“O‘zelektroapparat-Elektroshchit” ochiq aksiyadorlik jamiyatida energiya ta’minoti uchun yangi va ixcham fotoelektr stansiyalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Quyosh panelli kichkina metall konteyner quyosh energiyasini akkumulyator batareyasida to‘plab, elektr energiyaga aylantiradi. Noutbuk, uyali aloqa telefoni, raqamli uskunalar, quvvat qurilmalarini, yoritish va ko‘chmas elektr tarmoqlar mavjud bo‘lmagan joylarda boshqa elektr moslamalarni elektr bilan ta’minlash uchun ushbu energiya manbaidan foydalanish qulay.
Bugun zamonaviy yirik shaharlarda energiya ta’minoti miqdori shiddat bilan ortib borayotgani muqobil energiya manbalarini rivojlantirishni taqozo etmoqda. Uglevodorod xomashyosi kamayib borayotgan bugungi sharoitda jahonning deyarli barcha mamlakatlari iqtisodiyotni barqaror yuksaltirish va uning raqobatbardoshligini oshirishning muhim manbai bo‘lgan muqobil energiya manbalaridan foydalanishga doir ishlanmalar ustida izlanmoqda. Ilgari muqobil energiya manbalari qimmat va iqtisodiy jihatdan nomuvofiq hisoblangan bo‘lsa, bugun quyosh batareyalaridan foydalanish bilan hech kimni hayron qoldirib bo‘lmaydi.
Kichik va o‘rta quyosh elektr stansiyalari soni yildan-yilga ko‘payib borishi tufayli ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan energiya hajmi ham ortib bormoqda. Deyarli yil davomida quyosh porlab turadigan mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalari katta imkoniyat va keng rivojlanish istiqboliga egadir.
Issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun past quvvatli qurilmalar, elektr olish maqsadida esa fotoelektr hamda termodinamik o‘zgartgichlarni yaratish, maxsus materiallarni sintez qilish texnologiyalarida quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari samarali tarzda faol amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda o‘n yildan ko‘proq vaqtdan buyon turar-joy binolari va ijtimoiy ob’ektlarni quyosh suv isitish qurilmalari asosida issiq suv bilan ta’minlash tizimlaridan sinov tariqasida foydalanilmoqda. Toshkent shahri, Samarqand viloyati va boshqa hududlarda issiq suv olish gelioqurilmalari o‘rnatilgan. Turli quvvatda ishlaydigan fotoelektr qurilmalarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
“O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi mamlakatimiz elektr tarmog‘ida muqobil energiya manbalarini joriy etib, yoqilg‘i-energetika muvozanatini ta’minlamoqda va energiya ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan energiya resurslari ulushini oshirmoqda. Masalan, shamol energiyasi qurilmalari stansiyasini qurish yo‘lga qo‘yildi, quyosh issiq suv ta’minoti tizimi hamda umumiy quvvati 12 kVtli fotoelektr stansiyalar foydalanishga topshirildi.
Mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va tatbiq etish energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 1-martda qabul qilingan “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muqobil energiyani yanada rivojlantirish, mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etishga ko‘maklashadigan boy tabiiy resurslarni o‘zlashtirish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, muqobil energiya manbalari, avvalambor, quyosh energiyasidan foydalanish borasida ilmiy va tajriba tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir.
Ushbu me’yoriy hujjatda O‘zbekistonda muqobil energiya manbalarini ishlab chiqarish, ularni ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilgan. “O‘zelektroapparat-Elektroshchit” ochiq aksiyadorlik jamiyati mamlakatimizdagi muqobil energiya manbalari ishlanmasi, ularni ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanadigan yirik korxonalardan biridir.
Mazkur korxonadan ma’lum qilishlaricha, bu yerda tayyorlanayotgan barcha stansiyalar zarur sertifikat va qo‘shimcha hujjatlarga ega. Yil boshidan buyon o‘ndan ortiq fotoelektr stansiya sotilgan, yana ellikdan ziyod buyurtma tayyorlanmoqda. Quyosh panellari bilan birga dizel generatori o‘rnatiladigan gibrid tizimga talab katta. Ushbu tizim to‘liq avtomatlashtirilgan. Quyoshli kunlarda panellar binoni elektr bilan ta’minlaydi va elektr quvvatini muqobil ishlash uchun akkumulyatorda to‘playdi. Panellar energiya olmaydigan qish va bulutli kunlarda esa dizel generatori avtomatik tarzda qo‘shiladi hamda quyosh panellaridan olinadigan elektr ta’minoti qayta tiklangunga qadar ishlaydi. Ko‘chmas tizimlarga aylantirish imkoni bo‘lgan bunday tizimlarga ulangan binolar shahar energiya ta’minotidan ham, gibrid tizimdan ham foydalanishi mumkin. Akkumulyatorlar esa keyinchalik mustaqil tartibda ishlash uchun o‘zida tarmoqdan energiya to‘playdi.
Quyosh nurini elektr energiyasiga aylantiradigan yangi, ixcham fotoelektr stansiyalar “O‘zelektroapparat-Elektroshchit” ochiq aksiyadorlik jamiyatining so‘nggi ishlanmalaridan biridir. Ulardan kam quvvat iste’mol qiladigan uskunalarni elektr bilan ta’minlashda foydalanish mumkin. Tizim qisqacha tutashuvdan, shuningdek, batareyaning qizib ketishi, haddan ziyod quvvat olishi yoki quvvatsizlanishidan avtomatik himoyalangan.
Muqobil energiya manablari mamlakatimiz energiya tizimiga faol joriy etilib, bu borada samarali izlanishlar olib borilmoqda, turli qayta tiklanadigan energiya manbalari o‘zlashtirilayotir. O‘tkazilayotgan ko‘plab yarmarka va ko‘rgazmalar xususiy sektorda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni targ‘ib qilishga yordam bermoqda. Bunday sa’y-harakatlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, quyosh va biogaz energiyasini ishlab chiqaruvchilar hamda ulardan foydalanuvchilarni rag‘batlantirish, ularga soliq, bojxona imtiyozlari va preferensiyalar berish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar mazkur tarmoqni yanada rivojlantirishga xizmat qilib, arzon va ekologik toza energiya ishlab chiqarish imkonini berayotir.