Sinfdan tashqari tadbirlarni samaradorligini oshirish.
Tabiat ob‘ektlari va hodisalari to’g’risida to’g’ri tushuncha hosil qilish uchun avval ular ustida kuzatish, keyin ularning tasvirini (surat, jadval, xarita, sxema) qarab chiqish, o’qituvchining hikoyasi yoki suhbatini eshitish va olingan tushunchani darslik bo’yicha mustahkamlash kerak. O’qituvchining maqsadga yo’nalgan ishi tushunchalarning muvaffaqiyatli shakllanishiga yordam beradi.
Yakka tabiatshunoslik tushunchalarini shakllantirish. Yakka tushunchalar - bu yoki boshqa narsalarga, hodisalarga xos bo’lgan yakka belgilardir. Agar umumiy tushunchalar atamalar bilan mustahkamlansa, yakka tushuncha esa nomlar yoki shaxsiy ism bilan ifodalanadi, chunki uning nomida boshqa ob‘ekt bo’lmaydi.
O’quvchilar e‘tiborini ob‘ektning umumiy tushuncha bilan bog’lanishiga qaratmoq, ya‘ni ob‘ektning yakka xususiyatini ta‘kidlamoq zarur; agar u geografiya ob‘ekti bo’lsa, unda ob‘ektga fazoviy xarakteristika berish, ya‘ni joylashgan o’rnini xaritadan aniqlash kerak.
Tabiatshunoslik tushunchasini shakllantirishda uncha umumiy bo’lmagan tushunchalardan ancha umumiyroq, tushunchalarga olib keladigan mashqlar katta ahamiyatga molikdir. Masalan, tur doirasidagi “bo’ri”, “tulki”, “yo’lbars”, “sher” tushunchalari avlod doirasidagi “Yirtqichlar” tushunchasiga kiradi. Bunda farq ettiruvchi xususiyatlar (tur belgilari): junlarining rangi, tana tuzilishi, harakatlanish xususiyatlari shu hayvonlarning tashhi ko’rinishidayoq ma‘lum bo’ladi. Ularning umumiy avlod doirasidagi belgisi boshqa hayvonning go’shti bilan oziqlanish qobiliyatidir. O’quvchilarni avlod doirasidagi belgilarni tur doirasidan farq qilishga o’rgatish uchun har bir tushuncha aniq ifodalangan va aniq belgilarni o’zida saqlagan bo’lishi kerak.
Yakka tushunchalarni shakllantira borib, umumiy tushunchani ochishga alohida e‘tibor berish lozim. Chunonchi, “daryo” umumiy tushunchasini shakllantirish uchun uni kuzatish, tahlil qilish va umumlashtirish jarayonida uning muhim belgilarini ajratish kerak. Buning uchun o’qituvchi xaritadan Sirdaryo, Amudaryo, Chirchiq daryolarini ko’rsatishi, ya‘ni yakka tushunchalar berishi va bolalardan nimalar umumiy ekanligini so’rashi mumkin (ularning hammasi oqimga, boshlanish va quyilish joyiga, irmoqlarga, o’ng va chap qirg’oqlariga ega). Shu belgilar asosida “daryo” umumiy tushunchasi shakllantiriladi.
Tabiatshunoslik darslarida yakka tushunchalardan tashqari yig’ma tushunchalar ham shakllantiriladi. Ular umumiy belgilarga ega bo’lgan yakka tushunchalardan tarkib topadi. Masalan, cho’llar uchun xos o’simliklar (saksovul, qum akatsiyasi, yantoq) ni bir territoriyada bo’lishi va umumiy belgilari (uzun ildizlari, yirik barg plastinkalarining yo’qligi, tikanlarining bo’lishi) ni birlashtiradi.
Tabiatshunoslik tushunchalarini samarali o’zlashtirilishini ta‘minlovchi metodik sharoitlar. O’quv materialini o’quvchilar tomonidan puxta o’zlashtirmaslik hollari ham kam emas. Buning sababi shundaki, ularning bilimlari tasavvurlar darajasida qolgan. Bu darsda yoki bir mavzu bo’yicha shakllantirilgan tushunchalar keyinchalik rivojlantirilmaydi va boshqa tushunchalar bilan bog’lanmaydi. Tushunchalarni rivojlantirishning zarur sharoiti sistemadir. Jumladan, tabiatshunoslik tushunchalarining hosil bo’lishi muayyan metodik sharoitlarda amalga oshadi. Chunonchi, tabiiy ob‘ektni kuzatishlar, qabul qilishni aniqlovchi mashqlar; o’qituvchining hayajonli hikoyasi qabul qilishning to’g’ri bo’lishini ta‘minlaydi. O’qituvchining savollari xotiradan rasm chizish, har xil narsalarni tanib olish bo’yicha mashqlar tasavvurlarning to’g’ri bo’lishiga yordam beradi. Muammoning aniq qo’yilishi: o’qituvchi tomonidan o’quv materialini bayon qilish mantiqi; aniqlash va taqqoslash bo’yicha mashqlar; tushunchalarni bog’lovchi va rivojlantiruvchi takrorashsh sistemasi; umumlashtirishni talab qiluvchi savollar; tushunchalarni o’quv va ko’nikmalar bilan bog’lovchi savollar tushunchalarning to’g’ri bo’lishini ta‘minlaydi.
Tabiatshunoslik tushunchalari bevosita qabul qilish - kuzatishlarga asoslanib, o’rganilayotgan narsa yoki hodisa to’g’risida aniq va ravshan tasavvur hosil qilingan sharoitda to’g’ri bo’lishi mumkin. Tushunchani birlamchi tarzda hosil bo’lishida ob‘ektlar va ko’rgazmali materialning har xil turlari (jadvallar, sxemalar, suratlar va hk) katta ahamiyatga egadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |