Raqobat to'G'risida



Download 99 Kb.
Sana02.04.2017
Hajmi99 Kb.
#5929

RAQOBAT TO'G'RISIDA


 

Qonunchilik palatasi tomonidan 2011 yil 14 noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2011 yil 5 dekabrda ma'qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.

3-modda. Ushbu Qonunning qo'llanilish sohasi

Ushbu Qonun xo'jalik yurituvchi sub'ektlar, jismoniy shaxslar, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining O'zbekiston Respublikasi hududida va (yoki) undan tashqarida sodir etiladigan, O'zbekiston Respublikasidagi tovar va moliya bozorlarida raqobatning cheklanishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo'lgan harakatlariga nisbatan tatbiq etiladi.Ushbu Qonun intellektual mulk ob'ektlariga bo'lgan mutlaq huquqlar bilan bog'liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi, bundan ushbu Qonunning 13-moddasida nazarda tutilgan harakatlar mustasno.Ushbu Qonunning qoidalari tabiiy monopoliyalar sub'ektlariga nisbatan bu qoidalarning qo'llanilishi mazkur sub'ektlarning o'ziga xos vazifalari bajarilishini cheklab qo'ymaydigan holatlarda tatbiq etiladi.

4-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:

bir-birining o'rnini bosadigan tovarlar — o'zining belgilangan vazifasi, qo'llanilishi, sifat va texnik xususiyatlari, narxi hamda boshqa parametrlari bo'yicha taqqoslanishi mumkin bo'lgan shunday tovarlarki, ularni oluvchi iste'mol qilish chog'ida bir tovarni boshqasiga haqiqatan ham almashtiradi yoki almashtirishga tayyor bo'ladi;

insofsiz raqobat — xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega bo'lishga qaratilgan, qonun hujjatlariga, ish muomalasi odatlariga zid bo'lgan hamda boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga (raqobatchilarga) zarar etkazadigan yoki zarar etkazishi mumkin bo'lgan yoxud ularning ishchanlik obro'siga putur etkazadigan yoki putur etkazishi mumkin bo'lgan harakatlari;

iqtisodiy kontsentratsiya — xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustunligiga olib keladigan, tovar yoki moliya bozoridagi raqobatning holatiga ta'sir ko'rsatadigan bitimlar tuzish va (yoki) boshqa harakatlarni sodir etish;

iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish — xo'jalik yurituvchi sub'ektlar harakatlarini bunday xo'jalik yurituvchi sub'ektlardan birortasi bilan ham bir shaxslar guruhiga kirmaydigan yuridik yoki jismoniy shaxs bilan kelishib olish;

kamsituvchi shartlar (sharoitlar) — tovar yoki moliya bozoriga kirish, tovarni ishlab chiqarish, iste'mol qilish, olish, realizatsiya qilish, o'zgacha tarzda boshqa shaxsga o'tkazish shartlari (sharoitlari) bo'lib, ular boshqa teng shartlarda (sharoitlarda) bitta yoki bir nechta xo'jalik yurituvchi sub'ektni o'zga xo'jalik yurituvchi sub'ekt (raqobatchi) bilan taqqoslaganda teng bo'lmagan holatga solib qo'yadi;

kelishib olingan harakatlar — tovar yoki moliya bozorida ikki yoki undan ortiq xo'jalik yurituvchi sub'ektning bozorning mazkur ishtirokchilaridan har birining manfaatlarini qanoatlantiradigan va ulardan har biriga oldindan ma'lum bo'lgan, raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo'lgan harakatlari;

moliya bozori — banklar hamda boshqa kredit, sug'urta va o'zga moliya tashkilotlari tomonidan ko'rsatiladigan moliyaviy xizmatning, shuningdek qimmatli qog'ozlar bozori professional ishtirokchilari xizmatlarining O'zbekiston Respublikasi hududidagi yoki uning bir qismidagi muomala doirasi bo'lib, u O'zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy bo'linishiga mos kelmasligi mumkin va mazkur muomala doirasi chegaralarida bunday xizmatni ko'rsatish imkoniyati mavjud bo'ladi;

noto'g'ri taqqoslash — raqobatchilar yoki boshqa shaxslar tomonidan tarqatiladigan, tovar yoki moliya bozorida ayrim xo'jalik yurituvchi sub'ektga afzalliklar yaratadigan yoxud xo'jalik yurituvchi sub'ektni (raqobatchini) yoki raqobatchi ishlab chiqargan tovarni yomonlovchi yolg'on, noaniq yoki buzib taqqoslash;

raqobat — xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning (raqobatchilarning) musobaqalashuvi bo'lib, bunda ularning mustaqil harakatlari ulardan har birining tovar yoki moliya bozoridagi tovar muomalasining umumiy shart-sharoitlariga bir tomonlama tartibda ta'sir ko'rsatish imkoniyatini istisno etadi yoki cheklaydi;

raqobatga qarshi harakatlar — raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarida xo'jalik yurituvchi sub'ektlar uchun man etilgan harakatlar, shuningdek davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ular mansabdor shaxslarining raqobatni cheklashga qaratilgan harakatlari (harakatsizligi);

tovar — faoliyatning olish va realizatsiya qilish uchun mo'ljallangan mahsuli, shu jumladan ishlar va xizmatlar;

tovar bozori — tovarning (shu jumladan bir-birining o'rnini bosadigan tovarning) O'zbekiston Respublikasi hududidagi yoki uning bir qismidagi muomala doirasi bo'lib, u O'zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy bo'linishiga mos kelmasligi mumkin va mazkur muomala doirasi chegaralarida tovarni olish yoki realizatsiya qilish imkoniyati mavjud bo'ladi;

xo'jalik yurituvchi sub'ekt — tovarlarni ishlab chiqarish, olish va realizatsiya qilish faoliyati bilan shug'ullanuvchi yuridik shaxs, shu jumladan chet ellik yuridik shaxs, xo'jalik boshqaruvi organi, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkor.

5-modda. Shaxslar guruhi

Yagona (umumiy) iqtisodiy manfaatga ega bo'lgan shaxslar yig'indisi shaxslar guruhi deb e'tirof etilib, ularga tatbiqan quyidagi bir yoki bir nechta shart bajariladi:ikki va undan ortiq yuridik shaxsning biri bevosita yoki bilvosita, shuningdek o'zga shaxslardan olgan vakolatlariga muvofiq boshqa yuridik shaxs ustav fondining (ustav kapitalining) ellik foizidan ortig'iga egalik qiladi;ikki va undan ortiq yuridik shaxsda ayni bir jismoniy shaxs, shuningdek uning eri (xotini), ota-onasi (farzandlikka oluvchilari), bolalari (farzandlikka olingan bolalari), tug'ishgan va o'gay aka-ukalari hamda opa-singillari (bundan buyon matnda yaqin qarindoshlari deb yuritiladi) ushbu yuridik shaxslardagi ishtiroki tufayli yoxud boshqa shaxslardan olgan vakolatlariga muvofiq mazkur yuridik shaxslardan har birining ustav fondining (ustav kapitalining) ellik foizidan ortig'iga ega bo'ladi;ikki va undan ortiq yuridik shaxsda ayni bir yuridik shaxs ushbu yuridik shaxslarda o'zining ishtiroki tufayli yoxud boshqa shaxslardan olgan vakolatlariga muvofiq mazkur yuridik shaxslardan har birining ustav fondining (ustav kapitalining) ellik foizidan ortig'iga ega bo'ladi;ikki va undan ortiq yuridik shaxsning ijro etuvchi organi tarkibiga ayni bir jismoniy shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari kiradi;ikki va undan ortiq yuridik shaxsning kollegial ijro etuvchi organi va (yoki) kuzatuv kengashi son tarkibining ellik foizidan ortig'ini ayni bir jismoniy shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari tashkil etadi;ikki va undan ortiq yuridik shaxslardan biri qonun hujjatlariga yoki ushbu yuridik shaxslarning ta'sis hujjatlariga yoxud ular o'rtasida tuzilgan shartnomalarga asosan ushbu yuridik shaxslarga ijro etilishi majburiy bo'lgan ko'rsatmalar berishga haqli bo'ladi;ikki va undan ortiq yuridik shaxsda ayni bir jismoniy shaxs yoki ayni bir yuridik shaxs qonun hujjatlariga va ushbu yuridik shaxslarning ta'sis hujjatlariga yoxud ular bilan tuzilgan shartnomalarga asosan ularga ijro etilishi majburiy bo'lgan ko'rsatmalar berishga haqli bo'ladi.Ushbu Qonunda shaxslar guruhiga tovar yoki moliya bozorining yagona sub'ekti sifatida qaraladi.

6-modda. Ustun mavqe

Ustun mavqe tovar yoki moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga bog'liq bo'lmagan holda unga o'z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta'sir ko'rsatish, tegishli bozorga boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holatidir.Tovar bozorida qaysi xo'jalik yurituvchi sub'ekt yoki shaxslar guruhi tovarining ulushi:1) ellik va undan ortiq foizni tashkil etsa;2) o'ttiz besh foizdan ellik foizgacha hajmda bo'lib, bunda quyidagi shartlar:xo'jalik yurituvchi sub'ektning tovar bozoridagi ulushi kamida bir yil mobaynida barqaror bo'lib turishi;tovar bozorida boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga (raqobatchilarga) tegishli ulushlarning nisbiy miqdorda bo'lib turishi;ushbu bozorga yangi xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning (raqobatchilarning) kirishiga imkoniyat bo'lishi shartlari belgilangan bo'lsa, shu xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining mavqei ustun mavqe deb e'tirof etiladi.Moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeini e'tirof etish tartibi va shartlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

7-modda. Tovarning monopol yuqori narxi

Tovarning tovar bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt tomonidan belgilanadigan narxi, agar ushbu narx:bunday tovarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish uchun zarur bo'lgan xarajatlar hamda foyda summasidan yuqori bo'lsa;asossiz xarajatlarning o'rnini qoplashga yoki tovarning sifatini pasaytirish natijasida qo'shimcha foyda olishga yo'naltirilgan bo'lsa, monopol yuqori narxdir.Tovarning narxi birja savdolari yakunlariga ko'ra shakllangan taqdirda, u monopol yuqori narx deb e'tirof etilmaydi.Tovarning moliya bozoridagi monopol yuqori narxi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi.

8-modda. Tovarning monopol past narxi

Tovar bozorida sotuvchi yoki sotib oluvchi sifatida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt tomonidan tovarning tannarxidan past darajada va ushbu tovarni sotishdan zarar keltiradigan darajada belgilanadigan, natijada raqobatning cheklanishiga olib keladigan narx tovarning monopol past narxidir.Tovarning moliya bozoridagi monopol past narxi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi.

9-modda.    Tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi vakolatli organ

O'zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi hamda uning hududiy organlari (bundan buyon matnda monopoliyaga qarshi organ deb yuritiladi) tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi vakolatli organdir.Monopoliyaga qarshi organ tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning raqobatga qarshi harakatlarini, insofsiz raqobatini cheklash va ularning oldini olishga hamda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining g'ayriqonuniy harakatlariga yo'l qo'ymaslikka qaratilgan davlat siyosatini amalga oshiradi.

2-bob. Raqobatga qarshi harakatlar

10-modda. Ustun mavqeni suiiste'mol qilish

Xo'jalik yurituvchi sub'ektning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari, shu jumladan quyidagi harakatlari:

muomalada bo'lgan tovarlarning hajmini tovar yoki moliya bozorida taqchillikni keltirib chiqarish yoki saqlab turish maqsadida narxlarning oshishiga olib keladigan tarzda qisqartirishi;

tovarning monopol yuqori yoki monopol past narxlarini belgilashi;

shartnoma predmetiga taalluqli bo'lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag'larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o'zga shaxsga o'tkazishga doir asossiz talablarni, shuningdek raqobatning cheklanishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo'lgan boshqa harakatlarni sodir etish talablarini majburan qabul qildirishi;

shartnomaga kamsituvchi shartlarni kiritishi, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlar (raqobatchilar) tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarni olishini yoki realizatsiya qilishini taqiqlashi yoxud cheklashi;

kontragent tomonidan boshqa tovarlarni olish yoki realizatsiya qilish yoxud kontragentning tovarlarni o'zga xo'jalik yurituvchi sub'ektlardan olishdan yoki boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga realizatsiya qilishdan o'zini tiyishi sharti bilangina shartnoma tuzishga rozilik berishi;

tegishli tovarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish imkoniyati bo'la turib, shartnoma tuzishdan asossiz ravishda bosh tortishi;

tovar yoki moliya bozoriga boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning kirishiga to'siqlar qo'yishi tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni suiiste'mol qilish deb e'tirof etiladi.

11-modda. Xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning raqobatni cheklaydigan kelishib olingan harakatlari va bitimlarini taqiqlash

Tovar yoki moliya bozorida o'zaro raqobatlashayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar, shu jumladan potentsial raqobatchilar bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar o'rtasidagi kelishib olingan harakatlar va bitimlar, agar bunday kelishib olingan harakatlar va bitimlar:

sun'iy ravishda narxlar, tariflar, chegirmalar, ustamalar, qo'shimcha to'lovlarni yoki ustama narxlarni belgilashga yoki saqlab turishga;

narxlarni sun'iy ravishda oshirgan yoki pasaytirgan holda erkin bozor narxlarining qaror topishiga to'sqinlik qilishga;

ishlab chiqarish ustidan, mahsulot sotish bozorlari va kapital qo'yilmalar ustidan nazorat o'rnatishga;

taklif hajmini sun'iy ravishda o'zgartirish maqsadida ishlab chiqarish hajmlarini kelishib olishga;

shartnoma predmetiga taalluqli bo'lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag'larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o'zga shaxsga o'tkazishga doir asossiz talablarni, shuningdek raqobatni cheklovchi boshqa harakatlarni sodir etish talablarini majburan qabul qildirishga;

auktsionlarda, birjalarda va boshqa savdolarda narxlarni oshirishga, pasaytirishga yoki saqlab turishga;

shartnomaga kamsituvchi shartlarni kiritishga;

tegishli bozorni hududiy printsip bo'yicha, realizatsiya qilish yoki xaridlar hajmi bo'yicha, tovarlarning xillari bo'yicha yoxud tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari doirasi bo'yicha bo'lib olishga;

boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning tegishli tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari sifatida bozorga kirishini cheklashga yoki ularni bozordan chetlashtirishga yoxud xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni muayyan tovarlar bozoriga qo'ymaslikka olib kelsa yoki olib kelishi mumkin bo'lsa, taqiqlanadi.

Biri tovar bozorida ustun mavqeni egallab turgan, boshqasi esa sotuvchi yoki sotib oluvchi bo'lgan, o'zaro raqobatlashmayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning kelishib olingan harakatlari va bitimlariga, agar bunday kelishib olingan harakatlar va bitimlar pirovard natijada raqobatni cheklab qo'ysa yoxud cheklab qo'yishi mumkin bo'lsa, shu jumladan:

sotuvchining yoki sotib oluvchining hududni yoki sotib oluvchilar doirasini tovarni keyinchalik qayta sotish maqsadida mustaqil belgilashini cheklaydigan;

tovarlarni qayta sotish uchun narxlarga cheklovlar belgilaydigan;

xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarni realizatsiya qilishni taqiqlaydigan kelishib olingan harakatlari va bitimlariga yo'l qo'yilmaydi. Ushbu taqiq tovarlarni tovar belgisi, firma nomi va sotuvchining intellektual mulk ob'ektlariga bo'lgan boshqa mutlaq huquqlari orqali realizatsiya qilishni sotib oluvchi tomonidan tashkil etish to'g'risidagi bitimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning xo'jalik yurituvchi sub'ektlar iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirishi, agar bunday muvofiqlashtirish ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko'rsatilgan oqibatlarga olib kelsa yoki olib kelishi mumkin bo'lsa, taqiqlanadi.

Raqobatni cheklaydigan kelishib olingan harakatlar va bitimlarni aniqlash tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

12-modda. Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining raqobatni cheklaydigan hujjatlari hamda harakatlarini taqiqlash

Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining:

faoliyatning biror bir sohasida yangi xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni tashkil etishga cheklovlar joriy etishi, shuningdek faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishni yoki muayyan tovarlar ishlab chiqarishni man etishi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno;

shartnomalar tuzishda ustunlik berish, sotib oluvchilarning muayyan doirasiga tovarlarni birinchi navbatda realizatsiya qilish, moliyaviy mablag'larning manbalarini tanlash va ulardan foydalanish yo'nalishlarining afzalligi to'g'risida xo'jalik yurituvchi sub'ektga ko'rsatmalar berishi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno;

ayrim xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko'rsatayotgan boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga nisbatan afzal holatga qo'yadigan imtiyozlar, preferentsiyalar va engilliklarni asossiz ravishda berishi;

xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olishi, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning iqtisodiy faoliyatiga oqibatda raqobat cheklanishi mumkin bo'lgan tarzda aralashishi;

o'z vazifalarini xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning vazifalari bilan qo'shib bajarishi;

ayrim xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilashi taqiqlanadi.

Alohida hollarda, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tabiiy ofatlar, halokatlarning oqibatlarini tugatish hamda epidemiyalarning oldini olish maqsadida ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan hujjatlar qabul qilishi va harakatlarni amalga oshirishi mumkin.

Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining tovar yoki moliya bozorining normal faoliyat ko'rsatishiga, raqobatni rivojlantirishga to'sqinlik qiluvchi hamda iste'molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsituvchi harakatlariga, shu jumladan:

narxlarni yoki tariflarni oshirishga, pasaytirishga, saqlab turishga;

tegishli bozorni hududiy printsip bo'yicha, realizatsiya qilish yoki xaridlar hajmi bo'yicha, tovarlarning xillari bo'yicha yoxud tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari doirasi bo'yicha bo'lib olishga;

xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning bozorga kirishini cheklashga yoki ularni bozordan chetlatishga olib keladigan kelishib olingan harakatlari va bitimlariga yo'l qo'yilmaydi.

Yuridik shaxslar birlashmalarining xo'jalik yurituvchi sub'ektlar iqtisodiy faoliyatiga pirovard natijada raqobatni cheklab qo'yadigan yoki cheklab qo'yishi mumkin bo'lgan tarzda aralashishi taqiqlanadi.

13-modda. Insofsiz raqobatni taqiqlash

Insofsiz raqobat, shu jumladan:

boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektga zarar keltirishi yoki uning ishchanlik obro'siga putur etkazishi mumkin bo'lgan noto'g'ri taqqoslashlar;

yuridik shaxsning intellektual faoliyati natijalaridan va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalaridan, tovarni individuallashtirish vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalangan holda tovarni realizatsiya qilish;

tovarning xususiyati, ishlab chiqarish usuli va joyi, iste'mol xossalari, narxi, sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida iste'molchilarni chalg'itish, xo'jalik yurituvchi sub'ekt (raqobatchi) tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarni uning tashqi bezatilishini, nomini, tamg'alanishini, tovar belgisini va yuridik shaxsni individuallashtirishning boshqa vositasini takrorlash, reklama materiallaridan, tovarning firma o'rovi va shaklidan nusxa ko'chirish orqali qalbakilashtirish;

fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni, shu jumladan tijorat sirini egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etish;

tovar yoki moliya bozoriga boshqa xo'jalik yurituvchi sub'ektning kirishiga to'siq qo'yish taqiqlanadi.

Yuridik shaxsni individuallashtirish vositalariga, tovarni individuallashtirish vositalariga bo'lgan mutlaq huquqni olish bilan bog'liq insofsiz raqobatga yo'l qo'yilmaydi.

Monopoliyaga qarshi organning ushbu modda ikkinchi qismining tovar belgisiga bo'lgan mutlaq huquqni olish xususidagi qoidalari buzilganligini e'tirof etish to'g'risida chiqargan qarori tovar belgisiga huquqiy muhofaza berish haqidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish uchun manfaatdor shaxs tomonidan intellektual mulk bo'yicha vakolatli organga yoki sudga yuboriladi.

3-bob.  Savdolarni va iqtisodiy kontsentratsiyani monopoliyaga qarshi tarzda tartibga solish

14-modda.  Tanlov (tender) savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablar

Tanlov (tender) savdolarini o'tkazishda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo'lgan harakatlar, shu jumladan quyidagilar taqiqlanadi:

savdolar o'tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish;

savdolarning tashkilotchilari va (yoki) buyurtmachilari tomonidan savdolar ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish;

xo'jalik yurituvchi sub'ektlardan savdolarda qatnashish uchun hujjatlarni qabul qilishni asossiz ravishda rad etish;

savdolar ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlashtirish;

savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish, shu jumladan axborotdan foydalanish orqali imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

tovarning aniq ishlab chiqaruvchisini ko'rsatish, bundan tovarlarning mos kelmasligi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollar mustasno.

Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan monopoliyaga qarshi talablarning buzilishi tanlov (tender) savdolarining qarorlarini va shu savdolar natijalari bo'yicha tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish uchun asos bo'ladi.

15-modda.  Birja savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablar

Birja savdolarini o'tkazishda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo'lgan harakatlar, shu jumladan:

birja savdolarini o'tkazish jarayoniga ta'sir ko'rsatadigan harakatlar, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

birja savdolari ishtirokchilarining kelishib olingan harakatlari natijasida joriy birja narxlarining keskin ko'tarilishiga yoki qat'iy belgilanishiga olib keladigan harakatlar;

birja savdolarida talabning o'zgarishiga sabab bo'lishi mumkin bo'lgan yolg'on ma'lumotlarni tarqatish bilan bog'liq harakatlar taqiqlanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan monopoliyaga qarshi talablarning buzilishi birja savdolari natijalari bo'yicha tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish uchun asos bo'ladi.

16-modda.  Xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni tashkil etish, qo'shib yuborish va qo'shib olishga doir monopoliyaga qarshi talablar

Monopoliyaga qarshi organ quyidagilarga oldindan rozilik beradi:

xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning birlashmalarini tashkil etishga;

xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish va qo'shib olishga.

Agar tegishli bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati eng kam ish haqining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo'lsa yoki ularning qo'shib yuborilgan yoki qo'shib olingan yildan oldingi oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi eng kam ish haqining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo'lsa yoxud ulardan biri tovar bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt bo'lsa, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni tovar bozorida qo'shib yuborish va qo'shib olish uchun monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinishi zarur.

Agar xo'jalik yurituvchi sub'ektlar aktivlarining jami balans qiymati O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdordan ortib ketsa yoki ushbu xo'jalik yurituvchi sub'ektlardan biri ustun mavqeni egallab turgan bo'lsa, ularni moliya bozorida qo'shib yuborish va qo'shib olish uchun monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinishi zarur.

Ushbu moddaning talablari xo'jalik yurituvchi sub'ektlar birlashmalarining O'zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko'ra tashkil etilishi hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

17-modda. Aktsiyalarni (ulushlarni) va boshqa mulkiy huquqlarni olishda monopoliyaga qarshi talablar

Ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olish bo'yicha bitimlar, agar bu bitimlarni tuzish paytida tegishli bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olgan jami tushumi eng kam ish haqining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo'lsa yoxud bitim ishtirokchilaridan biri ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ekt bo'lsa, monopoliyaga qarshi organning quyidagilarga nisbatan oldindan roziligi bo'lgan taqdirda tuziladi:

shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan aktsiyadorlik jamiyati aktsiyalarini olishga nisbatan, agar bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ushbu olishga qadar mazkur aktsiyadorlik jamiyatining aktsiyalarini tasarruf etmagan bo'lsa yoki mazkur aktsiyadorlik jamiyatining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarning o'ttiz besh foizidan kamini tasarruf etgan bo'lsa, bunda ana shu shaxs yoki shaxslar guruhi ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarning o'ttiz besh va undan ortiq foizini tasarruf etish huquqini oladi;

mas'uliyati cheklangan yoki qo'shimcha mas'uliyatli jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning ko'pi bilan ellik foizini tasarruf etuvchi shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan ushbu jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarni olishiga nisbatan, bunda ana shu shaxs yoki shaxslar guruhi mazkur ulushlarning ellik foizidan ortig'ini tasarruf etish huquqini oladi;

shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan aktsiyadorlik jamiyatining aktsiyalarini olishga nisbatan, agar bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ushbu olishga qadar mazkur aktsiyadorlik jamiyatining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarning kamida o'ttiz besh foizini va ko'pi bilan ellik foizini tasarruf etgan bo'lsa, bunda ana shu shaxs yoki shaxslar guruhi ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarning ellik foizidan ortig'ini tasarruf etish huquqini oladi; 

shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan mas'uliyati cheklangan yoki qo'shimcha mas'uliyatli jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni olishga nisbatan, agar bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ushbu olishga qadar ushbu jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarning kamida ellik foizini va ko'pi bilan uchdan ikki qismini tasarruf etgan bo'lsa, bunda ana shu shaxs yoki shaxslar guruhi ushbu ulushlarning uchdan ikki qismidan ortig'ini tasarruf etish huquqini oladi;

shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan aktsiyadorlik jamiyatining aktsiyalarini olishga nisbatan, agar bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ushbu olishga qadar mazkur aktsiyadorlik jamiyatining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarning kamida ellik foizini va ko'pi bilan etmish besh foizini tasarruf etgan bo'lsa, bunda ana shu shaxs yoki shaxslar guruhi aktsiyalarning etmish besh foizidan ortig'ini tasarruf etish huquqini oladi.  

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar jismoniy shaxs tomonidan tuziladigan bitimlarga nisbatan tatbiq etiladi, bunda jismoniy shaxs, agar u ariza bilan murojaat etgan paytda biror bir xo'jalik yurituvchi sub'ektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarning (ulushlarning) kamida o'ttiz besh foizini tasarruf etgan bo'lsa, ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) tasarruf etish huquqini oladi.

Ushbu moddaning talablari quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

xo'jalik yurituvchi sub'ektni tashkil etishda uning muassislariga, bundan moliya-sanoat guruhlarini, xolding kompaniyalarini tashkil etish hollari mustasno;

xo'jalik yurituvchi sub'ekt o'z aktsiyalarini olganda;

aktsiyadorlik jamiyati o'z ustav fondining (ustav kapitalining) miqdorini saqlab qolgan holda boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga o'zgartirilganda;

ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalar (ulushlar) ishonchli boshqaruvga berilganda, shuningdek aktsiyalar (ulushlar) keyinchalik qayta sotish maqsadida investitsiya vositachilari tomonidan olinganda;

ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalar (ulushlar) xo'jalik yurituvchi sub'ekt tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq olinganda.

Moliya tashkilotlari ishtirok etayotgan ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olish bo'yicha bitimlar tuzish ustidan nazorat, agar bitimda ishtirok etayotgan moliya tashkilotlarining aktivlari jami balans qiymati O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdordan oshsa, amalga oshiriladi.

Kredit va boshqa moliya tashkilotlari ishtirokchilar bo'lgan ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) va boshqa mulkiy huquqlarni olishga doir bitimlarni ko'rib chiqish hamda bunday bitimlarni tuzish uchun oldindan rozilik olish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

18-modda.  Oldindan rozilik olish tartibi

Xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning birlashmalarini tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishga, qo'shib olishga doir harakatlarni amalga oshirishda va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olish bo'yicha bitimlar tuzishda shaxslar yoki shaxslar guruhlari bu harakatlar sodir etilguniga (bitimlar tuzilguniga) qadar monopoliyaga qarshi organga:

harakatlarni sodir etishga (bitimlar tuzishga) oldindan rozilik berish to'g'risidagi arizani;

yuridik shaxs uchun — barcha o'zgartishlar hisobga olingan ta'sis hujjatlarining ko'chirma nusxalarini yoki jismoniy shaxs uchun — arizachining pasportiga oid ma'lumotlarni (hujjatning seriyasi va raqami, berilgan sanasi va joyi, hujjatni bergan organ);

arizachi ariza bergan kundan oldingi ikki yil mobaynida yoxud agar faoliyat ikki yildan kamroq muddatni tashkil etsa, faoliyat amalga oshirilgan muddat mobaynida olib borgan faoliyat turlari, ishlab chiqargan va realizatsiya qilgan tovar turlarining nomlari hamda ularning hajmlari to'g'risidagi ma'lumotlarni;

o'tgan ikki kalendar yilga doir moliyaviy va statistika hisobotini;

shaxslar guruhining tarkibi to'g'risidagi, bu shaxslarning ushbu guruhga kirish asoslari ko'rsatilgan ma'lumotlarni va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olish bo'yicha ko'rib chiqilayotgan bitimlarga taalluqli boshqa axborotni taqdim etadi.

Monopoliyaga qarshi organ zarur hujjatlar va ma'lumotlar olingan paytdan e'tiboran o'n kalendar kundan kechiktirmay arizachiga qabul qilingan qaror to'g'risida yozma shaklda xabar qiladi. Aktsiyalarning (ulushlarning) ayni bir turkumini olishga oldindan rozilik olish uchun shaxslar yoki shaxslar guruhlari bir vaqtning o'zida murojaat etgan taqdirda, monopoliyaga qarshi organning qarori arizachilarga ayni bir kunda etkaziladi. Zarur hollarda, agar monopoliyaga qarshi organda harakat (bitim) raqobatning cheklanishiga olib keladi yoki olib kelishi mumkin, shu jumladan tovar yoki moliya bozorida ustun mavqening vujudga kelishi yoxud kuchayishi orqali raqobatning cheklanishiga olib keladi yoki olib kelishi mumkin deb taxmin qilish uchun asoslar paydo bo'lsa, arizani ko'rib chiqish muddati bir oydan ko'p bo'lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

Monopoliyaga qarshi organ, agar:

harakatlarni sodir etishga (bitimlar tuzishga) oldindan rozilik berish to'g'risidagi arizaning qanoatlantirilishi tovar yoki moliya bozorida tegishli xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqei yuzaga kelishiga yoki kuchayishiga va (yoki) raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin bo'lsa;

taqdim etilgan hujjatlarni ko'rib chiqishda ularda bayon etilgan axborotning ishonchsizligi yoki yolg'onligi aniqlansa, arizachiga oldindan rozilik berishni rad etishga haqli.

Monopoliyaga qarshi organ harakatlarni sodir etishga (bitimlar tuzishga) oldindan rozilik berishga va buni raqobatni ta'minlashga qaratilgan talablarni bajarishga bog'liq qilib qo'yishga haqli. Bunda mazkur talablar, shuningdek ularni bajarish muddatlari monopoliyaga qarshi organning xo'jalik yurituvchi sub'ektlar birlashmalarini tashkil etishga, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish hamda ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) va boshqa mulkiy huquqlarni olish bo'yicha bitimlar tuzishga oldindan rozilik berish to'g'risidagi qarorida ko'rsatilishi kerak. Mazkur harakatlarning sodir etilishi (bitimlar tuzilishi) tovar yoki moliya bozorida tegishli xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqei yuzaga kelishiga yoki kuchayishiga va (yoki) raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin bo'lgan taqdirda, bu harakatlarni sodir etish (bitimlar tuzish) to'g'risida qaror qabul qilgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar monopoliyaga qarshi organning talabiga ko'ra raqobatning zarur shart-sharoitlarini tiklash chora-tadbirlarini ko'rishi shart.

Monopoliyaga qarshi organ tovar yoki moliya bozorida hatto xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqei yuzaga kelishi yoki kuchayishi va (yoki) raqobatning cheklanishi, noxush oqibatlar yuz berishi mumkin bo'lgan taqdirda ham, agar xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning birlashmalarini tashkil etish, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborish, qo'shib olish va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) hamda boshqa mulkiy huquqlarni olish bo'yicha bitimlar tuzish to'g'risida qaror qabul qilgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar o'z harakatlari (bitimlari) iste'molchilarga sezilarli darajada naf keltirishini isbotlab bersa, harakatlarni sodir etish (bitimlar tuzish) uchun oldindan rozilik berish haqidagi arizani qanoatlantirishga haqli.

Monopoliyaga qarshi organning oldindan berilgan roziligisiz sodir etilgan, tovar yoki moliya bozorida xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqei yuzaga kelishiga yoki kuchayishiga va (yoki) raqobatning cheklanishiga olib keladigan harakatlar (tuzilgan bitimlar) sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

19-modda. Jismoniy shaxsning xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning boshqaruv organlaridagi ishtiroki

Jismoniy shaxs tovar yoki moliya bozoridagi aktivlarining jami balans qiymati oxirgi hisobot davrining so'nggi holatiga ko'ra eng kam ish haqining yuz ming baravaridan ortiq bo'lgan yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olgan jami tushumi eng kam ish haqining yuz ming baravaridan ortiq bo'lgan yoxud xo'jalik yurituvchi sub'ektlardan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan ikki va undan ortiq xo'jalik yurituvchi sub'ektning ijro etuvchi organlarida yoki kuzatuv kengashlarida ishtirok etgan taqdirda, mazkur jismoniy shaxs ijro etuvchi organlarga yoki kuzatuv kengashlariga tayinlanganidan yoxud saylanganidan keyin o'n besh kalendar kun ichida monopoliyaga qarshi organni bu haqda xabardor qilishi kerak. Bunda xo'jalik yurituvchi sub'ektlar shu muddat davomida monopoliyaga qarshi organga joriy yildagi davrda va jismoniy shaxs ularning ijro etuvchi organi yoki kuzatuv kengashi tarkibiga tayinlangan yoxud saylangan yildan oldingi yilda ishlab chiqarilgan hamda realizatsiya qilingan tovarlarning turlari va hajmlari to'g'risida axborot taqdim etadi.

Agar monopoliyaga qarshi organ ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda jismoniy shaxsning xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning ijro etuvchi organlaridagi yoki kuzatuv kengashlaridagi ishtiroki raqobatni cheklayotganligini aniqlasa, u holda monopoliyaga qarshi organ raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga yo'l qo'ymaslik to'g'risida qaror qabul qiladi.

20-modda.  Xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni majburiy tarzda bo'lish yoki ajratib chiqarish

Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'ektga nisbatan raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilishini bartaraf etish yuzasidan ilgari qo'llanilgan choralar samarasiz bo'lgan taqdirda, monopoliyaga qarshi organ xo'jalik yurituvchi sub'ektni majburiy tarzda bo'lish yoki ajratib chiqarish haqidagi da'vo bilan sudga murojaat etadi, bo'lish yoki ajratib chiqarish xo'jalik yurituvchi sub'ekt negizida ikki yoxud bir nechta alohida xo'jalik yurituvchi sub'ektni tashkil etish orqali amalga oshiriladi.

Xo'jalik yurituvchi sub'ektni majburiy tarzda bo'lish yoki ajratib chiqarish quyidagi shartlarning barchasi jam bo'lganda amalga oshirilishi mumkin:

bo'linayotgan yoki ajratib chiqarilayotgan tarkibiy bo'linmalarning tashkiliy va hududiy jihatdan ajralib chiqish imkoniyati mavjud bo'lganda;

uning tarkibiy bo'linmalari o'rtasida o'zaro uzviy texnologik bog'lanish mavjud bo'lmaganda;

bo'lish yoki ajratib chiqarish natijasida tashkil topgan tarkibiy bo'linmalarning tovar yoki moliya bozorida mustaqil faoliyat ko'rsatish imkoniyati mavjud bo'lganda.

4-bob. Monopoliyaga qarshi organ

21-modda.  Monopoliyaga qarshi organning vakolatlari

Monopoliyaga qarshi organ:

tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;

xo'jalik yurituvchi sub'ektning yoki shaxslar guruhining tovar yoki moliya bozorida ustun mavqei mavjudligini aniqlaydi;

Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning davlat reestrini yuritadi;

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan, shu jumladan tanlov (tender) va birja savdolarini o'tkazishda qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarining buzilishlarini aniqlaydi, ular bo'yicha ishlar qo'zg'atadi va ularni ko'rib chiqadi;

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ish yuzasidan, shu jumladan xo'jalik yurituvchi sub'ektlardan raqobatga qarshi harakatlar natijasida asossiz ravishda olingan daromadni (foydani) olib qo'yish va jarima solish haqida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaror qabul qiladi;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga, davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, shuningdek ularning mansabdor shaxslariga raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzish hollarini bartaraf etish to'g'risida ijro etilishi majburiy bo'lgan ko'rsatmalar beradi;

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni, davlat boshqaruvi organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, ularning mansabdor shaxslarini va boshqa jismoniy shaxslarni tegishli javobgarlikka tortadi;

litsenziyalashni joriy etish yoki bekor qilish to'g'risida, bojxona tariflarini o'zgartirish to'g'risida, kvotalarni joriy etish yoki bekor qilish haqida, shuningdek soliq hamda boshqa majburiy to'lovlarni to'lash bo'yicha imtiyozlar berish, imtiyozli kreditlar berish va davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashning boshqa turlarini tatbiq etish yoxud ularni bekor qilish to'g'risida tegishli davlat organlariga takliflar kiritadi;

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilganligi bilan bog'liq jinoyat alomatlari bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atish haqidagi masalani hal qilish uchun materiallarni tegishli organlarga yuboradi;

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarining qo'llanilishi va buzilishi bilan bog'liq ishlarning sudda ko'rib chiqilishida ishtirok etadi;

xo'jalik yurituvchi sub'ektlar, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshirishlar o'tkazadi;

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining reestrini yuritadi va e'lon qiladi;

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarining qo'llanilishi masalalari yuzasidan o'z vakolatlari doirasida tushuntirishlar beradi.

Monopoliyaga qarshi organ raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilganligi haqidagi, shu jumladan:

davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlariga butunlay yoki qisman muvofiq bo'lmagan hujjatlarini va harakatlarini haqiqiy emas deb topish haqidagi;

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bo'lmagan bitimlarni (shartnomalarni) o'zgartirish yoki bekor qilish haqidagi;

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bo'lmagan bitimlarni (shartnomalarni) butunlay yoki qisman haqiqiy emas deb topish haqidagi;

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilganligi natijasida olingan daromadni (foydani) belgilangan tartibda undirish haqidagi;

ushbu Qonunning 14 va 15-moddalarida nazarda tutilgan asoslarga ko'ra savdolarni va mazkur savdolar natijasida tuzilgan bitimlarni (shartnomalarni) haqiqiy emas deb topish to'g'risidagi;

xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni majburiy tarzda bo'lish yoki ajratib chiqarish to'g'risidagi;

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo'l qo'ygan shaxslarga nisbatan huquqiy ta'sir ko'rsatish choralarini qo'llash haqidagi arizalar bilan sudga murojaat qiladi.

Monopoliyaga qarshi organ qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

22-modda.    Axborot olish huquqi

Monopoliyaga qarshi organning mansabdor shaxslari raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilganligi haqidagi arizalar va ishlarni ko'rib chiqish, shuningdek raqobatning holatini aniqlash uchun belgilangan tartibda xo'jalik yurituvchi sub'ektning hujjatlarini, axborotini olish va uning hududiga kirish huquqiga ega.

23-modda.  Monopoliyaga qarshi organga axborot taqdim etish

Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo'jalik yurituvchi sub'ektlar va ularning mansabdor shaxslari monopoliyaga qarshi organning talabiga ko'ra unga zarur hujjatlarni va axborotni belgilangan tartibda tekin taqdim etishi shart.

24-modda. Tijorat sirini yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarning monopoliyaga qarshi organ tomonidan oshkor etilishini taqiqlash

Monopoliyaga qarshi organ ushbu Qonunga muvofiq o'ziga berilgan vakolatlarni amalga oshirishi munosabati bilan ma'lum bo'lib qolgan tijorat sirini yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarni oshkor qilishga haqli emas.

Monopoliyaga qarshi organning xodimlari tijorat sirini yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarning oshkor etilishi natijasida etkazilgan zarar uchun javobgar bo'ladi. Xo'jalik yurituvchi sub'ektga etkazilgan zararning o'rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi kerak.

5-bob.     Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzish

25-modda.    Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzish oqibatlari

Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda xo'jalik yurituvchi sub'ektlar raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzgan taqdirda:

monopoliyaga qarshi organning raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilishlarini bartaraf etish haqidagi ko'rsatmasini belgilangan muddatda bajarishi;

etkazilgan zararning o'rnini qoplashi;

jarima to'lashi shart.

26-modda.    Etkazilgan zararning o'rnini qoplash

Davlat boshqaruvi organi, mahalliy davlat hokimiyati organi tomonidan raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzuvchi hujjat qabul qilinganligi natijasida xo'jalik yurituvchi sub'ektga yoxud boshqa shaxsga etkazilgan zararning o'rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi kerak.

Agar davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va ular mansabdor shaxslarining raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzuvchi harakati (harakatsizligi) tufayli xo'jalik yurituvchi sub'ektga yoxud boshqa shaxsga zarar etkazilgan bo'lsa, u holda mazkur zararning o'rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi lozim.

27-modda.    Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarimalar

Monopoliyaga qarshi organ raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini quyidagi buzish hollari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jarima soladi:

1) xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo'lgan kelishib olingan harakatlari va bitimlari uchun, shuningdek tovar yoki moliya bozoridagi ustun mavqeini suiiste'mol qilganlik uchun:

yuridik shaxs bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga — tovar yoki moliya bozorida qoidabuzarlik sodir etishning butun davrida tovarni realizatsiya qilishdan olingan tushum summasining bir foizidan ikki foizigacha bo'lgan miqdorda, biroq eng kam ish haqining ikki yuz baravaridan ko'p bo'lmagan miqdorda;

jismoniy shaxs bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga — eng kam ish haqining besh baravaridan etti baravarigacha miqdorda;

2) xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni qo'shib yuborishda, qo'shib olishda va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) hamda boshqa mulkiy huquqlarni olish bo'yicha bitimlar tuzish chog'ida raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun quyidagi miqdorlarda:

yuridik shaxs bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga — eng kam ish haqining etmish baravaridan yuz baravarigacha miqdorda;

jismoniy shaxs bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga — eng kam ish haqining besh baravaridan etti baravarigacha miqdorda;

3) raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzish hollarini tugatish haqidagi, dastlabki holatni tiklash to'g'risidagi ko'rsatmalarni ijro etishdan bo'yin tovlaganlik yoki o'z vaqtida ijro etmaganlik uchun:

davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga va yuridik shaxs bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga — eng kam ish haqining etmish baravaridan yuz baravarigacha miqdorda;

jismoniy shaxs bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga — eng kam ish haqining besh baravaridan etti baravarigacha miqdorda;

4) monopoliyaga qarshi organga axborotni taqdim etmaganlik yoki o'z vaqtida taqdim etmaganlik, noto'g'ri yoki yolg'on ma'lumotlar taqdim etganlik uchun davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga hamda yuridik shaxs bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga — eng kam ish haqining o'n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda;

5) tanlov (tender) yoki birja savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablarni buzganlik uchun yuridik shaxs bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga — eng kam ish haqining ikki yuz baravari miqdorida. 

28-modda.    Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarimalar solish tartibi

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarimalar solish sud tomonidan, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xo'jalik yurituvchi sub'ektlar sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybiga iqror bo'lgan hamda jarimani ixtiyoriy ravishda to'lagan taqdirda esa, monopoliyaga qarshi organ tomonidan amalga oshiriladi.

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarima monopoliyaga qarshi organning jarima solinganligi to'g'risidagi qarori qabul qilingan kundan e'tiboran o'ttiz kunlik muddatda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan to'lanadi.

Agar raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga yo'l qo'ygan yuridik yoki jismoniy shaxs jarima solish to'g'risidagi qarorning darhol ijro etilishi o'zining moliyaviy holatini yomonlashtirishi mumkinligini isbotlab bersa, monopoliyaga qarshi organ mazkur shaxsga jarimani belgilangan tartibda kechiktirib yoki bo'lib-bo'lib to'lash imkonini berishga haqli.

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun xo'jalik yurituvchi sub'ektning oxirgi hisobot sanasidagi joriy aktivlari jami balans qiymati summasining yigirma foizidan ortiq miqdorda jarima undirish monopoliyaga qarshi organ tomonidan mazkur sub'ektga undiriladigan summani undirish to'g'risida qaror qabul qilingan kundan e'tiboran olti oy mobaynida kechiktirib yoki oyma-oy bo'lib to'lash imkoni berilgan holda amalga oshiriladi.

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarima to'lash monopoliyaga qarshi organning qarorini (ko'rsatmasini) ijro etish yoki raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Raqobatni cheklovchi va raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq yo'l qo'yib bo'lmaydigan bitimlar tuzganligi hamda kelishib olingan harakatlar sodir etganligi haqida monopoliyaga qarshi organga birinchi bo'lib ixtiyoriy ravishda ma'lum qilgan shaxs ushbu qoidabuzarlik uchun jarima to'lashdan ozod qilinadi.

6-bob.     Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishlarni qo'zg'atish va ko'rib chiqish. Monopoliyaga qarshi organning qarori va ko'rsatmasini ijro etish hamda bunday qaror va ko'rsatma ustidan shikoyat berish

29-modda.     Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishlarni qo'zg'atish va ko'rib chiqish

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishlarni qo'zg'atish va ko'rib chiqish monopoliyaga qarshi organ tomonidan amalga oshiriladi.

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishlarni qo'zg'atish va ko'rib chiqish uchun monopoliyaga qarshi organning o'z tekshiruvlari, o'rganishlari, yuridik va jismoniy shaxslarning, davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining arizalari hamda tegishli organlarning taqdimnomalari asos bo'ladi.

Davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining va xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning mansabdor shaxslari tomonidan raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilganligi haqidagi ishlarni monopoliyaga qarshi organ O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga muvofiq ko'rib chiqadi.

30-modda.   Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar quyidagilardir:

o'ziga nisbatan raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqida ish yuritilayotgan shaxs;

yuridik va (yoki) jismoniy shaxslarning vakili;

guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va boshqa manfaatdor shaxslar.

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish qo'zg'atish to'g'risida ajrim chiqarilgan kundan e'tiboran ish materiallari bilan tanishib chiqishga, bundan davlat sirlari va qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlar mustasno, ulardan ko'chirmalar olishga, og'zaki va yozma tushuntirishlar berishga, dalillar taqdim etishga va ularning tekshirilishida ishtirok etishga, ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga savollar berishga, iltimosnomalar kiritishga hamda ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning iltimosnomalari va vajlariga qarshi e'tirozlar bildirishga haqli.

31-modda.     Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishlarni qo'zg'atish va ko'rib chiqish tartibi

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ish qo'zg'atilgan kundan e'tiboran bir oylik muddat ichida ko'rib chiqiladi. Alohida hollarda, ishning murakkabligiga qarab, mazkur muddat ko'pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin.

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishni ko'rib chiqish keyinga qoldirilishi yoki to'xtatib turilishi mumkin. Ishni ko'rib chiqishni keyinga qoldirish, to'xtatib turish va tiklash to'g'risida monopoliyaga qarshi organ tegishli ajrim chiqaradi, mazkur ajrimning ko'chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishlarni qo'zg'atish va ko'rib chiqish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

32-modda.     Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ish yuzasidan monopoliyaga qarshi organning qarori

Monopoliyaga qarshi organ raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishni mohiyatan ko'rib chiqish natijalari bo'yicha: 

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarining buzilganligi fakti aniqlanishi va tegishli huquqiy ta'sir choralarini ko'rilishi haqida;

ish yuritishni tugatish haqida qaror qabul qiladi.

Monopoliyaga qarshi organ:

raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilganligi faktlari tasdiqlanmagan taqdirda;

o'ziga nisbatan ish yuritilayotgan yuridik shaxs tugatilgan yoki jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda;

monopoliyaga qarshi organ ko'rib chiqayotgan raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ish yuzasidan sud tomonidan qaror qabul qilingan taqdirda, raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishni yuritishni tugatadi.

Monopoliyaga qarshi organning raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ish yuzasidan qarori darhol e'lon qilinishi lozim.

Monopoliyaga qarshi organning raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ish yuzasidan qaroriga asosan, o'ziga nisbatan qaror qabul qilingan shaxsga ko'rsatma beriladi.

33-modda.     Monopoliyaga qarshi organning ko'rsatmasini ijro etish

Monopoliyaga qarshi organning ko'rsatmasi unda belgilangan muddatda ijro etilishi lozim. Ko'rsatmani muddatida ijro etmaganlik ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo'ladi.

Monopoliyaga qarshi organning ko'rsatmasini unda belgilangan muddatda ijro etmaganlik deganda ko'rsatmani ijro etishni rad qilish yoki qisman ijro etish yoxud o'z vaqtida ijro etmaslik tushuniladi.

Monopoliyaga qarshi organ tomonidan ko'rsatma berilgan shaxslar ko'rsatmani ijro etish muddatini uzaytirish to'g'risida iltimosnoma berishi mumkin. Iltimosnomada ko'rsatilgan holat uzrli deb topilgan taqdirda, monopoliyaga qarshi organ ko'rsatmani ijro etish muddatini uzaytirishga haqli.

Monopoliyaga qarshi organ o'z ko'rsatmalari ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

34-modda.     Monopoliyaga qarshi organning qarori (ko'rsatmasi) ustidan shikoyat berish

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik haqidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar monopoliyaga qarshi organning qaroridan (ko'rsatmasidan) norozi bo'lgan taqdirda, qarorni butunlay yoki qisman haqiqiy emas deb topish to'g'risidagi ariza bilan sudga yoxud qarorni (ko'rsatmani) bekor qilish yoki o'zgartirish to'g'risidagi ariza bilan yuqori turuvchi monopoliyaga qarshi organga murojaat qilishga haqli.

Ariza berilganligi monopoliyaga qarshi organning qarori (ko'rsatmasi) ijrosini ariza ko'rib chiqiladigan vaqt mobaynida to'xtatib turadi.

35-modda.     Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati

O'z ustavlariga muvofiq raqobatni rivojlantirishga ko'maklashish va iste'molchilarning manfaatlarini raqobatga qarshi harakatlardan himoya qilish maqsadiga ega bo'lgan jamoat birlashmalari raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga haqli.

36-modda.    Nizolarni hal etish

Tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

37-modda.     Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Raqobat to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladi.

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

38-modda.    Ayrim qonun hujjatlarini o'z kuchini yo'qotgan deb topish

Quyidagilar o'z kuchini yo'qotgan deb topilsin:

1) O'zbekiston Respublikasining 1996 yil 27 dekabrda qabul qilingan «Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to'g'risida»gi

355-I-sonli Qonuni (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 yil, № 2, 54-modda);

2) O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996 yil 27 dekabrda qabul qilingan «Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasining Qonunini amalga kiritish tartibi haqida»gi 356–I-sonli Qarori (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 yil, № 2, 55-modda);

3) O'zbekiston Respublikasining 1999 yil 20 avgustda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi 832–I-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999 yil, № 9, 229-modda) XIX bo'limi;

4) O'zbekiston Respublikasining 2000 yil 15 dekabrda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini o'z kuchini yo'qotgan deb topish to'g'risida»gi 175–II-sonli Qonuni (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001 yil, № 1–2, 23-modda) I bo'limining 18-bandi;

5) O'zbekiston Respublikasining 2006 yil 10 oktyabrda qabul qilingan «Tadbirkorlik sub'ektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi O'RQ–59-sonli Qonunining (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006 yil, № 10, 536-modda) 15-moddasi.

39-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

Hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo'lgan o'z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko'rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlasin.

40-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.



 

O'zbekiston Respublikasining Prezidenti
I. KARIMOV
Download 99 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish