Jinoyat huquqi fani
tushunchasi
Reja:
1-Kirish
2-Jinoyat huquqi fani predmeti va metodi
3-Jinoyat huquqi vazifalari
4-Jinoyat huquqi prinsiplari
Tayyorladi: J.Abduraimov
Qabul qildi: K.Ilyasov
Jinoyat huquqi fani huquq sohasining bir turi bo‘lib, jinoyat va jazolar
haqidagi ta’limotni o‘z ichiga qamrab oladi. Zamonaviy ta’lim tizimida mazkur fan
o‘rta-maxsus va oliy ta’lim bosqichida tahsil olayotgan talabalarga yurisprudensiya
mutaxassisligi bo‘yicha o‘tiladi.
Jinoyat huquqi fani bu jinoyat va jazo to‘g‘risidagi qarashlar va g‘oyalar
tizimi bo‘lib, jinoyat qonuni, uning rivojlanish tarixi, jinoiy javobgarlik
belgilanishining asoslari, jinoyat uchun jazo tayinlash qoidalari va jinoyat-huquqiy
normalarning ijtimoiy samaradorligini o‘rganishga qaratilgan mustaqil huquq
tarmog‘i hisoblanadi.
Huquqning har bir tarmog‘i mustaqil bo‘lishi uchun u, albatta, o‘zining
predmetiga ega bo‘lishi lozim. Aynan fanning predmeti uning boshqa huquq
tarmoqlaridan farqli jihatlarni ko‘rsatadi.
Jinoyat huquqi fani predmetini jinoyat sodir etgan shaxs hamda davlatning
vakolatli organlari o‘rtasida vujudga keladigan va Jinoyat kodeksi bilan tartibga
solinadigan ijtimoiy munosabatlar tashkil etadi
Shunday ekan, jinoyat huquqi fani predmeti quyidagi o‘ziga xos belgilardan
iborat:
1) jinoyat huquqi fani jinoyat qonuni va uning rivojlanish tarixini o‘rganadi;
2) jinoyat huquqi fani jinoiy javobgarlik va uning asoslarini o‘rganadi;
3) jinoyat huquqi fani jazo va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralari,
ularning tizimi va turlari, ularni tayinlash qoidalarini o‘rganadi.
Jinoyat huquqi fanining maqsad va vazifalari jinoyat huquqining asosiy
masalalari yuzasidan bilim olishni va uning turli institutlarini tahlil etish hamda
baholash uchun zaruriy bilimlar asosini ta’minlash, mantiqiy va tanqidiy fikrlash
ko‘nikmalarini shakllantirish, sud va tergov amaliyotiga doir ma’lumotlar bilan
mustaqil ishlash hamda jinoyat qonunini amalda qo‘llay olish ko‘nikmasini
shakllantirish, talabaning mustaqil ta’lim olishiga ko‘maklashishdan iborat.
Jinoyat huquqi fani metodlari uning predmetiga taalluqli bo‘lgan
tushunchalarni, qonuniyatlarni va mazmunini ochib berishga xizmat qiladigan usul
hamda vositalarni o‘z ichiga qamrab oladi. Jinoyat huquqi fani metodlarini jinoyat
va jazo to‘g‘risidagi normalarni tahlil qilish, ularning retrospektiv rivojlanishini
o‘rganish, jinoyat huquqi institutlari, kategoriyalari va tushunchalarini xorijiy
mamlakatlar jinoyat qonunchiligi bilan qiyosiy tahlil qilish, jinoyat qonuni
normalarini sharhlash va talqin qilish va boshqalar tashkil etadi.
Jinoyat huquqi huquq tizimida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Chunki jinoyat huquqi
fani o‘rganadigan ijtimoiy munosabatlar, huquqning boshqa tarmoqlari bilan
qamrab olingan ijtimoiy munosabatlarni tashkil etadi. Jumladan, huquqning har bir
sohasida amalda bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkazilgan yoki bunday
zarar yetkazilishining real xAfvi mavjud bo‘lganda mazkur munosabatlarning
jinoyat-huquqiy muhofaza qilinishi talab etiladi. Bunday hollarda jinoyat huquqi
boshqa huquq tarmog‘iga oid munosabatlarni muhofaza qilishga kirishadi.
Jinoyat huquqi bir qator huquq tarmoqlari bilan uzviy bog‘liq. Bular
jumlasiga kriminologiya, jinoyat-ijroiya huquqi, ma’muriy javobgarlik, jinoyatprotsessual huquqi, konstitutsiyaviy huquq, fuqarolik huquqi, tadbirkorlik va
biznes huquqi va boshqalar kiradi.
Jinoyat huquqi jinoiy javobgarlik va uning asoslarini o‘rgatsa, Kriminologiya
jinoyatchilik, jinoyatchi shaxsi, jinoyatchilikning sabablari va ularni sodir
etishning shart-sharoitlari, jinoyatchilikning oldini olishni o‘rganishga
bag‘ishlangan. Mazkur fanlarning o‘zaro aloqasi shundaki, ularda jinoyatga
aloqador bo‘lgan barcha xususiyatlar tahlil qilinadi va o‘rganiladi. Jinoyat huquqi
va kriminologiya fanlari jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan bilimlarni berib,
fuqarolarni Konstitutsiya va qonunlarga itoatkor bo‘lishga undaydi.
Jinoyat huquqi fani Jinoyat-ijroiya huquqi fani bilan ham chambarchas
bog‘liqdir. Chunki jinoyat huquqi jinoiy jazo va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir
choralari, ularning tizimi va turlarini o‘rgansa, jinoyat-ijroiya huquqi fani mazkur
jazo hamda choralarni ijro etish tartibi, mahkumlarning huquqiy holati, jazoni ijro
etish muassasalari to‘g‘risida bilim beradi.
Jinoyat huquqi fani Ma’muriy javobgarlik fani bilan uzviy aloqadadir.
Huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlik va jinoyatni sodir
etganlik uchun jinoiy javobgarlik yuridik javobgarlik tizimida o‘xshash belgilarni
qamrab oladi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qirqdan ziyod
normalarida ma’muriy preyuditsiyali jinoyat tarkiblari belgilangan. Ma’muriy
preyuditsiya o‘z tabiatiga ko‘ra muayyan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan
shaxslarni bir yil ichida takroran yana shu qilmishni bir marta sodir etishni o‘zida
ifoda etadi. Bundan tashqari, ma’muriy javobgarlik fani huquqbuzarlik va uni sodir
etganlik uchun qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jazolarni o‘rganadi va bu jihatlari
bilan ham jinoyat huquqi faniga yaqin fan hisoblanadi.
Jinoyat huquqi fani tizimi bu o‘zida o‘zaro mantiqiy va uzviy ketma-ketlikda
jinoyat va jazo haqidagi tushunchalarning joylashishini ifodalaydi. Jinoyat huquqi
fani tizimi Umumiy va Maxsus qismlardan iborat.
Jinoyat huquqining Umumiy qismida jinoyat huquqi fani tushunchasi,
predmeti, vazifalari va prinsiplari, jinoyat qonuni, jinoyat tushunchasi, jinoiy
javobgarlik va uning asoslari, jinoyat tarkibi, tamom bo‘lmagan jinoyatlar,
jinoyatda ishtirokchilik turlari va shakllari, bir qancha jinoyat sodir etish,
qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi va turlari, jazo
tushunchasi, maqsadi, tizimi va turlari, jazo tayinlash, jazodan ozod qilish
tushunchasi va turlari, voyaga yetmaganlar javobgarligining xususiyatlari va tibbiy
yo‘sindagi majburlov choralarini tayinlash asoslari va tartibini o‘rganishga
bag‘ishlangan.
Jinoyat huquqining Maxsus qismida esa jinoyat huquqi Maxsus qismi
tushunchasi, vazifasi, predmeti va tizimi, jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishning
ilmiy asoslari, O‘zbekiston Respublikasining jinoyat qonunini
takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari va alohida turdagi jinoyatlarni
kvalifikatsiya qilish (masalan, hayotga qarshi jinoyatlar, sog‘liqqa qarshi
jinoyatlar, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli jinoyatlar, o‘zgalar mulkini talon-toroj
qilish bilan bog‘liq, iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar, tadbirkorlik faoliyatiga
to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz
qiladigan jinoyatlar va boshqalar)ni o‘rganishga bag‘ishlangan.
Jinoyat kodeksi prinsiplari jinoyat huquqi va uning alohida institutlari
(jinoyat va jazo to‘g‘risidagi ta’limot)ning mazmunini hamda jinoyat huquqi
normalarida belgilangan nazariy-amaliy g‘oyalarni o‘zida ifoda etadi.
Jinoyat kodeksi prinsiplari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi
3-moddasida keltirib o‘tilgan yettita prinsipdan iborat. Bular qonuniylik,
fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik, ayb
uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplaridir.
Qonuniylik prinsipi deganda sodir etilgan qilmishning jinoiyligi, jazoga
sazovorligi va boshqa huquqiy oqibatlari faqat Jinoyat kodeksi bilan belgilanishi
tushuniladi. Bu qoidaga muvofiq, shaxsni jinoiy javobgarlikka tortilishi uchun asos
bo‘lib xizmat qiladigan jinoyat tarkibi Jinoyat kodeksining Maxsus qismi
normalarida aks etganligi, jinoyatni sodir etgan aybdor shaxsga faqatgina Jinoyat
kodeksi 43-moddasida belgilangan jazolar qo‘llanilishi va jinoyat natijasida kelib
chiqadigan huquqiy oqibatlar (masalan, sudlanganlik holati) faqat Jinoyat kodeksi
bilan tartibga solinishini anglatadi.
Shuningdek, qonuniylik prinsipiga asosan hech kim sudning hukmi bo‘lmay
turib jinoyat sodir qilishda aybli deb topilishi va qonunga xilof ravishda jazoga
tortilishi mumkin emas. Jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxs qonunda
belgilangan huquqlardan foydalanadi va majburiyatlarni bajaradi. Mazkur huquq
va majburiyatlar Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan.
Fuqarolarning qonun oldida tengligi prinsipi Jinoyat kodeksining
5-moddasida belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra jinoyat sodir etgan shaxslar jinsi, irqi,
millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan
qat’i nazar, bir xil huquq va majburiyatlarga ega bo‘lib, qonun oldida tengdirlar.
Mazkur prinsipga rioya qilgan holda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud
jinoyat sodir etgan shaxsni javobgarlikka tortishda va unga nisbatan jazo
tayinlashda uning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi,
shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, Jinoyat kodeksi normalarini teng
qo‘llaydi.
Jinoyat kodeksidagi demokratizm prinsipi deganda, jamoat birlashmalari,
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki jamoalar jinoyat sodir etgan
shaxslar axloqini tuzatish ishiga qonunda nazarda tutilgan hollarda jalb qilinishlari
mumkinligi tushuniladi. Mazkur prinsipga asosan, jamoat birlashmalari,
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoalar jinoyat sodir etgan
shaxslar axloqini tuzatishda ishtirok etishi (masalan, aybdor shaxs tomonidan
tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosini ijro etishda) mumkin.
Jinoyat kodeksida insonparvarlik prinsipi asosan jinoiy jazoni tayinlash va
uni ijro etish bilan bog‘liqdir. Mazkur prinsipga ko‘ra jinoiy jazo va boshqa
huquqiy ta’sir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish
maqsadini ko‘zlamaydi. Chunki Jinoyat kodeksining 42-moddasi ikkinchi qismiga
muvofiq jazoning maqsadi mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatni
davom ettirishiga to‘sqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek boshqa shaxslar
tomonidan yangi jinoyat sodir etishining oldini olishga qaratilgan. Insonparvarlik
prinsipiga tayangan holda sud jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan
tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli
bo‘ladigan jazo tayinlashi yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasini qo‘llashi kerak.
Jazolashdan ko‘zlangan maqsadga Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli
moddalarida nazarda tutilgan yengilroq choralarni qo‘llash orqali erishib
bo‘lmaydigan taqdirdagina og‘irroq jazo choralari tayinlanishi mumkin.
Jinoyat kodeksida odillik prinsipi deganda jinoyat sodir etishda aybdor
bo‘lgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi
odilona bo‘lishi, ya’ni jinoyatning og‘ir-yengilligiga, aybning va shaxsning
ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerakligi tushuniladi. Jinoyatning
og‘ir-yengilligi deganda, Jinoyat kodeksining 15-moddasida belgilangan
jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyatiga ko‘ra tasniflangan ijtimoiy
xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning
biri tushuniladi. Masalan, mazkur qoidaga (odillik prinsipi) amal qilgan holda
Jinoyat kodeksiga muvofiq (85-modda) voyaga yetmay turib ijtimoiy xavfi katta
bo‘lmagan jinoyat sodir etgan, ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etgan yoxud
qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan ozodlikdan
mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanmaydi. Jinoyat sodir etishda aybdor
bo‘lgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi
aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerakligi
deganda, aybning qasd (egri va to‘g‘ri) yoki ehtiyotsizlik orqasidan (o‘z-o‘ziga
ishonish va jinoiy beparvolik) sodir etilishi yoxud jinoyat retsidivist, xavfli
retsidivist, o‘ta xavfli retsidivist yoki muqaddam sudlangan shaxs tomonidan sodir
etilganligi tushunilishi mumkin.
Ayb uchun javobgarlik prinsipiga muvofiq shaxs qonunda belgilangan
tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishlari uchungina javobgar bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 81-moddasiga muvofiq
ijtimoiy xavfli qilmishning yuz bergan-bermaganligini, shu qilmishni sodir etgan
shaxsning aybli-aybsizligini va ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga molik
boshqa holatlarni surishtiruvchining, tergovchining va sudning qonunda
belgilangan tartibda aniqlashiga asos bo‘ladigan har qanday haqiqiy ma’lumotlar
jinoyat ishi bo‘yicha dalil hisoblanadi. Bu ma’lumotlar guvohning,
jabrlanuvchining, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining
ko‘rsatuvlari, ekspertning xulosasi, ashyoviy dalillar, ovozli yozuvlar,
videoyozuvlar, kinotasvir va fotosuratlardan iborat materiallar, tergov va sud
harakatlarining bayonnomalari va boshqa hujjatlar bilan aniqlanadi. Shunday ekan,
shaxsning ayblilik masalasi yuqorida qayd etilgan dalillar asosida isbotlanishi
lozim.
Javobgarlikning muqarrarligi prinsipi Jinoyat kodeksining muhim
prinsiplardan biri hisoblanadi. Unga ko‘ra, qilmishida jinoyat tarkibining
mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart. Ya’ni Jinoyat
kodeksining 16-moddasiga muvofiq Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyat
tarkibining barcha alomatlari mavjud bo‘lgan qilmishni sodir etgan shaxs
javobgarlikka tortilishi lozim. Mazkur prinsipning o‘ziga xos xususiyati shundaki,
jinoyat sodir etgan har qanday shaxs qonun oldida javobgarligini o‘zida aks
ettiradi. Shu bilan birga, jinoyat sodir etgan shaxsni javobgarlikka tortilishi shart
degani unga nisbatan jazo tayinlanishi muqarrarligini anglatmaydi. Masalan,
Jinoyat kodeksining 64–68-moddalari javobgarlikdan ozod qilish,
69–76-moddalarida jazodan ozod qilish kabi normalar belgilangan. Shunday ekan,
javobgarlikning muqarrarligi jazo muqarrarligidan kengroq tushuncha bo‘lib,
jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan jazo tayinlashni
anglatmaydi.
TEST
Jinoyat kodeksi vazifalari jinoyat kodeksining qaysi moddasida keltirilgan?
JK 8-modda
JK 2-modda
JK 5-modda
JK 3-modda
Jinoyat kodeksi necha qismdan
Iborat?
2 qismdan
4 qismdan
5 qismdan
3 qismdan
JK qachon qabul qilingan?
1994-yil 15-sentyabr
1995-yil 17-noyabr
1993-yil 13-dekabr
1994-yil 22-sentyabr
Ijtimoiy xavfli qilmishni jinoyat deb hisoblash uchun zarur bo’lgan jinoyatning nechta belgilari bo’lishi zarur?
5 ta
6 ta
4 ta
3 ta
JK si necha prinsipdan iborat?
7 ta
6 ta
5 ta
4 ta
Do'stlaringiz bilan baham: |