Xalqaro tajriba.
Xorijiy mamlakatlar tajribasi mahalliy mehnat bozori talablariga muvofiq kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha davlat idoralari va ta'lim muassasalarining yaqin hamkorligini, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarida piar-aksiyalarni tashkil etishni ta'minlaydi.
Masalan, Yevropa mamlakatlarida davlat fuqarolik xizmatida iqtidorli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirish maqsadida universitet bitiruvchilariga davlat idoralari va tashkilotlarida ixtisoslik bo‘yicha maosh to‘lanadigan amaliyot o‘tash (stajirovka) va ko‘ngillilar dasturlardan o‘tish imkoniyati berilmoqda.
Singapurda iqtidorli kadrlarni jalb qilish maqsadida davlat fuqarolik xizmati sohasida mehnat faoliyatini boshlashga qaror qilgan eng yaxshi o‘rta maktab bitiruvchilariga davlat grantlari ajratiladi. Grant sovrindorlari mazkur to‘rt yillik boshqaruv menejmentini rivojlantirish mutaxassislik bo‘yicha dastur orqali tegishli ta'lim olishadi. Ammo, yosh mutaxassis, agar 35 yoshga qadar, masalan, vazir o‘rinbosari bo‘lishligi imkoniyatini namoyish etmasa, u ushbu holatlarda davlat xizmatidan ketishi tavsiya etiladi.
Qozog‘istonda davlat apparatida yuqori darajadagi rahbar lavozimlarga tayyorgarlik ko‘rish va targ‘ib qilish maqsadida turli sohalardan istiqbolli kadrlarni jalb qilishga qaratilgan "Prezidentning yoshlar kadrlar zahirasi" loyihasini amalga oshirish boshlandi.
Davlat organlarda qanday kadrlarga talab mavjud?
Mehnat bozorida yuqori kasbiy mahoratga, intellektual va ijodiy salohiyatga ega, yaxshi bilim darajasi va AKT savodxonligi, odob-axloqiy fazilatlarga ega, jamoada ishlashga va nostandart qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan yosh va shijoatli kishilarga talab ortib bormoqda. Ma'lumki, malakali kadrlar mamlakatning raqobatdoshligi va xalqaro obro‘sining ko‘rsatkichini belgilab beradi.
Joriy yil fevral' oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil qilingan “Kelajak liderlari” nomli maxsus malaka oshirish dasturi o‘z ishini boshladi. Mazkur kurs davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta bo‘g‘in boshqaruv rahbarlari orasidan (21-30 yoshdagi) yangi avlod rahbar kadrlarini shakllantirishga yo‘naltirilgan. Tinglovchilar qariyb 2 oy davomida zamonaviy ta'lim usullari asosida nafaqat Akademiya professor o‘qituvchilari balki, vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan ham o‘tiladigan o‘quv-treninglarda qatnashadilar. Ularga Liderlik, Jamoani shakllantirish, Taym-menejment, Loyiha boshqaruvi, Strategik tahlil, Nizolarni boshqarish, Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish kabi fanlardan saboq oladilar. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikat taqdim qilinadi, lavozimda o‘sishi monitoring qilinadi hamda milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
Bundan tashqari, dastlab Samarqand viloyatida “Kelajak liderlari” klub faoliyati pilot loyiha sifatida tashkil etildi. “Kelajak liderlari” klubi a'zoligiga e'lon qilingan tanlovga 20-35 yosh oralig‘idagi 518 nafar hujjat topshirgan nomzodlardan hujjatlarni saralash, test, insho yozish va suhbat bosqichlari natijalariga ko‘ra 50 nafar g‘olib tanlab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 iyundagi O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida respublika miqyosida klubga a'zolik uchun tanlov e'lon qilindi. Respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilayotgan “Kelajak liderlari” klubiga a'zolik uchun 20-35 yosh oralig‘idagi 6246 nafar yosh davlat fuqarolik xizmatchilari va talabalar ro‘yxatdan o‘tdi.
Nomzodlarni hujjatlarini malaka talablariga ko‘ra saralash, test, insho yozish va suhbat o‘tkazish kabi sinov bosqichlaridan iborat tanlovlarning eng so‘nggi natijasiga ko‘ra respublikaning har bir hududidan 50 nafardan g‘olib tanlab olindi.
Asosiy maqsad – faol, tashabbuskor, kreativ va teran fikrlaydigan, mustaqil fikr va dunyoqarashga ega iqtidorli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga keng jalb etishdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |