Foydalanilgan adabiyotlar:
Sarimsoqov B. Badiiylik asoslari va mezonlari. Toshkent, “Fan”, 2004
Behzod Fazliddin. Rauf Parfi she’riyatida shamol obrazi. “Uluslararası türk dünyası araştırmaları”// 2018
Rauf Parfi. Turkiston ruhi. Saylanma. Toshkent, “Sharq”, 2013.
Behzod Fazliddin
SO’Z SALTANATI
(Rauf Parfi poetik olamiga bir nazar)
Rauf Parfi yangi o’zbek she’riyatida ijodi eng ko’p bahs-munozaralarga sabab bo’lgan shoirlardan. Bu nainki uning o’ziga xos, bir qarashda o’ta g’alat fe’l-atvori aks etgan ijodiyoti, balki she’rlaridagi ayricha ma’no tovlanishlari, shakl va ifoda vositalariga ham aloqador.
O’tgan asrning 60-yillari adabiyotimizda Rauf Parfi degan jiddiy poetik hodisa ro’y berdi. Shoir “Eng uzoq yozilgan tarjimai hol”ida birinchi “she’riy asar”ini 1953 yilning 5 martida (10 yoshida) yozganini aytadi. “Endi qanday yashaymiz?” sarlavhali bu marsiya-she’r badiiy saviyasi, kimga bag’ishlanganidan qat’i nazar, murg’ak yurakning tub-tubidan otilib chiqqan nido – rost qayg’u ekaniga shubha yo’q. Shoir ilk ijodini marsiyadan boshlagani bejiz emasdir. Bu hazin (g’amgin emas!) raufona ohang shoir sifatida shakllangandan keyin ham uning butun ijodiga xos belgi bo’lib qoldi. Rauf Parfining turfa mavzu, turli yo’nalishdagi she’rlarida ana shu mungli ohangni ilg’ash qiyin emas.
Asqad Muxtor “Sharq yulduzi” jurnalida shoirga oq yo’l tilab yozgan so’zboshisida Rauf Parfi hech kimnikiga o’xshamagan ovoz bilan kuylay boshlaganini e’tirof etadi. Lekin “ayni paytda unda Usmon Nosir ruhini, Hamid Olimjon sururini, Cho’lpon g’ussasini, Oybek zakosini tuyish mumkin”( Mirpo’lat Mirzo) edi.
Rauf Parfi she’riyatimizga dastlab yomg’ir ohanglari bilan kirib keldi. Uning ilk she’rlari dilga surur baxsh etguvchi yomg’ir navolariday yoqimli, qor parchalari misol nafis, tabiatning o’zidek jozib edi. Ya’niki, ijodining dastlabki pallalarida u ko’proq romantikaga moyil oshiq, yaproqlar shivirini tinglay biladigan sohir qalb sohibi, derazasi yoniga qo’ngan g’arib va parishon qushcha holiga yig’laydigan ko’ksi tiniq nozikta’b shoir yigit edi. Avvalgi she’rlarida tuyg’ular, ehtiroslar daryosi to’lib-toshib mavj ursa, 80-yillardan boshlab asarlarida bezovta Ruh, Tafakkur tug’yonlari yetakchilik qiladi. Yana boshqacharoq aytganda, uning to’ng’ich she’rlari intim lirikaning nodir namunalari bo’lsa, keyingi ijodida falsafiy-intellektual yo’nalish ustuvorlik kasb etdi.
Shoir o’sha paytlariyoq “bir telbalik ruhiga hokim” ekanini anglab yetgan edi. Ammo bu qanday telbalik? U umr bo’yi shu savolga javob izladi. “Bir qushcha sayraydi mening ruhimda”, deb yozadi bir she’rida. Lekin bu qushchaning ismini bilmaydi. Yillar o’tib, davr dolg’alari, tuzum to’fonlari aro o’sha qushchaning sayrog’i yanada kuchayib, ovozi tiniqlashdi va shoir bu ruh qushining nomini topgandek bo’ldi. Uni cheksiz zulmu adolatsizliklardan ko’ksi qonga to’lgan ona Turkiston deb, erki toptalgan qutlug’ makonga, shuning barobarida, dunyodagi jaholat tig’idan yuragi tilka-pora bo’lgan jamiki yurtlarga hamdard, ammo chorasiz Inson, isyonkor Ruh deb ham atash mumkin. Bir so’z bilan Hurriyat deb atalsa, xato bo’lmas.
“Rauf Parfi har bir she’rida odamning murakkab ruhiy dunyosidagi biron holatni tutib olib, suratlaydi. Bu – qiyin ijodiy protsess. Lekin Raufning satrlarida bu qiynalish bilinmaydi, ular go’yo oson ko’chgandek ravon, tabiiy, samimiy. Bu she’rlarda deklarativlik ham, nasihat ham, illyustratsiya ham, didaktiv yalang’ochlik ham yo’q. Ular shoirning zavq dunyosidan tug’ilgan. Agar bu dunyo tobora kengaysa, to’lqin ursa, insoniy ehtiros va grajdanlik hislari bilan yanada boyisa, Rauf Parfi, shubhasiz, hassos shoir bo’ladi”. (Sharq yulduzi. 1966 yil 1-son, 137-bet.) Ustod adib Asqad Muxtorning bu fikrlari, albatta, Rauf Parfi ijodi haqidagi dastlabki tiniq taassurotlar edi. Shoirning navbatdagi to’plamlarida uning hech kimnikiga o’xshamagan ovozi tobora dadillasha bordi. Hassos shoir bo’lishiga umid bildirilgan Rauf Parfi ijodi haqida Asqad Muxtor oradan sal kam 20 yil o’tib shunday yozadi: “Rauf Parfi – yaralari ochiq, dardli shoir. Unda hazinlik ko’p, ora-chora shunchaki marsiya ham yozib tashlaydi, tushkunlik alomatlari ham uchraydi. Men buni shoirning aybiga yo’ymasdim. Shoir insoniy dardlardan xoli bo’lolmaydi. Rauf Parfi esa, shoir sifatida, o’zligini to’laroq ifodalashga intiladi, shu ma’noda ro’yirost”. (“O’zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1984 yil 20 yanvar`.) “She’r – shoirning ijtimoiy vijdoni” sarlavhali mazkur maqolada Asqad Muxtor Rauf Parfi ijodini yetarlicha tahlil qilib berdi, shoirni ayrim g’oyabozlardan himoya etib, u haqdagi eng asosiy gapni ayta oldi: “Rauf Parfi hissiyot vositasida tafakkur qiluvchi, kuchli, behalovat shoir”.
Rauf Parfi hali yosh shoir “tamg’a”sidan qutulmay turib she’riyatimizda shakliy yangiliklar qilib ulgurgandi. A-b-a-b-a tartib-shaklidagi she’rlari, yapon she’riyatidan ilhom olgan eksperimentlari – xokku-uchliklari, ayniqsa, san’atkorona sonetlari shunday deyishga asos beradi. To’g’ri, shoir ijodida bu yo’nalishlarning barchasi ham muvaffaqiyatli chiqmadi. Biroq keyingi davr she’riyatini yaratajak avlod badiiy tafakkuriga kuchli ta’sir ko’rsatdi. Nazarimizda, o’z davrining ilg’or fikrli adibi Asqad Muxtor Rauf Parfidagi ana shu jihat – poeziyaning imkoniyatlarini kengaytirish, dunyo mumtoz madaniy sarchashmalaridan oziqlangan nodir asarlar yaratish, o’z navbatida, adabiyotimizni jahoniy miqyosga olib chiqish borasidagi dadil qadamlariga ko’proq xayrixoh edi. Jahon xalqlari poeziyasidan yetarli darajada boxabar shoir “Karvon yo’li” (1968), “Aks sado” (1970), “Tasvir” (1973), “Xotirot” (1975), “Ko’zlar” (1978), “Qaytish” (1981), “Sabr daraxti” (1986) kabi to’plamlari bilan yangi o’zbek she’riyatini ustozi orzu qilgan ana shu cho’qqiga olib chiqdi.
Rauf Parfi ijodida she’r asl san’at darajasiga ko’tariladi. Hazmi oson “adabiyot”ga o’rgangan kitobxon uning she’rlaridan uch-to’rttasini o’qib “zerika” boshlasa ham, ajab emas. Bu she’rlarni qayta-qayta o’qish, ma’no jilvalarini kashf eta bilish kerak. Buning uchun o’quvchi ma’lum tayyorgarlikka ega bo’lishi lozim.
Rauf Parfining chop etilgan to’plamlari jamlansa, hajman u qadar katta merosni tashkil etmaydi. Ammo har ishda mohiyatni anglashga intilgan shoirning kaftdek kitobchalari milliy she’riyatimiz, adabiyotimiz taraqqiyotida o’z o’rniga ega. Jahon adabiyoti nodir namunalaridan qilgan tarjimalari ham alohida hodisa. Rauf Parfi Bayronning “Manfred”, Nozim Hikmatning “Inson manzaralari”, Mahmud Hodiyning “Ozodlik lavhalari”, Karlo Kaladzening “Dengiz xayoli”, Aleksandr Dyumaning “Uch sarboz”, Aleksandr Tvardovskiyning “Xotira huquqi” asarlarini, Bertold Brext, Yohannes Bexer, Pablo Neruda hamda zamonaviy turk shoirlari she’rlarini o’zbek tiliga mohirona tarjima qilgan.
Negadir aksariyat manbalarda, hatto, o’z to’plamlarida ham, shoirning bir necha “tug’ilgan yili” bor, kitoblari nashr qilingan yillarda chalkashliklar mavjud. Bu ham bejiz bo’lmasa kerak. Go’yo Rauf Parfining bizning ko’zimiz bilan qaraganda o’ta tartibsiz tuyulgan hayotiga ishora qilinayotgandek. (G’alati paradoks, shoir barcha qoliplarni inkor etgan holda ich-ichdan o’ta tartibli ijodiy hayot kechirgan ekan!)
Rauf Parfi – tuyg’ularni suvratlantira olguvchi mohir rassom, tabiat tilining tarjimoni, shu bilan birga, zakiy, hassos mutafakkir. Uning she’rlari ham mana shu ikki qutb tevaragida tutashadi; biri-biridan ulgi oladi. So’z musavviri Rauf Parfi she’rlarida kuzgi bog’lar shiviri eshitiladi, shamollar shovullaydi, yulduzlar qo’shiq aytadi. Osmonda Oy shu’la sochayotgani yo’q, bu – navoga aylangan so’zlar. Shoirning vallomat tog’lardan yuksakdagi hayotga to’ymagan ko’zlari so’zlaydi. (Umuman, Rauf Parfi ijodida ko’z obrazi ko’p uchraydi. Hatto bir to’plami “Ko’zlar” deb atalganini bilsangiz kerak.)
“Inson qalbining go’zalligi, rang-barang tuyg’ulari Rauf Parfi she’rlari mundarijasini tashkil qiladi. Ana shu tuyg’ularni u timsollar orqali, harakatdagi detallar orqali ifodalaydi”, deyiladi shoirning “Tasvir” to’plamidagi annotatsiyada. Albatta, ijodning katta yo’li boshidagi yosh shoir, avvalo, o’z qalbi, toza tuyg’ulariga suyanadi. Shundan bo’lsa kerak, aksariyat yosh shoirlar ilk qadamlarini sof lirik she’rlar bilan boshlaydi. Xususan, Rauf Parfida bu holat yaqqol ko’zga tashlanganini aytib o’tdik. Shoir ijodida tobora falsafiylik ildiz otib, katta ijtimoiy-falsafiy xulosalarni she’rga singdirib yuborish ruhi kuchaydi.
Rauf Parfi she’rlari insonning o’ta murakkab tabiati, beqaror o’zligidan bahs etadi. Teranroq nazar tashlansa, bu she’rlarda o’nlab muallif “men”ini ko’rish mumkin. Lekin ular orasida ikki “men” alohida ajralib turadi: biri – o’ta beozor, halim, ko’ngilchan, ba’zan yashayotganim, mavjudligim bilan malol kelmayapmanmi, degandek, ustiga ustak, o’zidan hech qoniqmaydi, lirik-sentiment; ikkinchisi – shiddatli, keskir so’zli, ahdi qat’iy, e’tiqodida sobit, murosasiz… Ba’zan o’sha bechora, xastadil, dardchil Raufga yon berasiz, gohida o’jar, kurashchan, mardonavor Rauf Parfiga ergashasiz. Shoir uslubida ham, asosan, o’sha “ikki Rauf” bo’y ko’rsatadi. Biri – tuyg’ular musavviri, romantik, ikkinchisi – zehni o’tkir, ruhi bezovta mutafakkir. “Rauf Parfi ijodi she’riyat, rassomlik va musiqa san’atining g’oyat muvaffaqiyatli sinteziga o’xshaydi”, – deb yozadi Rahimjon Rahmat shoir ijodi haqidagi “Jannat sog’inchi” maqolasida. Lekin, nazarimizda, shoirning falsafiy-intellektual she’rlarida musiqaviylik deyarli sezilmaydi. Bu yo’nalishdagi nazmiy namunalarida u ko’proq zamon, olam va odam to’g’risida mulohaza yuritayotgan, tafakkur tilida so’zlayotgan shaxs qiyofasida namoyon bo’ladi.
Shoir she’rlarida aql o’rgatmaydi, nasihat qilmaydi; yoriladi, o’z-o’zidan shikoyat qiladi. Yozilmagan she’ri – Dilini ochgisi keladi.
She’r – e’tiqod. She’r – komillik istagan iymon. She’r – shoirning o’z-o’ziga qo’ygan tashxisi. She’r – ohangga yo’g’rilgan tavba. She’r – shoir vijdoni. She’r – … Ta’rif davom etaveradi. Aslida, she’r – shoirning o’zidir. Shu ma’noda har bir chinakam iste’dod bu ta’riflarni yangilaydi. Aytish joiz bo’lsa, hech qanday uslub yo’q, magar shoirning o’zi uslub, ijodkorning “o’z”i – uning yo’lidir. Inson o’ziga munosabatda rost bo’lishi, So’zda rost turishi kerak. Ijodda o’zingni o’zingdek ko’rsatish, asling kabi ko’rinish (bu yerda ijodiy e’tiqod nazarda tutilmoqda) – noyob iste’dod bilan bab-barobar haqiqat ko’ziga tik qaray olishdek kamyob xislatga ham ega bo’lish deganidir. Inson, xususan, ijodkor o’rganish, izlanish uchun o’zidan, o’z dunyosidan ortiqroq “ob’ekt” topa olmasa kerak. Rauf Parfi poetik olamiga bo’ylar ekanmiz, she’r – shaxsiyat degan ibora xayoldan o’tadi. Shoirning shaxsi shundog’icha she’riga ko’chib qo’ya qolgandek.
Yana, Rauf Parfini o’qib she’r faqat Dard bo’lsa kerak, degan o’y kechadi xayoldan. She’rning yana bir nomi Dardmikan yo? Shoirning har satridan Dard “hid”i kelayotgandek.
Rauf Parfi she’riyatimizga hassos ruh, toza tuyg’ular tilida so’zlovchi tiniq Dardni olib kirdi. “Faqat shoirgagina yarashadi dard”, – deydi uning o’zi. “Shoirning onasi iztirob, axir”, deya kuyinib so’zlaydi:
Do'stlaringiz bilan baham: |