Quduq — vertikal shaxta yoki oʻra koʻrinishidagi gidrotexnika inshooti. Quduqning aholini suv bilan taʼminlash va sugʻorish uchun yer osti suvlarini yigʻish maqsadida quriladigan suv toʻplovchi;yer osti suvlarini yer usti suvlari bilan qoʻshish yoki drenaj suvlari va tindirilgan kanalizatsiya suvlarini yigʻish maqsadida quriladigan suv singdiruvchi; daryo, koʻl, suv omborlaridan olinadigan suvlarni rostlash maqsadida qirgʻoqqa yaqin quriladigan qirgʻoq boʻyi xillari boʻladi.
Suv toʻplovchi quduq juda keng tarqalgan boʻlib, asosan, ichimlik suv olish uchun quriladi. Konstruksiyasi, qurilish usuli hamda devorining mustahkamligiga qarab shaxtasimon va quvurli (burgʻilangan) xillarga boʻlinadi. Shaxtasimon quduq uncha chuqur joylashmagan kam bosimli suv saqlovchi qatlamlardagi suvni olish uchun quriladi. Bunday quduqlar kichik posyolkalar, chorvachilik fermalari, dala shiyponlari va yaylovlarni suv bilan taʼminlash maqsadida qaziladi, suvi isteʼmol uchun yaroqli boʻlsa, maxsus tozalash talab etilmaydi. Ularning diametri (yoki kengligi) 0,8 dan 1,5 metrgacha, chuqurligi 30–40 metrgacha (baʼzi joylarda 100–300 metrgacha) boʻladi. Shaxtasimon quduqlarga suv filtrlar yoki gʻovak betondan qilingan devorlar orqali oʻtadi. Shaxtasimon quduqlarning koʻpchiligi debeti sutkasiga 5-100metr atrofida. Devorlari yogʻoch, tosh va beton bilan mustahkamlanadi. Undagi suv turli suv chiqaruvchi qurilmalar yordamida olinadi. Quvurli (burgʻilangan) quduq turli chuqurlikda yotgan, suvi koʻp boʻlgan (bosimli va bosimsiz) yer qatlamlaridan suv olish uchun quriladi. Bularda suv saqlovchi qatlamlar sathidan yuqoriga, hattoki oʻz bosimi bilan yer sirtigacha koʻtarilishi mumkin (masalan, artezian quduqlar). Quvurli quduqlarning chuqurligi 800 metrgacha boradi. Bu turdagi quduqlarning suvi markazlashtirilgan suv bilan taʼminlash sistemasida ishlatiladi. Quvurning suv saqlovchi qatlamga yetgan qismiga filtr (beton, keramika, shagʻal va boshqalar) ishlanadi. Quvurli quduqlarning suvi markazdan qochirma choʻktirma nasoslar, erliftlar va sifonlar yordamida chiqarib olinadi. Suv singdiruvchi quduq vertikal drenajning bir turi sifatida berk botiqlarning zaxini qochirishda qoʻllaniladi. Quduq vositasida zax bosgan qatlamni suv yutgich qatlam bilan birlashtirib, ortiqcha suvni suv yutgich qatlamga oʻtkazib yuborish mumkin. Qirgʻoq boʻyi qudug‘i panjaralar bilan boʻlingan kameradan iborat boʻlib, suv daryo, koʻl va boshqa manbalardan quvur orqali oqib keladi.
Quduq vazifasiga koʻra funt, artezian, drenaj va kuzatish quduqqa boʻlinadi.
QUDUQ - maxsus kovlab, suv chiqaridgan chuqurlik. Matqovul quduqdan suv tortib turib bu yoqqa qarab-qarab qoʻyar edi (Mirzakalon Ismoiliy).
Qadimgi turkiy tilda ham shunday maʼnoni anglatgan bu soʻzning asli quyugʻ (Devon, III, 180), qużuq (Devon, I, 356), qudugʻ (Devon, III, 134, 246, 298) shakllari mavjud boʻlgan, hatto havola tarzida quduq shakli ham keltirilgan (ДС, 463: quduq sm. qudugʻ I). Koʻrinib turibdiki, quduq shakli eng keyin yuzaga kelgan va shu shakl hozirgi oʻzbek tiliga yetib kelgan. Qudugʻ soʻzi tarkibidagi -(u)gʻ qismi — ot yasovchi qoʻshimcha; bu yasalishga asos boʻlgan qism feʼlga teng. Demak, qudugʻ oti ,,suv sol“ maʼnosini anglatgan quy feʼlining qadimgi turkiy tildagi qud shaklidan yasalgan boʻlsa kerak. Bu soʻz tarkibini boshqacha talqin qilish ham mumkin: qadimgi turkiy tilda ,,past“ maʼnosini anglatgan qoyï sifatining qodï shaklidan (ДС, 453, 451) -q qoʻshimchasi bilan yasalgan; keyinchalik ï unlilari u unlilariga almashgan: (qoyï > qodï) + q = qodïq > quduq.
Maʼnosi:
1 Suv olish maqsadida vertikal tarzda qazilgan tor va teran chuqurlik; gidrotexnika inshooti.
◆ Quduqdan suv tortmoq. Suv ichadigan qudugʻingga tupurma. Maqol
◆ Paqirni olib quduqdan suv keltirib, ayvonga, doʻkon ichiga qalin qilib sepadi. S.Siyoyev, «Avaz» .
2 Yer ostidan gaz, neft olish yoki yer-tuproqni tekshirish uchun parmalash mashinalari vositasida qazilgan juda chuqur tor oʻra; skvajina.
◆ Burgʻilangan quduq. Gaz qudugʻi. Issiq mineral suv qudugʻi. Neft qudugʻi.
◆ Olib chiqdi togʻning boshiga, Sanolmadim neft minorasin. Koʻrdim quduq parmalayotgan Yigitlarning polvon sarasin. Y. Mirzo
3 Oʻracha shakldagi detal. Karbyuratorning kompensatsiya qudugʻi.
Do'stlaringiz bilan baham: |