Tunnel xumdonlarda (uzunligi 100 m gacha) buyum vagonetkalarda harakatlanadi. Bu usulda buyumlar harakatlanib pishirish operatsiyalari qo'zg'almas bo'ladi. Buyumlar yuklash, qizdirish, pishirish, sovitish va xumdondan chiqarib olish operatsiyalari natijasida pishirib olinadi. Pishirish jarayoni 18–38 soat davom etadi. Bu xumdonlar ishlashini mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish mumkin. Tunnel xumdonlarda mehnat unumdorligi yuqori bo'lib, brak mahsulot kam bo'ladi. Tunnel xumdonlarda sirlangan plitkalar, sanitariya-texnika buyumlari, kanalizatsiya quvurlari ikki marta pishiriladi. Birinchi marta pishirishda maxsus konsellarda joylashtirilgan plitkalar 1240-1250 °C haroratda pishiriladi. Pishirilgan plitkalar navlarga ajratiladi, sirlanadi, kapsellarga joylashtiriladi va ikkinchi marta 1140 °C haroratda pishiriladi. Kanalizatsiya quvurlari, qoplama g'ishtlar va fasadbop plitkalar quritilgandan keyin sirlanadi va bir marta pishiriladi.
Keramik buyumlar pishirilish darajasi, shakli, o'lchamlari, tashqi ko'rinishi (nuqsonlari) bo'yicha navlarga ajratiladi. Pishirilish darajasi bo'yicha ularni normal pishgan, chala pishgan va o'ta pishgan buyumlarga bo`lish mumkin. Keramik buyumlar omborxonalarda saqlanadi. G'isht va keramik toshlar metall tagliklarga terilgan holda ochiq maydonlarda, sanitariya-texnika buyumlari komplektlangan holda maxsus yashiklarda saqlanadi.
3.4. Keramik buyumlar strukturasi va umumiy xossalari
Keramik materiallar tarkibi qotib qolgan eritmaning uzluksiz fazasi (matritsa) va erimagan gilsimon, changsimon va qumli fraksiyalar (karkas) hamda havo to'Igan g'ovak va bo'shliqlardan iborat bo'lgani uchun ularni kompozitsion materiallar deyish mumkin. Matritsa materiali mikrostrukturani va matritsa karkas bilan birgalikda makrostrukturani tashkil etadi. Keramik materiallarning matritsa qismi kristall tuzilishdagi alumosilikat minerallardan va amorf tuzilishdagi shishasimon oson eriydigan komponentlardan iborat bo'ladi.
Keramik materiallarning zichligi 2,5-2,7g/sm3; o'rtacha zichligi 200-2300 kg/m3; siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 0,05 dan 100 MPa gacha bo'ladi. Issiqlik o'tkazuvchanlik koeffitsiyenti: absolut zich keramikani 1,16 W/(m∙°C), g'ovak keramikani 0,07-1,0 W/m • °C) bo'ladi. Keramik materiallarning issiqlik sig'imi 0,18-0,22 KJ/(kg∙ °C), issiqlikdan chiziqli kengayish koeffitsiyenti esa 0,00014.
Keramik materiallarning suv shimuvchanligi g'ovakligiga qarab 0 dan 70% gacha bo'ladi, sovuqqa chidamliligi esa quyidagi markalarga teng: F15; F25; F35; F50; F75 va F100 (sikllar).
Do'stlaringiz bilan baham: |