3-bob. Davlat arxitektura-qurilish nazoratiga olinadigan qurilish obyektlarining (obyektlar toifalari) murakkablik toifalari tasnifi 8. Hayot va faoliyat uchun maqbul xavflar ahamiyati inobatga olingan holda, barcha qurilish obyektlari uch toifaga — xavflilikning past, o‘rta va yuqori omillariga ajratiladi.
9. Qurilish obyektlarining murakkablik toifalarining tasnifi:
a) I-toifa — xavflilik omili past obyektlar;
b) II-toifa — xavflilik omili o‘rtacha obyektlar;
v) III-toifa — xavflilik omili yuqori obyektlar.
10. Obyektlar toifalari qurilish obyektlarining murakkablik toifasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-yanvardagi 15-son qarori bilan tasdiqlangan Obyektlarning loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlari bo‘yicha murakkablik toifalari klassifikatoriga muvofiq tasniflanadi.
11. Qurilish obyektlari bir qancha toifalar xususiyatlariga ega bo‘lsa, ular III — xavflilik omillari yuqori obyektlar toifasi bo‘yicha tasniflanadi.
12. Obyektlarning murakkablik toifalari tasniflanishiga qarab, davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirish davriyligining quyidagi muddatlari belgilanadi:
I-toifa — nazorat bo‘yicha vakolatli davlat organining nazorat funksiyalari ko‘zda tutilmagan;
II-toifa — bir oyda to‘rt martadan ko‘p emas;
III-toifa — bir oyda besh martadan ko‘p emas.
4-bob. Tekshirishlar turlari va prinsiplari, ularni o‘tkazishni asoslash 13. Davlat arxitektura-qurilish nazorati quyidagi turdagi tekshiruvlar shaklida amalga oshiriladi: rejali, qisqa muddatli (subyektning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmasdan) inspektorlik va nazorat tartibidagi tekshiruvlar.
14. Rejali, qisqa muddatli inspektorlik va nazorat tartibidagi tekshiruvlar nazorat bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Rejali tekshiruvlarni o‘tkazishning umumiy muddati bir yilda o‘n kalendar kunidan oshmasligi darkor.
15. Rejali, qisqa muddatli inspektorlik va nazorat tartibidagi tekshiruvlarni o‘tkazishda quyidagilar davlat arxitektura-qurilish nazoratining predmetlari hisoblanadi:
hududlarni rivojlantirish va qurishni loyihalashtirish to‘g‘risida shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishiga rioya etish;
qurilish jarayonida loyiha hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlarning texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligi;
loyiha va pudrat tashkiloti — ishlar va xizmatlar ijrochilarida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan loyihalashtirish va qurilish faoliyatining litsenziyalashtiriladigan turlarini amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyalarning mavjudligi;
bajariladigan qurilish-montaj ishlarining sifati hamda shaharsozlik normalari hamda qoidalariga, texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va loyiha hujjatlariga mosligi, shuningdek pudrat tashkilotining qurilish sohasiga oid ijro hujjatini yuritish;
qurilish obyektida texnik tartibga solish sohasiga oid normativ hujjatlar va loyiha hujjatlarida nazarda tutilgan sinovlar, suratga olish va o‘lchash ishlari o‘tkazilishi yuzasidan tanlash asosida nazoratni amalga oshirish.
16. Nazorat tartibidagi tekshiruv avvalgi rejali tekshiruvlar yoki qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi davomida aniqlangan hamda qoidabuzarlikni bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarda qayd etilgan qoidabuzarliklarga barham berish maqsadida nazorat bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan o‘tkaziladi va ushbu vazifa doirasidan chetga chiqishi mumkin emas.
Nazorat tartibidagi tekshiruvlar faqat shaharsozlik faoliyati subyektiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish ko‘rsatmasida berilgan muddat tugagandan so‘ng o‘tkazilishi mumkin.