2-bob. Davlat organlarining dori vositalari va farmatsevtika faoliyati sohasidagi vakolatlari
5-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining dori vositalari va farmatsevtika faoliyati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
dori vositalari va farmatsevtika faoliyati sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
dori vositalari va farmatsevtika faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi hamda ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining dori vositalari hamda farmatsevtika faoliyati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(5-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining dori vositalari va farmatsevtika faoliyati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
dori vositalari va farmatsevtika faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
Asosiy dori vositalari ro‘yxatidagi dori vositalarining, shuningdek tibbiy buyumlarning davlat buyurtmasini shakllantiradi va ularning davlat tibbiyot muassasalarida mavjud bo‘lishi ustidan nazoratni ta’minlaydi;
farmatsevtika faoliyatini litsenziyalashni (oftalmologiya tibbiy buyumlarini chakana realizatsiya qilish (optika) bundan mustasno) belgilangan tartibda amalga oshiradi;
(6-modda birinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
ayrim toifadagi shaxslarga dori vositalarining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda imtiyozli berilishini ta’minlaydi;
dori vositalari va tibbiy buyumlar sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tasdiqlaydi;
Davlat farmakopeyasini tasdiqlaydi va chop etadi;
dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini, sifati nazorat qilinishini, standartlashtirilishini va sertifikatlashtirilishini amalga oshiradi;
tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni realizatsiya qilish, berish, taqsimlash, saqlash hamda hisobga olish tartibini, shuningdek etil spirtini realizatsiya qilish, berish, saqlash va hisobga olish tartibini belgilaydi;
Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestrini yuritadi hamda vaqti-vaqti bilan e’lon qiladi;
dori vositalari va tibbiy buyumlarning zararli ta’sirini tasdiqlovchi faktlar mavjud bo‘lgan taqdirda ularning ishlab chiqarilishini, tayyorlanishini, import qilinishini, realizatsiya qilinishini to‘xtatib turadi. Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini to‘xtatib turishga olib keladigan dori vositalarining, tibbiy buyumlarning ishlab chiqarilishini va tayyorlanishini to‘xtatib turish (favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa haqiqiy tahdid yuzaga kelishining oldini olish munosabati bilan dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarilishini hamda tayyorlanishini o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish hollari bundan mustasno) sud tartibida amalga oshiriladi;
farmakologik nazoratni amalga oshiradi;
Kam uchraydigan kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan orfan dori vositalari ro‘yxatini, Kam uchraydigan (orfan) kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlar ro‘yxatini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
(6-modda birinchi qismining o‘n uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 21-iyuldagi O‘RQ-629-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 03/20/629/1087-son)
o‘ta xavfli infeksiyalar, shuningdek epidemiologik jihatdan xavf tug‘diruvchi infeksiyalar profilaktikasida, ularga tashxis qo‘yishda va ularni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikani yetkazib berish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining buyurtmasini shakllantiradi;
(6-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 21-iyuldagi O‘RQ-629-sonli Qonuniga asosan o‘n to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 03/20/629/1087-son)
Retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlaydi;
Asosiy dori vositalari ro‘yxatini ikki yilda kamida bir marta ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Tibbiy buyumlar ro‘yxatini tasdiqlaydi.
.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(6-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |