«Ubaydiy», «Qul Ubaydiy»,
«Ubaydulloh»
taxalluslari bilan uzbek, fors va arab tillarida ijod qilgan. Uning
uchala tildagi devonlarini o‘z ichiga olgan kulliyoti keyinchalik Mir Husayn al-
Husayniy tomonidan ko‘chirilgan (1583). Ubaydullaxonning turkiy devonida 310
g‘azal, 430 ruboiy, 11 tuyuq, 18 masnaviy, 7 muammo, 2 yor-yor mavjud.
Shuningdek, devondan diniy-tasavvufiy va axloqiy-didaktik ruhdagi
«Omonatnoma», «Shavqnoma», «G‘ayratnoma», «Sabrnoma» manzumalari o’rin
olgan. Forsiy devonida esa 163 g‘azal, 418 ruboiy, 7 qit’a, 1 fard, 1 masnaviy, 1
tarje’band va 3 muammo bor. Arab tilidagi merosi 35 ga yaqin g‘azal, qit’a va
fardlardan iborat. Ubaydullaxon Ahmad Yassaviy asos solgan hikmatnavislik
an’anasini rivojlantirgan. Undan 1786 baytdan iborat 220 dan ortiq hikmat yetib
kelgan. Ubaydullaxon ijodida diniy-tasavvufiy g‘oyalar yetakchilik qiladi.
Ubaydullaxon o‘zbek va fors adabiyotidagi yirik ruboiynavislardan
hisoblanadi. Uning bu 2 tildagi ruboiylari 850 ga yaqin. Xususan, o‘zbek
adabiyotida ruboiyning Boburdan keyingi taraqqiyoti Ubaydullaxon nomi bilan
bog‘liq. Shoir she’rlarida o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan, uziga xos
xususiyatlaridan mahorat bilan foydalangan.
Ubaydullaxon ham o‘z davri hukmdorlaridan Husayn Boyqaro,
Shayboniyxon, Bobur kabi muttasil ijod bilan shug‘ullanib,
«Ubaydiy», «Qul
Ubaydiy»
, taxalluslarini qo‘llar edi. Ubaydiyning o‘zbek, fors va arab tilidagi
she’rlaridan iborat uch devoni bir muqova ichiga joylashtirilgan. Bu uch tildagi
devonning yagona qo‘lyozma nusxasi 1583 yilda Mir Husayn al-Husayniy
tomonidan ko‘chirilgan bo‘lib, kotib uni «Kulliyot» deb atagan. Bu qo‘lyozma
O’zFA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.
Ubaydiyning o‘zbek tilidagi devonida 306 g‘azal, 435 ruboiy, 25 qit’a, 13
tuyuq, shuningdek noma, muammo, masnaviy, hikmat, tarje’bandlaridan
namunalar mavjud. Shoirning boy adabiy merosi hali mahsus o‘rganilmagan.
Ubaydiy o‘zining o‘zbek tilidagi g‘azal va ruboiylari, qit’a va tuyuqlari bilan, hech
shubhasiz, she’riy turlar taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.
Masalan, Ubaydiy asosan besh baytli g‘azallar bitgan; bu uning g‘azaliyotiga
xos xususiyatlardan biri. Shoir asarlari ko‘proq an’anaviy mavzular — ishq va
muhabbat, vafodorlik va do‘stlik, ayol go‘zalligi va oshiq sadoqati, saxovati
talqinidan iborat. Biroq bu she’rlardagi badiiy ifodaning o‘ziga xosligi, shoir
shaxsiyatining yuksak axloqiy fazilatlari bilan uniig go‘zal nafis dunyosi
o‘rtasidagi uyg‘unlik har qadamda kitobxon diqqatini o‘ziga tortadi.
Ubaydiyning o’zbek adabiyotida ishqiy she’rlari juda ko‘p.
Ubaydiy bu mavzudagi sherlarini quyidagi satrlarida ifodalaydi.
Ko‘nglum bila dildorni men yod etadurmen,
Xotirni dog‘i yodi bila shod etadurmen.
Bedod etadur jonima dildor, netaykim,
Demas: «Nega bu xastag‘a bedod etadurmen!»
Ubaydiy she’riyatida o‘ziga xoslikka intilish ustun. Shoir she’riy uslubida
soddalikka moyillik, o‘z fikrini mumkin qadar xalqchil bayon etishga urinish
yorqin seziladi.
Ubaydiy hukmron sulola vakili bo‘lsa ham, uning hayot yo‘lini silliq, faqat
zafarlardan iborat deb tasavvur etish to‘g‘ri emas. G’azallarining birida:
Bir lahza ko‘ngul o‘lmadi beg‘am zamonadin,
To‘ydi zamona mendinu men ham zamonadin, —
deb yozgan shoir doim feodal nizolarning, ichki ziddiyatlarning ichida yashagan,
buning ko‘p jabrini ham tortgan. Bir g‘azalida shoir gadolig‘ni podsholikdan afzal
ko‘rib, quyidagi baytni bitgan ekan, bunda katta hayotiy haqiqat va samimiyat bor:
Base farog‘ati bor, do‘stlar, gadolig‘ning,
Balou mehnati ko‘p asru podsholig‘ning.
Shuning uchun biz, Ubaydiyning o‘sha murakkabliklar va ziddiyatlarga to‘la
davrdagi faoliyatida amaldorlik va hukmdorlikka nisbatan ma’naviy kamolotga,
she’riyat va ijodga intilishi ustun bo‘lgan, deb xulosa chiqarsak, xato qilmaymiz.
Masalan, Ubaydiyning o‘z yigitlarini bir tukeg‘ida bozordan yaxshi ot olish bilan
cheklanmasdan, o‘zidan jamiyat tarixida yaxshi ot qoldirishga chaqirishida katta
ma’no, axloqiy poklikka intilish belgilari yaqqol ko‘zga tashlanadi:
Ey yigitlar, yaxshi-yaxshi ot oling,
Yaxshi otlar birla yaxshi ot oling.
Ubaydiy ruboiylarida ham umuminsoniy muammolar o‘zining yorqin
ifodasini topgan.
Adabiy merosiga bir yoqlama sinfiy munosabatda bo‘lish hozirga qadar
Ubaydiy ijodini o‘rganishga imkon bermadi. Endi biz bu noyob she’riy iste’dod
egasining uch tildagi asarlarini atroflicha va ixlos bilan o‘rganishga, targ‘ib etishga
kirishmog‘imiz zarur.
Ubaydullaxon Buxoro yaqinida joylashgan Bahouddin majmuasidagi
Daxmai shohon (Shoxlar daxmasi)dagi shayboniylar xilxonasida dafn etilgan.
Ubaydullaxon kulliyoti yagona nusxada O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi
Sharqshunoslik institutining qulyozmalar fondida «Devoni Ubaydulloxon»
qo‘lyozmasi Turkiyaning Nuri Usmoniya kutubxonasida «Masoil us-salot» nomli
terma bayozi Ko‘niyodagi Izzatquyun xususiy kutubxonasida saqlanadi.
Turkiy adabiyotda hikmatnavislik
Do'stlaringiz bilan baham: |