QUSHLAR TIMSOLI – KO‘NGIL OINASI
O‘tkir Yo‘ldoshev,
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU
stajor-tadqiqotchisi
G-mail: utkiryuldoshev491@gmail.com
Annotatsiya. Dunyodagi yaratiqlarning barchasi bir-biri bilan uzviy bog‘liq, shuningdek, yaratiqlarning oliysi bo‘lmish inson uchun yaratilgan, shu bilan birga ularning har biri o‘ziga xos ramziylik kasb etadi. Ushbu maqolada qushlar vositasida insonlarga xos xususiyatlar qalamga olingan bo‘lib, unda poklik, solikning kamolot yo‘li ta’rif etiladi.
Kalit so‘zlar: tayr, vodiy, to‘sha, iqlim, podsho, Anqo, Simurg‘, Hudhud, elchi.
Odam fikrlay olishi bilan boshqa mavjudotlardan farq qiladi. U nafaqat fikrlaydi, balki, fikrlarini boshqalarga ham bildira oladi. So‘zlovchi tinglovchiga o‘z fikrlarini bayon etar ekan, so‘zining ta’sirini oshirish, tinglovchi yaxshiroq tushinishi uchun o‘y-fikrlarini obrazli fikrlash orqali boshqa narsalarga qiyos qilib ramziy ifodalar bilan so‘zlaydi. Zeroki, narsa, hodisalarni o‘z holicha emas, balki ramziy obrazlar orqali bayon etish so‘zning qiymatini oshiradi hamda tinglovchi tushinishi osonlashadi. Obrazli fikrlash va ramziy ifodalar adabiyotning asosini tashkil qiladi.
Shu bilan birgalikda ramziy ifodalar orqali juda ko‘p ma’nolar bir so‘z bilan ifodalanadi. Masalan, ayyorlikda tengi yo‘q kishini shunday sifatlarga xos bo‘lgan tulki obrazi orqali, boqibeg‘am kishilarni esa ayiq obrazi orqali ifodalaymiz. Pok, go‘zal kishilar esa qushlarga tenglashtiriladi.
Dunyo adabiyotida faqat ramziylik kasb etgan asarlar talaygina. Masalan, Hind eposi “Panchatantra”, arab xalqlarda “Ming bir kecha”, o‘zbek adabiyotida “Zarbulmasal” kabi asarlarni aytishimiz mumkin. Mazkur asarlarda hayvonlar va qushlar vositasida insonlarga xos xususiyatlar ifodalanadi.
Turkiy adabiyotida ramziy timsollar orasida qush obrazi alohida o‘ringa ega. Bu bo‘yicha alohida tadqiqootlar ham olib borilgan. A.Irisov, U.Sultonov, Z.Mamadaliyeva, Sh.Hasanovalarning ishlari shular jumlasidandir. Faqat qushlar vositasida yozilgan asarlar ham talaygina. Ulardan bizgacha yetib kelganining dastlabkisi sifatida Ibn Sinoning “Tayr qissasi”ni ko‘rishimiz mumkin.
Ushbu qissada hikoya qilinishicha, qushlar tuzoqqa tushishadi va oyog‘ida qolib ketgan tuzoqni yechish uchun “Buyuk Podsho” huzuriga sakkiz tog‘ni (asarda “buq’a deb nomlanadi) oshib borishi kerakligi aytiladi va ularga o‘zlariga o‘xshagan va jabr ko‘rgan boshqa qushlar yo‘l ko‘rsatishadi. Qushlar sakkizinchi tog‘dan oshib o‘tib “Buyuk Podshoh” huzuriga yetib boradilar. Podshohni ko‘rgan qushlar ahvoli quyidagicha ta’riflanadi: “Parda ko‘tarilib, podshoh jamoliga ko‘zimiz tushgach, unga ko‘nglimiz tushib, hammamiz hushimizdan ketib, shikoyat qilishga ham qodir bo‘lmay qoldik”. Buyuk Podsho esa ularning dardidan ogoh bo‘lib, oyog‘idagi tuzoqni uni qo‘ygan kishidan boshqa hech kim yecha olmasligini, ovchiga elchi yuborib, tuzoqni yechishini iltimos qilishini aytadi.1
Ushbu asarda qushlar obrazi, bizningcha, inson ko‘ngli tushuniladi. Tuzoq esa foniy dunyo matohlari, gunohlari (nafs). Qushlarning podsho oldiga tuzoqdan qutilish uchun borishi – ko‘ngilning gunnohlardan tavba qilishiga o‘xshatish mumkin. Elchidan murod esa kishini hidoyat yo‘licha boshlovchi pir ramzidir. Filologiya fandalari nomzodi Zuhra Mamadaliyeva o‘z maqolasida qushlar oshib oʻtgan vodiylarni paygʻambarimiz meʼroj kechasi bosib oʻtgan osmonning sakkizta qavatiga ishora ekanligini aytadi. Olimaning ma’lumotiga ko‘ra Ibn Sino “Tayr qissasi”ni qamoqda shogirdlariga yuborgan noma tarkibida bitgan. U bu risolalarni faqat shogirdlari va yaqin kishilari uchun yozgan boʻlib, uni omma tushunishini zarur, deb hisoblamagan. Ibn Sinoning bu falsafiy risolalarida ramziy timsollar, asosan, muallif fikrini “yomon koʻzdan” yashirish uchun xizmat qiladi.2 Ba’zi olimlar ushbu asarni Ibn Sinoning tarjimai holiga bog‘liq deb qaraydilar. Asardagi tuzoq – Mahmud G‘aznaviyning changali, qushlar boshi, qanotlarining ozod bo‘lishi esa Xorazmshohning olimlarga o‘z taqdirlarini o‘z qo‘llariga berishi, qushlar oyoqlarida tuzoq qoldiqlarining qolishi. Ibn Sino qaysi o‘lka, qaysi shaharga borsa, hamon muhayyo bo‘lib turgan Mahmudning ta’qibi, qushlar qochib kezib yurgan shaharlardir.
Chinakam tasavvufiy timsolni maqsad qilgan yana bir asar Abu Homid Muhammad Gʻazzoliyning “Risolat ut-tayr” qissasidir.3 Asar syujeti Ibn Sinoning “Tayr qissasi”ga o‘xshaydi, ammo ba’zi farqli jihatlari mavjud. Qushlar tuzoqqa tushishmaydi, balki o‘zlariga bir podsho saylashni ma’qul ko‘rishdi. Qushlar “Buyk Podshoh” emas, balki Anqo huzuriga borishadi. “Tayr qissasi”da qushlarning barchassi Podsho huzuriga yetgan bo‘lsa, “Risolat ut-tayr”da ularning ko‘pchiligi yo‘lda vafot etadi va bir qismigina yetib boradi. Anqo bilan qushlar o‘rtasidagi savol-javoblarni G‘azzoliy Qur’on oyatlari asosida izohlaydi. Masalan, qushlar o‘zlarining yo‘lda halok bo‘lgan hamrohlari taqdiri haqida so‘raganlarida shunday javob beriladi: “Tangri yo‘lida halok bo‘lganlarni o‘lik deb emas, hayot deb hisoblanglar”. Umuman, risolada Qur’ondan yigirmaga yaqin oyat keltirilgan bo‘lib, ularning mazmuni insonlarni ezgu ishlar qilishga chorlash, bu yo‘lda ularni qanday qiyinchilik va tuhfalar kutayotganligi haqidadir.
Keyinchalik Nosiruddin Burhonuddin Rabg‘uziy “Qisasi Rabg‘uziy” asarida qushlar obraziga keng o‘rin beradi. Unga ko‘ra qushlar Sulaymon alayhissalom boshiga soya soladi, Hudhud (sassiqpopishak) esa vodiylar oshib Bilqisga Sulaymon xabarini yetkazishda xizmat qiladi. Rabg‘uziydan keyingi ijodkorlar asarlariga Hudhud yetakchi obraz sifatida qatnashadi.
Qushlar obrazi orqali yuksak badiiyat namunasini yaratgan ijodkor fors shoiri va mutafakkiri Shayx Fariduddin Attor Nishopuriydir. Nemis olimi Helmut Ritter, chex sharqshunosi Yan Ripka, Eron olimi Badi’uzzamon Firuzonfar va boshqalarning tadqiqotlarida Attor o‘zining “Mantiq ut-tayr” dostonini G‘azzoliyning “Risolat ut-tayr” asaridan ilhomlanib yozganligi qayd etiladi. Asar syujeti qushlarning vodiylar oshib, Simurg‘ huzuriga borishi va o‘zlarining Si murg‘ (forscha – o‘ttiz qush) ekanligi bilan yakunlanadi. G‘azzoliy asaridagi Anqo bilan Simurg‘ umumiy jihatdan bir xil ma’no tashiydi. Ammo Simurg‘ning yuksakligi iyhom san’ati orqali o‘ttizta qush ekanligi bilan xarakterlanadi. Attor o‘z asarini badiiy jihatdan rivojlantiradi va doston darajasiga ko‘taradi. Qushlar bosib o‘tadigan vodiylarga nom beradi. Dostonda tartib bilan keltirilgan yetti vodiy: Talab, Ishq, Ma’rifat, Istig‘no, Tavhid, Hayrat va Faqr-u fanolar solikning komillikka erishish yo‘lidagi nafsini yengish borasidagi bosqichlardir. Bu yo‘lga chiqqan millionlab qushlarning bir qismigina vodiylarda omon o‘tishi hammaning ham komillikka yeta olmasligi, ko‘pchilik nafsining qurboni bo‘lishi majoziy tarzda hikoya qilinadi.
Attor qushlar nomlariga ham aniqlik kiritadi va har birini insonning komillikka to‘sqinlik qiladigan bir kamchilik sifatida ko‘rsatadi. Dostonda Bulbul, Tovus, To‘ti, Tazarv, Kabk(Kaklik), Bum(Boyqush), Uqob(Burgut), Bat(O‘rdak) va boshqa qushlar obrazi mavjud. Shoir mazkur obrazlarni jamiyatda tutgan o‘rni, mashg‘uloti va xarakteri jihatidan bir-biridan ajralib turuvchi muayyan inson tiplarining majoziy obrazi sifatida talqin etadi. Masalan, bulbul – bevafo oshiq, tovus – tashqi go‘zallikka mahliyo bo‘lgan ikkiyuzlamachi, Uqob – mag‘rurligi bilan kibrga botgan kishilar obrazini yaratadi va ularni asoslash uchun ularga mos tarzda hayot haqiqati bilan bog‘liq ravishda hikoyatlar ham keltiradi. Qushlar obrazini bu xil tizimlashtirish shoir uchun tasavvufga doir o‘z mulohazalarini kengroq bayon etish imkonini beradi.
Attor qushlarni vodiylardan olib o‘tishda boshliq tanlaydi va unga Hudhudni munosib ko‘radi. Hudhud xalq og‘zaki ijodi, Qur’on (Naml surasi 20-oyat) va “Qisasi Rabg‘uziy”da keltirilgan bo‘lib, Sulaymonning sirlaridan voqif bo‘lgan, payg‘ambar nazariga sazovor bo‘lgan qush hisoblanadi, uning elchisi bo‘lib xizmat qiladi. Asarda hudhud tilidan aytilgan gaplar solikning tariqat yo‘lidagi nafsni yengish borasidagi tasavvufona qarashlar hisoblanadi.
Asar g‘oyasida dunyodagi barcha narsalar, jumladan, inson ham xudoning soyasidan iborat bo‘lib, inson o‘z hayotining mohiyatini ana shu soyalikdan oftob (xudo)ga qarab intilishda, o‘z asliga qaytishda deb bilmog‘i kerakligi, buning uchun u bizni o‘rab turgan moddiy dunyoga ahamiyat bermasdan, zohidlik va tarkidunyochilikka berilishi, ma’naviy kuchning hammasini “haqiqat”ni bilishga sarflamog‘i lozim. Natijada u marifatga erishib, xudoni tanishi mumkin. Bu paytda uning uchun barcha dinlar teng ahamiyatga ega bo‘lib, butga sig‘inish, olovga topinish, yohud Ka’baga ibodat qilishning zarracha ahamiyati qolmaydi. Chunki u hamma narsada, hamma o‘rinda va o‘zida ham Xudoni his qila boshlaydi. Shu tariqa u “haqiqat”ning asl mohiyatiga tushunib, Alloh vasliga muyassar bo‘ladi.
Attor “Mantiq ut-tayr” asari orqali qushlar obrazi vositasida doston yaratish an’anasini boshlab berdi. Turkiy adabiyotda uning davomchilari sifatida Gulshahriy, Navoiy, Rizoiy Payvandiylarni ko‘rishimiz mumkin.
Turk shoiri Gulshahriy birinchilardan bo‘lib, Attor asariga javob yozdi. U o‘z dostonini turkiy tilda bitib, turk tilining nozikliklaridan foydalandi. Asar ba’zi olimlar tomonidan Attor asarining erkin tarjimasi deb qaraladi. Ammo uning o‘ziga xos yangiligi ham mavjud. Asarda keltirlgan hikoyatlarning aksariyati Attor asarida uchramaydi. U o‘z davrining farzandi sifatida o‘zi yashab turgan jamiyat hayotida ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni, o‘sha davr uchun dolzarb bo‘lgan ijtimoiy va axloqiy masalalarni yoritishga harakat qiladi. Shuningdek, komillikka erishish uchun futuvvat masalasiga alohida e’tibor berib, komillikka erishishda alohida o‘rin tutishini, tariqat yo‘lini futuvvat orqali qabul qilish lozimligini ta’kidlaydi. Gulshahriy shunday yozadi: “Qo‘li saxiy, dasturxoni va darvozasi hammaga ochiq bo‘lishlik, tili pok va g‘iybat qilishdan xoli bo‘lib, kishilar aybini ko‘rganda ta’na qilmaslik” kabilarni keltirib o‘tib, ularga to‘liq rioya qilinsa, u futuvvat yo‘liga kira oladi, degan fikrni ilgari suradi.
Attorning “Mantiq ut-tayr”iga javob tarzda yozilgan asarlar orasida Navoiyning “Lison ut-tayr”i alohida tahsinga loyiq. Syujet bir xil bo‘lsa-da, Navoiy Attor asarini qaytadan ishlaydi. Qur’on, hadis, Xalq og‘zaki ijodi, ayniqsa, Rumiy asarlaridagi hikoyatlar bilan boyitadi. Attor hikoyatlarini ham o‘ziga xos yo‘sinda talqin qiladi. Jumladan, Shayx San’on hikoyatida Attor Shayxni tarso qizi yonida qoldiradi. Navoiy esa tarso qizini ham bo‘ysundirishga erishadi. Doston davomida vahdat ul-vujud konsepsiyasi pog‘onama-pog‘ona rivojlanib, yo‘qlikka yuz tutadi. Solikning nafsi ustidan g‘alabasi mukofoti natijasida mutlaq vujudni anglaydi. Navoiy turkiy tilda yozilgan asarlariga “Navoiy” taxallusini qo‘llasa-da, ushbu asariga “Foniy” taxallusini qo‘llaydi. Zero, dostonni o‘qigan, u haqida fikr yuritgan kishi ham yo‘qlik olamiga kirib boradi, Birni, Borni, Allohni taniydi. Alisher Navoiy bizning kimligimizni ramziy ma’noda “Lison ut-tayr”da tanitgan, hoy, “sen Alloh namunasisan!”, deya xitob qiladi.
Qushlar obrazi orqali hikoya qiluvchi yana bir mumtoz asar XVIII asrda Xorazmda yashab ijod etgan Mavlono Xoja Qozi Payvandiy Rizoiy bo‘lib, bir syujet doirasida boshqalarga o‘xshamagan yangi asar yaratdi. Mavlono Rizoiy o‘z dostonini ustozlaridan farqli ravishda ikki qismga ajratdi. Birinchisida Solik uchun zarur bo‘lgan o‘n to‘sha (tavba, zuhd, tavakkul, qanoat, uzlat, zikr, tavajjuh, sabr, muqobillik va rizo)lar haqida fikr yuritadi. Bular solikni ruhan poklaydi va ikkinchi qismdagi 7 iqlimni, ya’ni talab, ishq, ma’rifat, istig‘no, tavhid, hayrat, faqru fano yo‘llarini bosib o‘tishga choralaydi. Shoir tasavvuf yo‘liga kirish uchun ham ma’lum bosqichlarni bosib o‘tish kerakligini uqtiradi. Mavlono Rizoiy ustozlari keltirgan vodiylarni iqlim deb nomlaydi va iqlimlarni zabt etgan kishi 7 iqlimning sir-asroridan xabardor bo‘ladi.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asarida ijtimoiy-siyosiy masalalarga ko‘proq urg‘u berilsa, Rizoiy “Qush tili” asarida ko‘proq diniy-falsafiy yo‘nalish ustunlik qiladi. Shoir o‘z oldiga qo‘ygan maqsadni amalga oshirishda Qur’oni karim va hadislardan juda ko‘p iqtiboslar keltirib, ularning sharhiga katta e’tibor qaratadi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, qushlar olami insonning ruhiy-falsafiy xususiyatlarini yoritishda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan. Bir so‘z bilan aytgada, qushlar obrazi orqali yaratilgan asarlarni “insonshunoslik” deb atasak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Yozma adabiyotda Ibn Sinodan boshlangan qushlar obrazi orqali yaratilgan asarlar Attor, Gulshahriy, Navoiy, Mavlono Rizoiy asarlarida yanada rivoj topdi. Bular bugungi kunda adabiyotimiz tomonidan o‘rganilgani, tadqiq etilgani xolos. Hali topilmagan, o‘z sir-asrorlarini ochiqlashni kutib turgan mumtoz asarlar talaygina. Insonni anglash, kamolot sari intilish va turkiy adabiyot rivoji uchun xalqimiz bu kabi asarlarga muhtoj.
Do'stlaringiz bilan baham: |