2-TOPSHIRIQ
Quyidagi maqolalarni o’qing va ularga annotatsiya yozing.
XALQ DILIDAGI NAVOIY
Ulug` kishilar haqida rivoyat va afsonalar yaratish qadimdan odat bo`lib kelgan. Turli zamonlarda davlat arboblari, donishmandlar, olimlar, fozillar va shoirlar haqida xilma-xil afsonalar vujudga kelgan. O`rta Osiyoning Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Ulug`bek kabi daho olimlari haqida juda ko`p va xilma-xil afsonalar to`qilgan. Alisher Navoiy haqida shu kunga qadar to`plangan va ommalashgan folklor materiallarni til va hududga qarab shartli ravishda uchga bo`lish mumkin. Bular forstojik tilidagi Buxoro afsonalari, ―Mirali va Sulton Suyun‖ turkumidagi turkman xalq afsonalari va nihoyat o`zbek tilida yaratilgan afsonalardir.
Ayrim afsonalarda Navoiyning o`zi ham mehnatkash dehqon, bog`bon yoki mardikor qiyofasida tasvirlanadi. Shu o`rinda biz filologiya fanlari doktori M.Murodov nashrga tayyorlagan ―Allomalar ibrati nomli kitobdan o`rin olgan afsonalarni e‘tiboringizga havola qilmoqchimiz. Bu kitobdagi Alisher Navoiy haqidagi afsonalar mavzui xilma-xil bo`lib, ularning har biri buyuk shoirning sermazmun va serqirra ijodining u yoki bu tomonini ochishga qaratilgan. To`plamdagi ayrim afsonalarda Navoiy va she‘riyat masalalari markaziy o`rinda turadi. Jumladan, ―Alisher va bulbul‖, ―G`azal to`qish ham qiyinmi?‖, ―Dono Navoiy‖, ―Bo`xtonning umri qisqa‖ kabi afsonalarda Navoiy she‘riyat qonunqoidalarini batafsil bilgan, uni g`oyatda qadrlovchi va e‘zozlovchi shoir sifatida talqin qilinadi.
―Navoiy o`tdi ko`changdan‖ nomli afsonada hikoya qilinishicha, Alisher Navoiy bilan Husayn Boyqaro yoshlikdan juda qalin do`st ekan. Husayn Boyqaro suvoriy to`plab, jang suronlar qilib, podshoh bo`libdi. Alisher esa shoirlikni istab, bir shaharga borib mashhur bo`lib, qaytib kelibdi. Xalq uni shodu hurramlik bilan qarshi olibdi. Podshoh esa uni hatto yo`qlamabdi ham. Shunda Alisher Navoiy ―Husayn kelganimni eshitmagandir yoki uning podshohlik yumushlari ko`pdir‖, deb o`ylabdi va sevimli ma‘shuqasi Gulini yetaklab uning huzuriga yo`l olibdi. Podshoh esa shaharning o`rtasida bir bog` barpo ettiribdi, unda shu ko`chadan o`tgan oddiy xalqni jazolashni odat qilibdi. Bundan Alisher Navoiy xabarsiz ekan. Alisher va Gulini posbonlar tutib, shohning oldiga olib boribdilar. Podshoh Alisherni tanibdi-yu, ―o`z hukmimda turmasam a‘yonlar oldida beburd bo`lib qolaman‖, deb o`ylab, Alisher va Guliga qarab shunday debdi: - Hoy, musofirlar, bog` ko`chaga borib gunohkor bo`libsizlar. Men sizlarga zindon qilishim kerak. Lekin bir savolimga to`g`ri javob bersanglar, gunohlaringdan o`taman. Savolim shu: ―Bir so`z degilki, unda o`zing bilan ayolingni ismi, nima sababdan bog` ko`chaga kirganing anglashilsin. Javobing menga hamda a‘yonlarimga ma‘qul bo`lsin‖.
Navoiy bir daqiqa o`ylanib turibdi-da, xayoliga kelgan ushbu she‘rni aytibdi:
Navoiy o`tdi ko`changdan piyoda yori bilan, Kishi balog`a qolurmu o`z ixtiyori bilan, Bog`bonni do`st debon keldim ko`cha bog`i bilan Afv etsalar ketgumdur Guli – yorim bilan.
Shunda Husayn: ―Kechiring, do`stim!‖, - deb Alisherning quchog`iga otilibdi.
Bu afsonada Navoiyning hayoti, Husayn Boyqaro bilan o`zaro munosabatlariga oid tarixiy faktlarni xalq o`ziga xos badiiy estetik uslubda bayon etgan.Afsonada shohning sharti oddiy, shunchaki bir sinov emas. Uning shartiga ko`ra gunohining sababini she‘r bilan javob qaytarishi kerak. Mazkur epizodning xarakterli tomoni shundaki, birgina shu kichik vosita (sharh) orqali ham Alisher Navoiyga xos donolik va buyuk san‘atkorlik hamda Husayn Boyqaroga xos manmanlik ayni paytda esa she‘riyatga xos oshuftalik tarixiy haqiqatga hamohang. Navoiyning ko`cha posboniga ―Bu adolatdan emas, inim‖ deya uqtirishida ham shoirning adolatga, haqiqatga tashnaligi ifodalangan.
To`plamdan o`rin olgan ―Odam ersang‖ nomli afsona shoir hayoti, shaxsi bilan bog`liq tarixiy voqealar zaminida yuzaga kelgan bo`lsa ajab emas. Afsonada hikoya qilinishicha, Mir Alisher Navoiy yoshi bir joyga yetib qolganida haj safarga borish uchun podshohdan bir necha bor ruxsat so`raydi. Lekin har gal u rad javobini oladi. Bir gal unga shoh ochiqchasiga: ―Sizsiz ulusni boshqarish qiyin. A‘yonlarga ishonib bo`lmaydi, poyimni qirqish maqsadida bo`ladi. Do`stim deb bilsangiz, meni yolg`iz hech qayoqqa tashlab ketmangiz‖, deb aytadi. Oradan bir yil o`tgach, nihoyat u shohdan haj safariga ijozat olib, hovlisiga kelsa, san‘at va ilm ahli, oddiy xalq namoyandalari Navoiyni kutib turishgan ekan. Ular Alisher Navoiyni haj safaridan qaytarishga kelgan ekan. Shoirning bir me‘mor do`sti shunday dedi:
- Hazrat, safar ixtiyorini tark eting. Sizsiz holimiz zabun bo`ladi. Ariqlar qaziluvi, binolar quruluvi bekor bo`ladi, el boshi g`alayon, to`s-to`polondan chiqmaydi.
Bir keksa temirchi esa: - Ulus masjid desa, masjid soldirdingiz, madrasa desa, madrasa qurdirdingiz. Siz bino qildirgan bu hammomlar, ko`priklar, ariqlar, hovuzlar, bog`-rog`lar, kutubxona savobi o`rnini bosaolmaydimi?-deydi. Boshqa biri:- Siz yetimlarga – ota, uysizlarga – uy, suvsizlarga – suv bo`ldingiz. Sizning rahm-shafqat, muruvvatingizdan odamlargina emas, jonivorlar, hatto hasharotlar bahramanddirlar, shuning o`zi savob, deb gapni cho`rt kesadi.
Afsonada Alisher Navoiy obraziga xos xususiyatlarning yanada eng xarakterlilariga duch kelamiz. Bu o`ziga xoslik shundaki, uning zamirida Navoiy faoliyati, hayotiga oid tarixiy voqea-hodisalar o`z aksini topgan. Ma‘lumki, Navoiy Husayn Boyqaro saroyida vazirlik qilgan va xalq manfaatlarini ko`zlab ―Safoiya‖, ―Shifoiya‖ kabi o`nlab binolar qurdirganligi tarixiy haqiqatdir. Jumladan, shoir hozirgi Turkmaniston hududida bo`lgan Marv (Mari), shahrida ham ―Xusraviya‖ kabi ulkan madrasa qurdirgan. Ushbu afsonadagi ―ulus masjid desa, masjid qurdirdingiz, madrasa desa, madrasa qurdirdingiz‖, degan gaplarda yuqorida aytilgan haqiqatga ishora borday. Bu haqiqatni xalq, albatta, o`ziga xos badiiy ta fakkur orqali ifoda etgan. Afsonadan ko`rinib turibdiki, Navoiy xalq tasavvurida nihoyatda xalqparvar, adolatparvar, beva-bechoralarga bosh panoh bo`lgan.
Navoiyning ijtimoiy adolatsizlikka, zulmga qarshi odilona sa‘y-harakatlari ―Ona suti‖ afsonasida o`ta ta‘sirchan o`z ifodasini topgan. Afsonada bayon qilinishicha, Navoiy kunlarning birida bir darvoza yonida iztirob o`tida qovurilib o`tirgan ayolga ko`zi tushadi. Navoiy qayta-qayta so`rayvergach, ayol o`z g`ami boisini so`zlab beradi: ―Podshohi olampanohimizning bir odatlari bor. O`zlari dunyoga kelgan kunlari tug`ilgan bola o`n beshga kirdi deguncha uni o`ldirtirib yuboradi. Men ham bundan bir kuni kam o`n besh yil burun bir o`g`il ko`rgan edim. Uni podshohlikka bildirmaslikka qancha urinmay, ayg`oqchilar payqab qolib, podshohga xabar qilishgan ekan. Kuni kecha kelib: ―Ertaga o`g`ling o`n beshga to`ladi, podshohlikka olib ketamiz‖, deyishdi. Yakka-yu yagona nuri diydamning kuni bitdi... Qanoti qayrilgan lochin ucholmas deganlaridek, bolamdan ayrilgan kunim mening o`lganim, men yig`lamay kim yig`lasin‖. Shundan so`ng Navoiy ayolning uyiga kirib, uning o`g`liga ―Onang o`z sutidan xamir qorib, kulcha yopib bersin‖, deb tayinlaydi. Kulcha tayyor bo`lgach, u bolaga ―o`lim oldidan oxirgi iltimosdan foydalanib, sen shu kulchalardan podshohga yedir‖, deb o`rgatadi. Ertasi hamma voqealar Navoiy o`ylagandek kechadi: Yarimta kulcha yegan podshohda bolaga mehr uyg`onib, uni o`z tug`ishgan ukasidek yaxshi ko`rib qoladi. Uni o`ziga vazir qilib tayinlaydi va shu kundan boshlab odat qilib olgan bema‘ni zulmkorlikdan ham voz kechadi.
Mazkur afsonadagi tasvir etilgan mash‘um voqea Navoiy shaxsi va faoliyatiga bevosita aloqadorligi yo`q, albatta. Biroq afsonadagi Navoiy tutgan tadbirkorlik, undan zulmga bo`lgan nafrat, hamda nochor kimsalarga bo`lgan ulkan mehrning ildizlari o`z mohiyati jihatidan tarixiy shaxs – Navoiy bilan bilvosita bog`lanadi. Afsona o`quvchi tasavvurini Mo`min Mirzo fojiasi, shoirning jiyani darveshsifat Haydarning vahshiylarcha o`ldirilishi bilan bog`liq voqealar zaminiga yo`naltiradi. Afsonaning zamirida hayotiy voqealar va munosabatlar uchquni mavjudligiga shubha yo`q.Zero, Navoiy xalq uchun, ona Vatan uchun butun umrini tikdi:
Yuz jafo qilsa manga, bir qatla faryod aylamon.
Elga qilsa bir jafo,
yuz qatla faryod aylaram.
Adabiyotlar:
1. Murodov M. Allomalar ibrati. Toshkent, Adabiyot va san‘at, 1982.
2. Safarov O. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi. –T., Musiqa, 2010.
Do'stlaringiz bilan baham: |