Axir (shoir):
Parvonadek uchsin qaerga,
Qaerlarga qochsin o’zidan.
Ammo taqdirdan qochib bo’larmidi! Ayniqsa, nafas olishidan tortib tiyiqsiz tushlarigacha So’zga chirmab tashlangan shoir qayoqqa boradi:
So’zlamayman, deyman. So’zlayman,
So’zlarimning ortidan ergashaman
Qaro go’rgacha.
So’zni yenggan ham, so’zga yengilgan ham uning o’zi. Mana shoirni yenggan so’zlar: Yomg’ir, Shamol, Yaproq, Xazon, Kecha, Kunduz, Os(i)mon, Quyosh, Oy, Tong, Nur, Co’z, Tog’… Bu so’zlar Rauf Parfi she’rlarida butunicha obrazga aylanadi.
“So’z kimyosi” muallifi Yan Parandovskiy aytadiki: “Qotib qolgan qayg’u-anduhlarni, taassuflarni, xavotirliklar, g’ashlik va g’azabni so’zga ishonib topshirish ruhan poklanmoq demakdir. Ba’zan esa bu nobud bo’lishdan yoki jinni bo’lib qolishdan saqlab qoladigan yagona choradir”. Yana, shu adib fikricha, “So’z orzuning egiz og’asidir, u sizga shunday bir sirli eshikni ochib beradiki, bu eshik orqali siz istagan vaqtingizda erkinlikka chiqa olishingiz mumkin. So’z yordamida kishini diqqinafas qilib yuboradigan zamondan, zeriktiruvchi manzaradan, chidab bo’lmaydigan turmush sharoitidan, nihoyat, o’z-o’zingdan osongina qochib qutulish mumkin”.
Bu bitik-xulosalarni hech ikkilanmay Rauf Parfi hayoti va ijodiga ham daxldor desa bo’ladi. “So’zning gulxanida ruhim isindi” – deb aytish uchun shoir yoki shoirtabiat bo’lishning o’zi kamlik qiladi. Buning uchun inson yuragi, butun vujudi, ruhi – bor-budi bilan so’zlar saltanati aro asir bo’lishi kerak.
So’zning gulxanida ruhim isindi,
Ul yulduz, oylarning so’zin o’qirdim.
Lablarim yorildi, tishlarim sindi,
Xayolimdan oltin qafas to’qirdim…
Cho’lponona ruhda bitilgan ushbu sonetiga shoir millat erki, So’z va iymon yo’lida shahid ketgan ustozining “Xayolimdan oltin qafas to’qidim” satrini boshso’z (epigraf) qilib oladi. Darvoqe, bu nimasi? Shoirning o’zi olov, turgan-bitgani otash edi-ku?
Mana, bir paytlari (1977) nima deb yozgandi u:
Chars-chars yonaverar nimjon olov,
Qo’llarimni qalayman,
Begona emasmiz, harqalay.
O’z harorati bilan hatto nimjon olovlarni-da esankiratgan olov-otash shoirning o’zi endi diydiramoqda. Najot esa yana o’sha ko’hna So’z diyorida. Sababi aniq: So’z otashgohi qoshida uncha-muncha so’zsuyarning yonishlari hechdir. Bu yerda boshqa bir sabab ham borga o’xshaydi. Ikki she’r yozilgan vaqt oralig’ida roppa-rosa yigirma to’rt yil turibdi – 1977–2001. Shoir pisand qilmayotgan, qo’llari(ehtimol, undan to’kilayotgan so’zlari)ni qalab alangalatmoqchi bo’layotgan nimjon olov o’sha qirchillagan otashqalb yigit nazarida aks etgandi. So’z gulxanida ruhi isingan esa borgan sari Ulug’ Kalom oldida o’z so’zlari hech ekanini teranroq anglab yetayotgan, “oltmishini tepayotgan” nuroniy shoir, o’z aytishicha, horg’in yo’lovchi edi. Ayni dam u o’zining So’zga loyiq yoki nomunosibligidan yozg’irayotir:
Ular kim?! Men So’zni sevdim. Men – xarob,
Loyiqmanmi So’zga, bilmadim, netay?
Rauf Parfi bunday arznomalar – o’z-o’ziga aybnomalarni qanchalik ko’paytirib, xarob holidan yozg’irmasin, Yaratgan darvesh shoirni aynan So’z vositasida asraganiga ham shak-shubha yo’q. Shu tarzda she’r, umuman, so’z najot farishtasiga aylanadi.
So’zga mubtalo shoirga So’zning o’zi chora ham edi.
Agar yurak yorib qilsam oshkor –
So’zlarim zulmga otilgan o’qdir.
Chin shoirlar she’rni hayot, tiriklik sharti deb bilganlari holda hayotni ham eng go’zal, benuqsonu barkamol she’rga aylantirish ilinjida mashaqqat chekadilar. Yerga sig’magan ulkan qalbli shoir osongina she’rga sig’a oladi. She’r ichida yashash, so’zlarga qaram kabi kun kechirish shunisi bilan zavqli, shunisi bilan fojiali! She’rdan keyingi she’rga o’xshamagan hayot-chi? Tashqariga chiqib yana o’sha badbin ko’zlar, nursiz yuzlaru buqalamun qiyofalarga duch kelish azobi og’ir. Shundanmi, Rauf Parfi umr bo’yi she’r ichida, so’zlar qurshovida bo’ldi. O’z iqroricha, bir umr shoir degan nom uni ta’qib etdi.
She’r – komillik istagan iymon. Chinakam shoir so’nggi nafasiga qadar uning kamoli yo’lida zahmat chekadi. Haqiqiy shoirlar “Xudoning erkatoylari” emas, haq so’zga mas’ul jafokash, jigarxun bandalari, haqiqatning yerdagi himoyachilaridir. Raufchasiga aytsak, “Faqat shoir xaqli baxtsiz bo’lmoqqa”. “Chin shoir yuragida tugun, qo’l-oyoqlarida zanjir bilan tug’iladi. U qech qachon “sharoit”ga moslasha olmaydi. U yonga ham, bu yonga ham yura olmaydi, yuragidagi nurli tugun, qo’l-oyog’idagi tillo zanjir uni qo’yib yubormaydi. Sharoitga moslashgan zahoti o’ladi”. Rauf Parfi mana shu achchiq, ammo sharafli qismatni matonat bilan yashab o’tgan kam sonli shoirlardandir. Ba’zi adabiyotshunoslar, adibu muxlislar Rauf Parfi hayoti va ijodining ana shu xos jihatiga alohida urg’u berish bilan birga, o’zlari sezgan-sezmagan holda uni shoir sifatida ideallashtirishga moyillik bildiradilar. Bu esa shoirimizning o’ziga ham yoqmagan bo’lardi, albatta. Negaki, shoir qavmi ko’pchilik nazaridagi yelkasida qanoti bor farishta emas…
She’r – duo. Hadisda: “Duo – bu ayni ibodat”, deyiladi. She’r yozish – ibodat. (Bu o’rinda so’z “yasash” bilan shug’ullanish nazarda tutilmayapti!) Rauf Parfi kabi shoirlar shunchaki obrazli gap aytish uchun oq qog’ozni joynamozga o’xshatmaydi. She’r yozayotganda shoir haq, she’r tug'(il)ayotganda shoir pok. She’r o’qiyotganda she’rxonning o’zi ham poklanar, ehtimol. Shoirning o’zi shunday deydi: “Har bir odamning Ollohga murojaat qiladigan pok bir makoni, joynamozi bo’lishi lozim. Oq qog’oz – shoirning joynamozi. Oq qog’ozi bo’lmagan shoir imonidan ayriladi, Ollohni unutadi. San’atning barcha turlari: musiqami, rassomlikmi, shoirlikmi – barchasi Ollohga munojot shaklidir. She’r yozish poklanish degani. Poklanishga doim tayyorman”.
Shoirga shunday-shunday yashaysan, deb shart qo’yib bo’ladimi? Abdulla Oripov ta’biri bilan aytganda, faqat o’lganidagina ramkaga tushadigan shoir – ulug’ Inson qalbi, hayoti bilan hazillashib bo’lmaydi. Bundaylarga qarata Rauf Parfi shunday javob beradi: “Yolg’iz o’zim – xalqman, o’zim olomon, Men shoirman, axir, shohman, ey banda”.
Rauf Parfi ijodida So’z ideal darajasiga ko’tariladi. Shoirning estetik ideali dunyoni uyg’otuvchi, ruhiyatni poklovchi So’zdir, deya baho bersak, yanglish fikr aytmagan bo’lamiz, ehtimol.
Do'stlaringiz bilan baham: |