6.6. Beton qorishmasini tayyorlash, tashish va ishlatish 6.6.1. Beton qorishmasini tayyorlash
Qurilish industriyasida beton qorishmasi mexanizatsiyalashtirilgan va avtomatlashtirilgan beton zavodlarida, temirbeton zavodlarining beton qorish uzellarida yoki bevosita qurilish maydonlarida jihozlangan ko'chma beton qorgich markazlarida tayyorlanadi.
Betonning sifati komponentlarni aniq tortish, sinchiklab aralashtirishga bog'liq. Zavodda beton qorishmasi avtomatik va yarim avtomatik dozatorlar vositasida miqdorlanadi. Dozalash aniqligi sement va suv uchun ±1%(massasi bo'yicha) va to'ldirgichlar uchun ±2% dan ortiq bo'lmasligi kerak. Hozirgi kunda beton komponentlarini dozalash kompyuter markazlaridan turib boshqariladi va beton qorish jarayonida to'ldirgichlarning namligi hisobga olinib, tarkibiga aniqliklar kiritiladi.
Beton qorgichlar konstruksiyasi jixatidan - gravitatsion (beton qorishmasi erkin aylanadigan (6.12-rasm)) va majburiy xarakatlanuvchi beton qorgichlarga bo`linadi (6.13-rasm).
6.12-rasm. 1 - Gravitatsion betonqorgich a – umumiy ko`rinishi; б – baraban sxemasi;
1 – korpus; 2 – parrak;
3 – beton qorishmasining aylanishini ko`rsatuvchi strelka.
6.13-rasm. Majburiy xarakatlanuvchi oqimga qarshi qorgichdagi qorishmaning aylanish sxemasi.
Harakatchan va quyma beton qorishmalar material erkin tushadigan qorgichlarda tayyorlanadi. Bu qorgichlar ishchi organi baraban ichiga o'rnatilgan kurakchalardan iborat. Baraban aylantirilganda kurakchalar komponentlarni ilintirib bir oz balandlikka ko'taradi, so'ngra materiallar pastga tushib aralashadi. Bu prinsipda ishlaydigan beton qorgichlarning ishchi sig'imi 100-1500 l. Maxsus mexanizmlar yordamida barabanning qiyaligi o'zgartirib turiladi. Ishchi sig'imi 120 l gacha bo'lgan betonqorgich ko'chma, undan katta hajmlari esa qo'zg'almas bo'ladi. Erkin tushadigan betonqorgichlarda harakatchan beton qorishmalari hajmi 500 l bo'lsa, 1 - 1,5 minut; hajmi 1200 l bo'lsa, 2 minut va hajmi 2400 l bo'lsa, 2,5-3 minut davomida sinchiklab aralashtirib tayyorlanadi.
Majburan aralashtiradigan beton qorgichlarda bikr beton qorishmalari tayyorlanadi. Bunday qorgichlar silindrsimon shaklda bo`lib, markaziy rotor qismiga kurakchalar o'rnatilgan. Rotor aylantirilganda kurakchalar beton qorishmasini majburan aralashtirib bir jinsli massaga aylantiradi. Beton qorishmasi silindr tubidagi lyuk orqali tushiriladi (6.14 - rasm).