4. Asosiy vositalarga eskirish (amortizatsiya) to`g`ri hisoblanishini tekshirish 5-son «Asosiy vositalar» nomli BHMS ga muvofiq, amortizatsiya eskirishning baholangan xizmat muddati davomida aktivning amortizatsiya qilinadigan qiymatini muntazam taqsimlash va qayta o`tkazish tarzida qiymat ifodasidir. Asosiy vositaning amortizatsiya qiymati taxmin qilinayotgan tugatilish qiymatini chiqarib tashlagan holda, aktivning dastlabki qiymati yoki moliyaviy hisobotlarda ko`rsatilgan qiymat o`rnini bosadigan boshqa qiymatning summasidir.
Auditor asosiy vositalarga eskirishni hisoblashning to`g`riligini tekshirishda o`rnatilgan har oylik eskirishni hisoblash qoidalariga buxgalteriya tomonidan rioya qilinayotganligini aniqlashi lozim. Bunda tekshirish uchun asosiy vositalarga eskirishni hisoblashda to`ldiriladigan 6-shakldagi hisob-kitob jadvali asos bo`lib xizmat qiladi. Auditorga xizmat qilish muddati o`tib, amortizatsiyani hisoblash to`xtatilgan asosiy vosita obyektlarining ro`yxati taqdim etilishi lozim. Agar subyektda tezlashtirilgan amortizatsiya hisoblash mexanizmi qo`llanilsa, ushbu holat uning hisob yuritish siyosatida ko`rsatilgan bo`lishi lozim.
Auditning ushbu blokida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
subyekt hisob siyosatida ko`rsatilgan-asosiy vositalarga amortizatsiya hisoblashqoidalariga rioya qilinishini tekshirish;
amortizatsiya ajratmalarini asosiy vositalarning u yoki bu guruhiga olibborishning to`g`riligini tekshirish;
har oylik amortizatsiya ajratma summalari bo`yicha hisob-kitoblarni tekshirish;
amortizatsiya ajratmalarining hisobda o`z vaqtida va to`g`ri aks ettirilishinitekshirish.
Amortizatsiya ajratmalarini hisoblash va buxgalteriya hisobi schyotlarida aks ettirishning to`g`riligini aniqlash 5-son-«Asosiy vositalar», 21-son-«Xojalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xojalik faoliyati buxgalteriya hisobi schyotlar rejasi va uni qo`llash bo`yicha yo`riqnoma» nomli BHMS lar va mijoz-subyekt hisob siyosati to`g`risidagi buyrug`ining tegishli qismiga muvofiq amalga oshiriladi. Buning uchun subyekt hisob siyosati bo`yicha buyrug`ining qoidalari; asosiy vositalar amortizatsiya hisob-kitobi bo`yicha ishlanma jadvallar ko`rsatkichlaridan foydalaniladi.
Auditor amortizatsiya hisoblashning maxsus shartlari qo`llaniladigan asosiy vositalar obyektlarining ro`yxatini olishi zarur. Bularga xususan quyidagilar kiradi:
xizmat qilish muddati o`tib ketgan asosiy vositalar;
amortizatsiya hisoblanmaydigan asosiy vositalar;
konservatsiyadagi asosiy vositalar;
amortizatsiya hisoblash to`xtatilgan asosiy vositalar;
jadallashtirilgan amortizatsiya usuli qo`llanilayotgan asosiy vositalar;
noishlab chiqarishdagi asosiy vositalar;
moliyaviy lizing shartnomasi bo`yicha olingan asosiy vositalar.
Amortizatsiya ajratmalarining hisoblanishini tekshirish mobaynida auditor amortizatsiya hisoblash usullari (chiziqli usul, kamayib boruvchi qoldiq usuli, foydali ishlatish muddati davomidagi yillari yig`indisi bo`yicha qiymatini hisobdan chiqarish usuli, qiymatni mahsulot (ish) hajmiga mutanosib ravishda hisobdan o`chirish usuli) ga e'tibor berishi zarur.
Asosiy vosita obyektlarining bir xil guruhlari bo`yicha amortizatsiya hisoblashning tanlangan u yoki bu usulini qo`llash uchun foydali xizmat qilish muddati davomida boshqasiga o`zgartirilmasdan amalga oshirilishi lozim. Ammo, soliqqa tortish maqsadida amortizatsiya ajratmalari hisoblash O`zbekiston Respublikasi soliq Kodeksi 23-moddasiga muvofiq asosiy vosita obyektlarining dastlabki qiymatiga nisbatan amalga oshirilishi ham mumkin.
Auditor tanlab tekshirish usuli bilan asosiy vositalarning foydali xizmat qilish muddati to`g`ri belgilanganligini aniqlaydi. Chunki, hisobot davridagi amortizatsiya ajratmalari summasi va amortizatsiya ajratmalari normalarini belgilash shunga bog`liq. Amortizatsiya ajratmalari normalari noto`g`ri belgilangan holatlar aniqlanganida, auditor buning oqibatida mahsulot (ish, xizmat) lar tannarxi qanchalik oshgan (pasaygan) ligini aniqlaydi.
Shunindek, amortizatsiyani hisoblash muddatlarining boshlanish va to`xtatilish muddatlari, hisoblashning muntazamligi, amortizatsiyani hisoblashda pasaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qo`llashning to`g`riligini tekshirish zarur. Amortizatsiya ajratmalari hisob-kitoblarining to`g`riligi tanlab tekshiriladi.
Amortizatsiya ajratmalarini mahsulot (ish, xizmat) lar tannarxiga olib borishning to`g`riligini tekshirish amortizatsiya ajratmalarini auditorlik tekshiruvidan o`tkazishning muhim masalalaridan biri hisoblanadi. Auditor amortizatsiya hisoblanadigan obyektlar asosiy vositalarning qaysi guruhiga (ishlab chiqarish yoki noishlab chiqarish) tegishliligini, asosiy vositalar mahsulot ishlab chiqarish (ish bajarish, xizmat ko`rsatish) da ishlatilayotganligi yoki operativ (qisqa muddatli) lizing shartnomasi asosida berilganligini aniqlashi lozim. Noishlab chiqarish sohasidagi asosiy vositalar bo`yicha hisoblangan amortizatsiya ajratmalari o`z mablag`lari manbalari hisobiga, operativ lizing asosida topshirilganlari bo`yicha esa foyda yoki zararlarga olib boriladi.
Asosiy vositalarga eskirishni hisoblashni hisobga olishda eng ko`p uchraydigan qoida buzilish hollari quyidagilardan iborat:
ayrim subyektlarda asosiy vositalarga eskirishni hisoblash har choraklikda amalga
oshiriladi; soliqqa tortiladigan bazani kamaytirish maqsadida ataylab xizmat muddati o`tib
ketsa ham asosiy vositalarga eskirishni hisoblash davom ettiriladi; asosiy vositalarga asossiz ravishda eskirishning tezlashtirilgan usuli qo`llaniladi
va h.k.
Amortizatsiya ajratmalarini tekshirish mobaynida quyidagi tashkiliy amallar qo`llanilishi mumkin:
asosiy vositalarni hisobga oladigan schyotlar (0110-0199) bo`yicha qoldiqlarniva joriy yilda hisoblangan amortizatsiyani oldingi davrlardagi ma'lumotlar bilan taqqoslash va ularning o`zgarishini baholash;
joriy yilda jamg`arilgan amortizatsiya qoldig`ini oldingi davrlardagi qoldiqlarbilan taqqoslash.
Audit jarayonida asosiy vositalar bo`yicha amortizatsiya ajratmalari hisobot davrida buxgalteriya hisobi ma'lumotlarida to`g`ri aks ettirilganini tekshirish lozim. Asosiy vositalarning ayrim obyektlari bo`yicha ajratmalar buxgalteriya hisobida tegishli summalarni jamg`arish yo`li bilan yoki obyektlarning dastlabki qiymatini kamaytirish yo`li bilan aks ettiriladi.