Asar sarlavhasi Asarning bosh qahramoni bo`lmish Feride tabiatan ozod erkin bo`lib yashashni xohlaydigan mard, jasur obraz sifatida talqin qilingan. Shuning uchun ham yozuvchi ushbu asarni “Choliqushi” deb nomlagan. Portret va personaj tasviri Ko`pchilik asarlardagi bosh qahramon qiz obrazi sodda, ko`ngilchan, muloyim qilib tasvirlanadi. Lekin Rashod Nuri Guntekin Feride obrazini buning aksi qilib yoritgan, ya`ni uni qat`iyatli, jur`atli, mard, o`zini xafa qildirib qo`ymaydigan, hayot qiyinchiliklariga chidamli va shu bilan birga ich ichidan o`zi ham tan ololmaydigan sevgisining asirasi sifatida gavdalantirgan. Kamron obrazini esa buing aksi, biroz bo`shroq, muloyim, qat`iyatsiz lekin shu bilan birga oliyjanob inson qilib tasvirlagan. Yozuvchi tomonidan bu ikki qarama-qarshi obrazlarning psixologiyasi juda kuchli va aniq qilib ochib berilgan. Asardagi voqealar rivojida muallif va bosh qahramon qiz o`rtasida kontrast holatlari ham berib o`tilgan. Ya`ni, Feridening og`ir va mashaqqatli safarlaridagi qiyinchiliklari bilan birga muallif tomonidan ba`zi so`lim joylarning chiroyli tabiati, go`zal bog`lari qushlarning dilga yoqar sayrashlari hamohangligida tasvirlab berilgan. Bu orqali yozuvchi hayot faqat qiyinchilik, kurash va sinovlardan iborat emasligini uning har bir lahzasidan zavq olish kerakligini bildirib o`tgan. Muallif va personaj nutqining o`ziga xos xususiyatlari va badiiy asardagi xalq tili imkoniyatlari - Asarda muallif so`z o`yinidan ustalik bilan foydalangan. Asar voqealari asosiy qahramon Feridening xotira daftari sifatida uning tilidan hikoya qilinadi va ushbu hikoyalariga juda ham ta`sirli, ma`noli bitiklarni bitadi. Misol tariqasida, xotira daftarining oxirgi sahifalarida Feride yillar davomida hatto o‘zidan ham yashirishga urinib kelgan sevgisini nihoyat tan oladi. “Ha, nega endi aldashim kerak? Butun nafratimdan, isyonlarimdan, butun o‘sha bo‘lib o‘tgan noxushliklardan qat’i nazar, men sening bir parchang edim” kabi jumlalarni keltirib o`tish mumkin. Shuningdek, asarda boshqa obrazlar tomonidan xalq tili ham keltirilgan. Ya`ni, harbiy doktor Xayrullohbeyning Ferideni husniga atab aytgan gaplari: “Onang sut emizish o`rniga, yuzingni sutga chayganmi, qizim shunchalik ham chiroyli bo`lasanmi xuddi bir qultum suvdek yutib yuborgudek go`zal ekansan” bundan tashqari, uning chiroyiga atab “Gul ba shakar”, “ipak qurti” kabi nomlarni qo`yishadi. Muallif sodda tilda kitobxonga tushunarli bo`lishi uchun asarni ushbu jumlalar orqali xalq tili bilan boyitgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |