Kishilarning dastlabki uyushmasi umumiy mehnat, mulk, qon-qarindoshlikka asoslangan tashkilotlarga bo’lingan. Bu tashkiliy tuzilish urug’ deb atalgan. Urug’ kishilarning shaxsiy uyushmasi bo’lgan. Urug’ni obro’-e’tiborli, izzat-hurmatga sazovor shaxs ijtimoiy asosda boshqargan va kishilar ustidan hokimlik qilgan. Ushbu hokimiyat ijtimoiy hokimiyat bo’lib, jamiyatni tartibga soladi. Hokimiyat tufayli jamiyat hayotida sodir bo’ladigan ijtimoiy munosabatlar tartibga solinadi va ular ma’lum bir maqsad va vazifalarning bajarilishiga yo’naltirilgan bo’ladi.
Jamiyatning ilk davrida hokimiyatning oliy organi barcha urug’ a’zolarining yig’ini, majlisi bo’lgan. Urug’ rahbari-oqsoqolning urug’ga rahbarlik qilishi imkoniyatlari cheksiz bo’lgan. U zarur bo’lganda urug’ a’zolarining umumiy yig’ilishlarida muhim masalalarni hal qilgan. Ayrim qoida va odat normalarini buzganlarga nisbatan chora ko’rgan.
Urug’larning ko’payishi, hayotning rivojlanishi insoniyat tomonidan kashf etilgan jamiyatning yangi tarixiy bosqichga o’sib o’tishiga olib keldi. YAngi brsqichning o’ziga xos xususiyati davlat va huquqning paydo bo’lishidir.
Jamiyat- (arabcha “jamiyat”-jamlangan, birlashgan). Keng ma’noda: tarixan qaror topgan, muayyan ehtiyoj va manfaatlar asosida o’zaro birlashgan guruhlar sinflar, qatlamlar. faoliyatlarining majmuidir. Tor ma’noda: ijtimoiy munosabtlarning muayyan shaklidir.
Jamiyat va davlatni aynan bir narsa deb qaramaslik lozim, jamiyat tushunchasi davlat tushunchasiga qaraganda keng ma’noni ifodalaydi.
Davlat paydo bo’lguniga qadar jamiyatda ijtimoiy hokimiyat bo’lib, uning o’ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
Ijtimoiy hokimiyat faqatgina urug’ doirasida amal qilgan va qon-qarindoshlik urug’ning irodasini ifoda etgan;
Ijtimoiy hokimiyat ilk demokratiyaga asoslangan bo’lib, o’z-o’zini boshqarishni amalga oshirgan;
Ijtimoiy hokimiyatning organi bo’lib, oqsoqollar, harbiy boshliqlarning urug’ yig’ini bo’lgan;
Davlat paydo bo’lguniga qadar jamiyatda munosabatlar ijtimoiy normalar bilan tartibga solingan;
Ijtimoiy munosabatlar urf-odat qoidalari bilan tartibga solingan;
Ijtimoiy normalar kishilarning ongida va ularning xulqida namoyon bo’lgan;
Ijtimoiy qabila va urug’ a’zolarining qiziqishini ifoda etgan va uni yozib qo’yilmagan;
Ijtimoiy normalar asosan odat kuchi bilan ta’minlangan, shuningdek, ishontirish (e’tiqod) va majburlash choralari bilan amalga oshirilgan;
Normalar asosan taqiqlash usuli bilan ta’minlangan.