Birinchidan, buxgalteriya hisobining ushbu har ikkala qismi korxonaning maxsus bo‘linmasi bo‘lgan buxgalteriya tomonidan yuritilishi sababli ularda “buxgalteriya” so‘zi ishlatiladi.
Ikkinchidan, buxgalteriya moliyaviy hisobi va buxgalteriya boshqaruv hisobi, ularning nomlanishidan ko‘rinib turibdiki, mos ravishda, moliyaviy xarakterdagi hamda boshqaruv xarakteridagi axborotlarni o‘zida mujassamlashtiradi.
Moliyaviy xarakterdagi axborotlar deganda, odatda, yagona pul birligida o‘lchanadigan, qayd etiladigan va foydalanuvchilarga tegishli shakl va mazmunda taqdim etiladigan axborotlar tushuniladi. Buxgalteriya moliyaviy hisobi aynan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyati, faoliyat natijalari, mulki, mulkni tashkil topish manbalari to‘g‘risidagi moliyaviy xarakterdagi axborotlarni yig‘ish, qayd etish, guruhlash, jamlash hamda ularni foydalanuvchilar hukmiga tegishli shakl va mazmunda taqdim etish tizimi hisoblanadi.
Buxgalteriya moliyaviy hisobida shakllantiriladigan moliyaviy xarakterdagi axborotlar ham ichki, ham tashqi foydalanuvchilar uchun zarur hisoblanadi. Misol uchun, ichki foydalanuvchilarga korxonalar faoliyati, faoliyat natijalari, mulki va mulkni tashkil topish manbalari to‘g‘risidagi yagona pul birligida ifodalangan axborotlar ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha belgilangan reja (yoki budjet)larni bajarilishini uzluksiz nazorat hamda tahlil qilib borish uchun kerak. Tashqi foydalanuvchilar uchun yagona pul birligida moliyaviy xarakterdagi axborotlar korxonalar faoliyati samaradorligini, mulkiy va moliyaviy holatini, ular mustaqilligi va to‘lov qobiliyatini baholash hamda bu ko‘rsatkichlarni yaxshilash bo‘yicha tegishli qarorlarni qabul qilish uchun zarurdir.
Buxgalteriya boshqaruv hisobida asosan boshqaruv xarakteridagi va uning uchun o‘ta zarur bo‘lgan axborotlar shakllantiriladi. Buxgalteriya hisobining ushbu qismida buxgalteriya moliyaviy hisobidan farqli o‘laroq nafaqat pul birligidagi, balki natural va mehnat o‘lchov birliklarida ham ifodalangan axborotlar shakllantiriladi . Chunonchi, buxgalteriya boshqaruv hisobida har bir segment, ob’ekt, sub’ekt bo‘yicha olingan daromadlar, xarajatlar, yakuniy moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi axborotlarning tafsiloti, ishlab chiqilgan va sotilgan mahsulotlarning soni, sifati, xaridorgirligi, tannarxi, sotish bahosi, mehnat unumdorligi va boshqalar o‘z aksini topadi. Binobarin, bunday axborotlar faqat ichki ahamiyatga molik bo‘ladi va korxona rahbariyati uchun har bir faoliyat samaradorligini oshirishning ichki rezervlarni izlab topishda, ularga oid tezkor boshqaruv qarorlarini qabul qilishda ishlatiladi.
Shunday qilib, buxgalteriya hisobining tarkibiy qismlari hisoblangan buxgalteriya moliyaviy hisobi va buxgalteriya boshqaruv hisobiga quyidagicha ta’riflarni berish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |