14.10-rasm. Arbolit plita
Sotoplastlar polimerlarga shimdirilgan gofrilangan qog'oz listlarni, shisha tolali va paxtali matolarni yelimlab tayyorlanadi. Sotoplastlarning issiqlik izolatsiya xossalarini yaxshilash uchun yacheykalari mipora uvoqlari bilan to'ldiriladi. Ular, odatda, uch qatlamli panellarning o'rta qismiga ishlatiladi.
Qamish plitalari qamish poyalarini maxsus stanokda presslab va zanglamaydigan sim bilan ko'ndalang yo'nalishda tikib tayyorlanadi (14.11-rasm). Qamish plitalari uzunligi 2400-2800 mm, eni 500- 1500 mm, qalinligi 30-100 mm. Uning o'rtacha zichligi 175, 200 va 250 kg/m3, λ =0,06-0,09 W/(m.°C), namligi (massasiga ko'ra) 18% gacha bo'ladi. Ularni chirishdan saqlash maqsadida antiseptik, yonishdan asrash uchun antipiren bilan ishlov beriladi. Qamish plitalari loy, gips va suvoqlar bilan yaxshi tishlashadi. Ular karkas devorlar, ichki pardevorlar, kam qavatli binolar shiftining issiqlik izolatsiyasida ishlatiladi.
14.11-rasm. Kamishit
Qurpishbop namat hayvon junidan uzunligi 1000-2000, eni 500-2000 va qalinligi 12 mm bir en mato ko'rinishida ishlab chiqariladi (14.12-rasm). Namatning zichligi 150 kg/m3, λ = 0,06 W/(m.°C).
Namatni chirishdan saqlash uchun, antiseptik bilan ishlov beriladi. Namat devor va shiftlar, deraza hamda eshik qutilari va shu kabi issiqlik izolatsiyasi uchun ishlatiladi. Namatga xos kamchilik – kuyaning ko’payishi uchun muhit bo’lib xizmat qiladi.
14.12-rasm. O`ramli namat
14.4.2. Polimer asosida tayyorlangan materiallar
Yacheykali plastmassalar strukturasi jihatidan ko'pikplastlar va poroplastlarga (gazoplastlarga) bo'linadi. Ko'pikplastlar plastmassa tarkibiga ko'pik kiritilgani uchun o'zaro tutashmagan yopiq g'ovaklar va yupqa devorlardan tashkil topgandir. Poroplastlar esa plastmassa tarkibida hosil qilingan gaz tashqariga chiqib ketish hisobiga o'zaro tutashgan g'ovaklar bilan xarakterlanadi. Plastmassa tarkibida ko'pik va gaz hosil qilinishi natijasida aralash strukturali buyumlar olinadi.
Ularning g'ovakligi 90-98%, o'rtacha zichligi juda kichik, λ = 0,026-0,058 W/(m.°C). Bikr va yarimbikr yacheykali plastmassalar yetarli darajada mustahkam, elastik va egiluvchan bo'ladi. Ular suvga, kuchsiz kimyoviy va biologik muhitlarga chidamli.
100-150°C ko'pchilik turlarining yonuvchanligi va termik destruksiyasi kamchiligi hisoblanadi. Qalinligi 5~6 sm li ko'pikplastlar 14-16 sm qalinlikdagi mineral paxta yoki yacheykali betonlar singari issiqlik izolatsiyasi ko'rsatkichiga ega. Yacheykali plastmassalar asosida tayyorlangan uch qatlamli panellarning 1 m2 massasi 20-50 kg kamayadi. Ko'pikplast va poroplastlarni qirqish, kesish va beton, asbosement, metall, yog'och, qog'oz yuzalarga yelimlash oson. Yacheykali plastmassalar plita, qobiq, yarimsilindr shaklida devor, tom qoplama, quvurlar va boshqa konstruksiyaning issiqlik izolatsiyasi uchun ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |