Dala shpati magmatik jinslarning 60-70% ini tashkil etadi. Dala shpatining Ortoklaz (K2OAl2O3∙6SiO2) va Plagioklaz (Na2O∙Al2O3∙6SiO2 - albit, CaO∙Al,O3∙2SiO2 - anortit) turlari mavjud. Uning mustahkamligi (120–170MPa) va chidamliligi kvarsga nisbatan kamroq bo'ladi. Dala shpati yemirilishidan gil kabi cho'kindi jinslar hosil bo'ladi.
Temir-magnezialli silikatlarga olivin, piroksenlar, amfibolalar, magnezialli silikatlarga serpentinlar, xrizotil asbest va shu kabilar kiradi.
Alumosilikatlarga muskavit, flogopit va biotit, gidroslyudalar-gidromuskovit, gidrobiotit kiradi. Temir magneziallarni va alumosilikatlarni rangli minerallar (yashil, to'q yashil, qoramtir va h.k.) deb yuritiladi. Slyudalardan tashqari bu guruh minerallar tog' jinslariga yuqori mustahkamlik beradi.
Magmatik jinslar strukturasi va teksturasi bilan farqlanadi. Magmaning chuqurlikda asta-sekin sovushidan to'la kristalli struktura hosil bo'ladi. Donalar o'lchamiga qarab yirik donali (5 mm ko'p), o'rtacha donali (1–5 mm) va mayda donali (0,5–1 mm) hamda notekis donador va tekis donador bo'ladi (2.1-rasm).
a) b)
2.1-rasm. Struktura turlari (sxemasi):
a – notekis donador; b – tekis donador.
Magmatik jinslar, asosan. massiv teksturaga, o'ta yuqori zichlikka ega mustahkam, sovuqqa chidamli, suv shimuvchanligi juda kam bo'ladi. Ularning siqilishga mustahkamligi 100–300 MPa, o'rtacha zichligi 2600-3000 kg/m3, suv shimuvchanligi 1% kam (hajmiga nisbatan), issiq o'tkazuvchanlik koeffitsiyenti 3 W/(m∙°C).
2.2.2. Cho'kindi tog' jinslari
Cho'kindi jinslar magmatik va boshqa jinslarning nurashi, yemirilishi, kimyoviy o'zgarishlari va o'simliklar chirishi natijasida hosil bo'lgan. Cho'kindi jinslar tarkibi va hosil bo'lishi xarakteriga ko'ra mexanik, kimyoviy va orgonogen turlarga bo'linadi.
Mexanik cho'kindilarga giltuproq, qum, shag'al singari sochiluvchan jinslar, konglomeratlar, brekchiyalar va qumtosh singari sementlangan jinslar kiradi. Bu cho'kindilar suv, shamol, muz ko'chkilari yordamida bir joydan ikkinchi joyga ko'chishi mumkin. Kimyoviy cho'kindilar (gips, dolomit, magnezit va boshqalar) tog' jinslarining kimyoviy o'zgarishlari natijasida hosil b o'lib, suv vositasida eritma holda ko'chgan bo'ladi.
Orgonogen cho'kindilar o'simliklar, suv o'tlari, hayvonot dunyosi chirishidan hosil bo'lgan. Ularga bo'r, chig'anoqli ohak-tosh, diatomit va shu kabilar kiradi. Cho'kindi jinslar nisbatan g'ovak strukturali bo'lishi sababli mustahkamligi kam, ba'zilari suvda eruvchan (gips, ohak) bo'ladi.
Cho'kindi jinslarni hosil qiluvchi minerallarga kvars, karbonatlar, giltuproqli minerallar, sulfatlar guruhlari kiradi.
Kvars guruhiga opal, xalsedon va cho'kindi kvars kiradi.
Opal (SiO2∙nH2O) - amorf mineral bo'lib, tarkibida 2-14% (34% gacha) suv bog'langan. Zichligi 1,9–2,5 g/sm3, qattiqligi 5–6, rangi oq, sariq, havo rang yoki qora bo'ladi. Xalsedon (SiO2) tolasimon yoki yopiq kristalli kvarstan bo'lib, oq, kulrang, och sariq, qo'ng'ir, yashil ranglidir. Zichligi 2,6 g/sm3, qattiqligi 6.
Do'stlaringiz bilan baham: |