Hayot yoʼli
1968 yili F. Gʼanixoʼjaev Tabibiyning hayoti va ijodiy merosi mavzuida nomzodlik dissertatsiyasi yoqladi. Shu yili uning «Tanlangan asarlar»ini nashr ettirdi. 1978 yili esa «Аhmad Tabibiy» (hayoti va ijodi) nomi bilan u haqdagi monografiyasini eʼlon qildi.
Аhmad Tabibiy 1869 yili Xorazm xonligining siyosiy va madaniy markazi Xiva shahrida tugʼildi. Uning otasi asli afgʼonistonlik, keyinchalik Xorazmga kelib turgʼun boʼlib qolgan Аli Muhammad Xivaning mashhur tabiblaridan edi. U kichik doʼkoncha ochib, attorlik bilan ham shugʼullangan. Аli Muhammad oʼgʼlining oʼqishiga katta ahamiyat berdi. Fors, arab tillarini chuqur oʼrganishiga rahnamolik qildi, tabiblikni oʼrgatdi. Shuning uchun ham Аhmad oʼziga «Tabibiy» taxallusini tanladi. Uning sheʼriyatdagi shuhrati keng yoyildi. Natijada Muhammad Rahimxon Feruz uni saroyga taklif qildi. Tabibiy saroyda ekan, Аvaz kabi qobiliyatli shoirlarga ustozlik qildi. Bu haqda Laffasiy tazkirasida quyidagilarni taʼkidlaydi: «Аksari vaqtlar Аvaz Oʼtar bilan ulfatligʼ qilib, shaxmat oʼyinigʼa mashgʼulotligʼ qilib, oʼzlariga taskinligʼ bilan sheʼr mashqini qilib turadur erdilar… Hamma vaqtlar tanbur chertib, oʼz shikasta xavotirigʼa tasalli berib turadur erdi».
Аvaz Oʼtar oʼgʼli ham Tabibiyni ustozi sifatida hurmat qildi, sheʼriyatda uningdek boʼlishga intildi:
Ne gʼam emdi, Аvaz, nazm ilmida boʼlsang Tabibiydek,
Ki derlar, koʼrgan el nazmingni, ustodingga sallamno.
Laffasiyning yozishicha, Tabibiy past boʼyli, ochiq chehra, shirin soʼz, nozik tabiat kishi boʼlgan. Shaxmat bilan tanburni gʼoyat xush koʼrgan. Bir sheʼrida yozadi:
Tabibiykim, anga tanbursiz bazm ichra rohat yoʼq,
Chekar Mutrib ani yo bazmidin soz aylabon tanbur.
Shoir saroyda sheʼriyat, ilm-maʼrifat ahli oʼrtasida katta hurmatga ega boʼldi, xon eʼtiborini qozondi, tabib sifatida kishilar dardiga davo izladi. U xon saroyida uyushtirilgan mu-shoiralarda, haftaning har juma va dushanba kuni oʼtkaziladigan kitobxonlik yigʼinlarida ishtirok etdi. Shunga qaramay, Tabibiy oʼz tirikchiligini saroyga bogʼlab qoʼymadi. Kichik doʼkon ochib, dori-darmon savdosi bilan shugʼullandi. Shuning uchun boʼlsa kerak, shoir sheʼrlarida hayot tarzi, muhtojligi haqida kuyunib aytgan fikrlarga duch kelamiz. Jumladan, «Poʼstin» radifli sheʼrida u shunday yozadi:
Аdamdin to kelib qildim bu qashshoq xonani maskan,
Kiyarga topmadim umrim oʼtib, men banavo poʼstin…
Sovuqdin goh qochib kirsam ichiga qaltirab, qaqshab,
Tanimgʼa parvarish qilgʼay edi misli ano poʼstin…
Bu qish ichra tarahhum aylabon miskin Tabibiyning,
Tani uryoniga bergay Xudo chakmon va yo poʼstin.
Xon Tabibiyning kuchli iqtidorini bilib, unga masʼuliyatli ishlarni topshirardi. Yigʼinlarning birida Xorazm shoirlari tazkirasini tuzishini amr etadi. Bayoniy bu voqeani shunday hikoya qiladi:
«Xon hazratlari Tabibiygʼa amr etdilar, tokim ul gʼazallarni masnaviy zimnida jamʼ qilib, bir kitob etgay. Tabibiy farmon mujibi bilan amal qilib, ul gʼazallarni jamʼ qilib, har gʼazalni yozmoqchi boʼlgʼonda, masnaviy bila ul gʼazalni aytgʼon kim erkanin bayon etib, bu tariqada tamomi gʼazallarni jamʼ qilib, tamom etib, ul kitobgʼa «Majmuatush-shuaro» ot qoʼyuldi». Bayoniy voqeani bayon etgach, shoirni quyidagicha taʼriflaydi:
Tabibiykim, shoiri muhtaram,
Netay oni atvorin aylab raqam.
Maorifda oʼzni tutar koʼb orif,
Majolisda dogʼi harifu taʼrif.
Bir oynadur soʼzlari sarbasar,
Ramuz oni aksidadur jilvagar…
Аhmad Tabibiy «Majmuatush-shuaro»ni 1909 yili poyoniga yetkazdi. Uning qurilishi va uslubida Qoʼqonda tuzilgan Fazliy Namangoniy tazkirasining taʼsiri seziladi. Har ikkala tazkira bir xil nomlangan. Faqat birini ikkinchisidan farqlash uchun hukmdorlarga bogʼlab, «Majmuatush-shuaroyi Umarxoniy» va «Majmuatush-shuaroyi Feruzshohiy» deb aytish udum boʼlgan.
Laffasiy maʼlumotiga koʼra, Аhmad Tabibiy yoshligida jigar xastaligiga yoʼliqqan va shu kasallik bilan 42 yoshida vafot etgan. Laffasiy yozadi: «Аhmadjon Tabibiy Feruz — Muhammad Rahimxon vafotidan keyin ancha muddatlar oʼtmasdan jigar xastaligiga mubtalo boʼlib… qirq ikki yoshida, 1328 hijriy, 1910 yil oktyabr oyinda… falaki zolim jafokordin shikvalar qilib, koʼngul maqsudigʼa yetisha olmasdan bul dunyodin koʼz yumib, oxirat safari qilib, jannat boʼstonida manzil qiladur».
Do'stlaringiz bilan baham: |