlik to`g`risidagi shartnomalar mavjudligini aniqlashi zarur. Agar shartnomalar bo`lmasa, u holda auditor ularni tuzishni tavsiya qilishi lozim.
Amaldagi tartibga ko`ra asosiy vositalarning analitik hisobi ularning tasnifiy guruhlari va inventar obyektlari bo`yicha, shuningdek obyektlarning moddiy javobgar shaxslarda turish joyi (bo`linmalar, brigadalar, sexlar, uchastkalar va h.k.) bo`yicha yuritiladi.
Subyektga kelib tushgan asosiy vositalarni tekshirishda har bir obyekt bo`yicha alohida tuzilgan qabul qilish-topshirish dalolatnomasi (AV-I shakl) ning rasmiylashtirilishiga e'tibor qaratish zarur. Bunda dalolatnomadagi obyektning tavsifi, turgan joyi, sotib olingan manbai, chiqarilgan yoki ko`rilgan yili, ishga tushirilgan vaqti, obyektning sinov natijalari, uning texnik talablarga muvofiqligi va boshqa ma'lumotlar tekshiriladi.
Ayrim hollarda bir turdagi va narxi bir xil xojalik inventarlari, asboblar, stanoklar olinganda asosiy vositalarni qabul qilish-topshirish umumiy dalolatnomasi tuzilishi mumkin. Bunda ushbu dalolatnoma ma'lumotlari, unga ilova qilingan pasportlar, ishlatish tartibi, yo`riqnomalar ham tekshirilishi zarur.
Hisobga qabul qilingan har bir asosiy vosita obyektiga inventar raqam berilgan bo`lishi lozim. Masalan, 001 dan 099 gacha inventar raqamlar binolarga, 100 dan 199 gacha inshootlarga, 200 dan 299 gacha bo`lgan raqamlar uzatish qurilmalariga beriladi va hokazo. Berilgan inventar raqami asosiy vositalar obyektiga metall jeton bilan biriktirib, uchmaydigan bo`yoq bilan yozib yoki boshqa usullarda belgilab qo`yilishi lozim. Bu belgilar obyekt foydalanishda bo`lgan jami davr ichida saqlanib, buxgalteriya hisobining barcha tegishli dastlabki hujjatlarida va hisob registrlarida ko`rsatiladi. Obyekt hisobdan chiqarilganidan so`ng, uning inventar raqami yangi kirim qilingan asosiy vositalarga berilmaydi.
Asosiy vositalarni qabul qilish-topshirish dalolatnomasi (ilova qilingan hujjatlar bilan birga) buxgalteriyaga o`z vaqtida topshirilgan bo`lishi lozim. Subyekt buxgalteriyasida asosiy vositalarning analitik hisobi, ularning har bir turi bo`yicha ochiladigan AV-6 shakldagi inventar kartochkalar yuritiladi. Bu kartochkada obyekt haqidagi barcha ma'lumotlar (dastlabki yoki tiklanish qiymati, amortizatsiya ajratmalari me'yori, kirim qilingan paytdagi eskirish darajasi) qayd etilgan bo`lishi kerak.
So`ngra inventar kartochkalar ma'lumotlarining asosiy vositalarni hisobga olish bo`yicha inventar kartochkalar ro`yxati (AV-7 shakl) ga asosiy vositalarning tasnifiy guruhlari bo`yicha o`tkazilganligi tekshiriladi.
Ro`yxatga olingan kartochkalar asosiy vositalar kartotekasida tarmoqning tasnifiy guruhlariga, guruh ichida esa turgan joyi, foydalanish joyi va turlari bo`yicha guruhlangan bo`lishi kerak. Ishlatilmayotgan asosiy vositalarning inventar kartochkalari alohida guruhlangan bo`lishi kerak.
Asosiy vositalar hisobdan chiqarilganida dalolatnoma tuzilib, uning ma'lumotlari tegishli inventar kartochkalarda qayd qilinadi, so`ngra bu kartochkalar kartotekadan olib qo`yiladi. Amaliyotda, asosiy vositalar obyektlarining qiymati quyidagi xojalik operatsiyalari natijasida subyekt aktivlari tarkibidan chiqib ketadi:
sotilganda;
foydalanish maqsadga muvofiq emasligi sabablariga ko`ra hisobdan
chiqarilganda;
boshqa subyekt va shaxslarga beg`araz berilganida;
boshqa subyektlarning ustav kapitalini shakllantirish uchun ulush sifatidaqo`shilganida;
kamomad yoki yo`qotish aniqlanganda va.h.k.
Audit jarayonida qayta baholash natijasida narxlar oshgan yoki kamaygan summalarining buxgalteriya hisobi schyotlarida aks ettirilishi ham tekshiriladi. Qayta baholanib oshgan summa 0100 - «Asosiy vositalarni hisobga oluvchi schyotlar» ning debeti va 8510 – «Mulklarni qayta baholash bo`yicha tuzatishlar» schyotining kreditiga yoziladi.
Qayta baholangan asosiy vositalar obyektlari bo`yicha tiklanish qiymati inventar kartochkaning rekonstruksiyalash, modernizatsiyalash bo`limida qayd etilgan bo`lishi lozim. Shu bilan birga qayta baholangan eskirish summasi ham inventar kartochkaning tegishli bo`limida aks ettirilgan bo`lishi kerak. Har bir moddiy javobgar shaxs asosiy vositalar obyektlarining analitik hisobini AV-9 shakldagi vedomostda yuritishi kerak. Bunda hamma moddiy javobgar shaxslar bilan belgilangan shaklda va ikki nusxada to`la moddiy javobgarluk to`g`pisida shartnomalar tuzilganligi, shartnomalarning bir nusxasi moddiy javobgar shaxslarning hujjatlar to`plamida, ikkinchi nusxasi esa shu xodimlarning o`zlarida saqlanayotganligi tanlab tekshirilishi lozim.Bulardan tashqari, auditor barcha moddiy javobgar shaxslar asosiy vositalarni o`z javobgarligiga olganligini tasdiqlab, inventarizatsiya vedomostlarida imzo qo`yganliklari hamda asosiy vositalarning keyingi kirimlari esa ularning dastlabki hujjatlardagi imzolari bilan tasdiqlanganini tekshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |