5-fasl. Yosh avlod tarbiyasi va ta’lim tizimidagi islohotlar.
199
Sobiq Sho’rolar davridagi ta’lim tizimi 70-yillarga kelib byurokratik ma’murchilik oqibatida deyarli yaroqsiz ahvolga kelib qolgan edi. Ayniqsa, o’quv jarayoni va maktab dasturlarining voqe hayotdan ajrab qolganligi, ijtimoiy fanlarda totalitar mafkura hukmronligi natijasida 11 yillik o’rta maktabni bitirib chiqqan 17-
18 yoshli yigit-qiz agar oliy o’quv yurtiga o’qishga kira olmasa, ochig’ini aytganda, ko’chada qolar edi. Vaholanki, amalda o’rta maktab bitiruvchilaridan 10% i ham oliy o’quv yurtiga kirishga muyassar bo’la olmaydi. Demak, har yili bir necha yuz ming ayni balog’at yoshidagi yoshlar quruq umumiy nazariy bilim bilan
“Tarbiya biz uchun yo hayot yo mamot, yo najot yo halo-kat, yo saodat yo falokat”. Abdulla Avloniy
ish topish muammosiga duch keladilar. Ular qaerga bormasin, qay hunarni tanlamasin, yigit yoshida, to’liq o’rta ma’lumotga ega bo’lgan holda, faqat shogird yoki qora ishchi bo’lib ishlash imkoniga ega edilar, xolos. Sho’ro
tuzumining o’ysizligi, bag’ritoshligi, to’rachiligi yoshlarni shunday nochor ahvolga solib qo’ygan edi.
Istiqlol tufayli, Prezident I.A.Karimovning jonkuyarligi va tashabbusi bilan nihoyat bu xatarli ahvolga barham berildi. 1997 yilda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi IX sessiyasida Prezident “Barkamol avlod – O’zbekiston taraqqiyotining poydevori” degan mavzuda
nutq so’zlab, mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini tubdan o’zgartirish, uni yangi zamon talablari darajasiga ko’tarish, shu bilan o’sib kelayotgan avlodning kelajak hayotiga mustahkam poydevor yaratish masalasini bayon qilib berdi.
O’zbekiston Prezidenti ushbu nutqida va keyingi ma’ruzalarida yosh avlod tarbiyasining puxta o’ylangan va mukammal tizimini muhokamaga qo’ydi. Unga ko’ra bola tarbiyasi oiladan, endi turmush qurishni rejalashtirayotgan yosh yigit- qizlar (bo’lg’usi ota-onalar)ni oilaviy hayotga hozirlashdan boshlanib, onaning homiladorlik payti, bola tug’ilganidan 3
yoshigacha oilada tarbiyalanishi, 3-6 yoshda bog’cha tarbiyasi, boshlang’ich ta’lim, tayanch maktab, litsey-kollej va oliy ta’limdan to malaka oshirish, aspirantura, doktoranturagacha to’liq o’z ichiga qamrab oladi. Ayniqsa, ilgarigi 11 yillik umumiy majburiy ta’lim o’rniga 9 yillik majburiy tayanch maktab va 3 yillik ixtiyoriy- majburiy (o’qish – majburiy, kasb yo’nalishi bo’yicha tanlash - ixtiyoriy)
kollej-litsey ta’limining yo’lga qo’yilishi balog’at yoshiga etib endi mustaqil hayotga kirib kelayotgan yigit-qizlarni bugungi kunimiz uchun zarur bo’lgan muayyan kasb-hunarni egallab, kelajakka qarab dadil qadam tashlashlari uchun real imkoniyat yaratib berdi.
1997 yil 27 avgust kuni qabul qilingan “Ta’lim to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ga binoan ta’lim turlari: maktabgacha ta’lim, umumiy o’rta ta’lim, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim,oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim, kadrlar malakasini oshirish
200
va ularni qayta tayyorlash, maktabdan tashqari ta’lim shaklida belgilandi. Bulardan oliy ta’lim 2 bosqichda: bakalavriat (4 yil) va magistratura (2 yil) qilib belgilandiki, natijada oliy toifali mutaxassislarning ham ijtimoiy-iqtisodiy talablardan kelib chiqadigan darajalanishi vujudga keldi.
“Milliy dasturga” ko’ra “Ta’lim to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini amalga joriy qilishning 3 bosqichi belgilangan bo’lib, ularning birinchisi
1997-2001 yillarga, ikkinchisi – 2001-2005 yillarga, uchinchi bosqich esa 2005 yildan keyinga rejalashtirilgan edi.
Bugungi kunga kelib dasturda belgilangan birinchi va ikkinchi bosqich talablari to’liq hayotga joriy qilindi. Jumladan, 2004-2005 o’quv yilida respublikada 898 ta o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari (831ta kasb- hunar kolleji va 67 ta akademik litsey) faoliyat ko’rsatib, ularda jami 786 ming 295 o’quvchi ta’lim oldi. Shu o’quv yilida 171 ming 854 o’quvchi kasb-hunar kollejlarini bitirib ishlab chiqarishga yo’l oldi, 7 ming 204 yosh yigit-qizlar akademik litseylarni tugatib, oliy o’quv yurtlariga hujjat topshirishdi. Endigi kunda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun barcha fanlardan maxsus darsliklar tayyorlash, o’qituvchi kadrlar malakasini oshirish, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini ta’lim jarayoniga keng tatbiq qilish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini o’z egallagan mutaxassisligiga muvofiq ish bilan ta’minlashni yaxshilash va ta’lim bilan ishlab chiqarishni o’zaro muvofiqlashtirish kabi dolzarb masalalarga borgan sari jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Bugun respublikada 18 yoshgacha bo’lgan yigit-qizlar 10 milliondan oshiq bo’lib, mamlakat aholisining 40% ini tashkil qiladi. Yuqorida qisqacha aytib o’tilganidek, mustaqillik yillarida ularni tarbiyalash va mustaqil hayotga tayyorlash bo’yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. “Ta’lim to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ning birinchi va ikkinchi bosqichlarining amalga oshirilishi bilan mamlakatimiz bu sohada jahon standartlariga tenglashib olganligi sir emas. Ammo hali oldinda qilinadigan ishlar ko’p. Avvalo, tan olib aytish lozimki, jahonning eng rivojlangan mamlakatlarida ham mutaxassislar e’tirof etishicha ta’lim-tarbiya tizimining ahvoli qoniqarli emas. Ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-axloqiy tarbiyasida muammolar bir talay. Shunday bir holatda ajdodlarimizning ta’lim – tarbiya sohasidagi boy ma’naviy merosidan unumli foydalanib bu yo’nalishda milliy ma’naviyat va jahon madaniyati an’analari uyg’unligini ta’minlash ustida hali ko’p izlanishlar olib borish lozim bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |