3.1. Umumiy ma'lumotlar
Mineral xom ashyoga texnologik ishlov berib, yuqori haroratda kuydirish natijasida olingan materiallar va buyumlarga keramik materiallar deyiladi. «Keramika» so'zi lotincha «keramos» so'zidan olingan bolib, glina (gil) ma'nosini bildiradi.
Insoniyat tarixida gil asosidagi xom loydan tayyorlangan devorbop materiallar va buyumlar, somonli suvoqlar qurilishda eramizdan avvalgi 8000-yillikda ishlatilgan. Pishirilgan g'isht eramizdan avvalgi 3500–4000-y., cherepitsa va sirlangan g'isht esa qurilishda eramizdan awal 1000 yil ishlatilgan.
Markaziy Osiyo, xususan O'zbekistonda saqlanib qolgan arxitektura yodgorliklari qurilish materiallari keramika asosidadir. Hozirgi kunda effektiv g'isht, ichki va tashqi bezak plitalari, sanitariya-texnika buyumlari maxsus keramik buyumlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yilmoqda.
Keramik buyumlar quyidagicha klassifikatsiyalanadi. Ular tuzilishiga ko'ra g'ovak va zich keramik buyumlarga bolinadi. G'ovak keramikaning suv shimuvchanligi massa bo'yicha 5% ko'p bo'ladi. Bularga devorbop g'isht va bloklar, tombop cherepitsa, drenaj quvurlar, fayans, qoplama plitalar kiradi. Zich keramikaning suv shimuvchanligi 5% kam bo'ladi. Ularga klinker g'ishti, yirik o'lchamli keramik plitalar, pol plitalari kiradi.
Erish haroratiga ko'ra keramik materiallar yengil eruvchan (1350 °C past), qiyin eruvchan (1350-1580 °C), erimaydigan (1580-2000 °C) turlarga bo'linadi. Keramik materiallar va buyumlarni xom ashyoning hamma yerda mavjudligi, arzonligi, texnologik jarayonlarning nisbatan soddaligi, ekologik tozaligi ko'plab ishlab chiqarish imkonini beradi.
3.2. Keramik materiallar va buyumlar ishlab chiqarish uchun xom ashyolar
Keramik materiallar xom ashyosini, asosan, gil tashkil etadi. Gil xossalarini yaxshilash maqsadida uning tarkibiga yog'sizlantiruvchi, jins hosil qiluvchi, kuyib ketadigan va plastikligini oshiruvchi qo'shimchalar qo'shiladi. Gil tarkibidagi dala shpati magmatik (granit, siyenit va h.k.) va metamorfik (gneys) tog' jinslarining nurashidan hosil bo'lgan mahsulotdir. Shu sababli xom ashyo tarkibi, asosan, alumosilikatlardan (Al2O3∙2SiO2∙2H2O) iborat bo'lib, kvars, sluda va boshqa minerallar, organik moddaiar aralashgan bo'lishi mumkin. Gil tarkibida ohakning bo'lishi keramik material olish jarayonida ularning buzilishiga olib keladi.
Gilning donador tarkibi, zarrachalarning o'lchamlari keramik material xossalariga ta'sir etadi. Gil tarkibida kaolin minerali ko'p miqdorda bo'ladi. Uning zarrachalari diametri 0,05 mm va undan kamroq bo'lsa, gil suvga qorilganda plastik massa hosil bo'ladi, quritilganda shaklini saqlab qoladi va kuydirilgach buyum mustahkam va suvga chidamli bo'ladi. Bundan tashqari, gil tarkibida zarracha o'lchamlari 0,005-0,15 mm li changsimon va zarracha o'lchamlari 0,16-5 mm li qum bo'lishi mumkin.
Gillarning asosiy xossalari - plastikligi, havoda va kuydirishdagi kirishishi, olovbardoshligi, buyumning rangi va h.k.
Plastiklik gil va suv qorishmasining tashqi kuch ta'sirida yoriqlar hosil qilmasdan kerakli shaklga kirishi va kuch olingach ushbu shaklni saqlab qolish xususiyatidir. Gil zarrachalari qanchalik mayda bo'lsa, u shunchalik suvni ko'p talab qiladi va buyumni quritish va pishirish jarayonida kirishish yuqori bo'ladi. Gillar yuqori plastik (yog'li), o'rtacha plastik va kam plastik (yog'siz) bo'ladi. Yog'li gillarga ishlov berish oson, lekin buyumlarni quritish va pishirish jarayonida hajmi kichrayadi va darzlar hosil bo'ladi. Gil plastikligini oshirish maqsadida yuqori plastiklikdagi gil, bentonitlar va sirt aktiv moddalar (texnik lignosulfonat va shu kabilar) ishlatiladi. Yuqori plastiklikdagi gilni yog'sizlantirish uchun xom ashyo aralashmasiga yog'sizlantiruvchi qo'shimchalar (shamot, shlak, kul, mayda qum va shu kabilar) plastikligi kam gil qo'shiladi. Keramik materialda g'ovak hosil qilish uchun uning tarkibiga yog'och qipig'i, toshko'mir kukuni, lignin kabi kuydirish jarayonida yonib ketadigan qo'shimchalar qo'shiladi. Ular yog'sizlantiruvchi hisoblanadi.
Gil tarkibiga dala shpati, dolomit, magnezit, qumtosh, shisha kukuni va shu kabilar keramik buyumlarning pishirish haroratini pasaytirish uchun qo'shiladi. Keramik buyumlarning kislotaga bardoshliligini oshirish uchun tarkibiga suyuq shisha va qum aralashmalari birgalikda qo'shiladi. Temir, kobalt, xrom, titan kabi oksidlari kiritilib, rangli keramika buyumlari tayyorlanadi.
Keramik buyumlar suv o'tkazmasligi yoki yuzasi tekis, chiroyli bo'lishi uchun yuzasi glazur yoki angob bilan qoplanadi (sirlanadi). Glazur 0,1-0,2 mm qalinlikdagi shishasimon qoplama bo'lib, pishirish jarayonida keramik materiallarga katta kuch bilan yopishadi. Glazurlar shaffof va shaffof emas turli ranglarda bo'ladi. Glazur kvars qumi, kaolin, dala shpati, ishqorli va erishqorli metallar kukun aralashmalaridan tayyorlanadi va buyum yuziga kukun yoki suspenziya holatida pishirishdan oldin surtiladi.
Angob oq yoki rangli gil qorishmasi buyum yuziga surtilib, pishirib olingan yaltiramaydigan qoplama bo'lib, buyumlarning yuza qismi zichligini oshiradi. Angob va keramik buyumlar xossalari o'xshash bo'lishi zarur, aks holda qoplama ko'chib ketishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |