Oʻzbeklar[tahrir | manbasini tahrirlash]
Oʻzbeklar Qoʻqon xonligi aholisining asosiy qismini tashkil qilgan. Taʼkidlab oʻtish oʻrinliki, XX asr boshlariga qadar oʻzbeklarning bir qismi oʻtroq, qolgan qismi esa yarimoʻtroq (yarimkoʻchmanchi) holda yashaganlar. XX asr boshlariga kelib, vodiy oʻzbeklarining 828 mingdan ziyodrogʻi oʻtroq holda yashab, dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan mashgʻul boʻlganlar. Rus tilidagi adabiyotlarda aholining ushbu oʻtroq qismiga nisbatan „sart“ etnonimi qoʻllaniladi. Biroq, keyingi yillarda oʻzbek xalqiga nisbatan bu etnonimni qoʻllanilishi toʻgʻri emasligi va ushbu etnonim mazkur xalqqa past nazar bilan, kamsitilib qarash nuqtai-nazaridan, rusiyzabon tadqiqotchilar tomonidan ilmiy isteʼmolga olib kirilganligi haqidagi fikr-mulohazalar bayon etilmoqda. Oʻzbek xalqiga nisbatan „sart“ etnonimining qoʻllanilishi, tarixiy haqiqatga zidligi, oʻzbek xalqiga ushbu etnonim hech qachon oʻz xalqining nomi sifatida qoʻllanilmaganligi haqida jadidchilik harakatining namoyandasi Mahmudxoʻja Behbudiy ham oʻz davrida taʼkidlab oʻtgan edi. Turli urugʻ-qabilaviy tuzilishga ega boʻlgan yarimoʻtroq (yarimkoʻchmanchi) oʻzbeklarning vodiydagi umumiy soni oʻsha davr maʼlumotlariga koʻra 215 ming nafardan koʻproqni tashkil etgan. Bular ichida turk, ming, qipchoq, qurama, yuz, nayman kabilar Qoʻqon xonligi hududidagi yirik etnografik guruhlar hisoblangan. Ushbu urugʻ-qabilalar oʻzbek xalqini konsolidatsiyalashuvida muhim etnik komponentlar sifatida qatnashdilar.
Tojiklar[tahrir | manbasini tahrirlash]
Tojiklar Qoʻqon xonligi hududidagi aholining salmoqli qismini tashkil qilganlar. Ular asosan vodiyning gʻarbiy va shimoli-gʻarbiy qismida joylashganlar. Tojikistonning hozirgi Soʻgʻd viloyati hududida tojiklar aholining asosiy qismini tashkil etadilar. Ayni vaqtda Qoʻqon xonligining boshqa bir qator manzilgohlarida ham ular gʻuj yashaganlar. Etnografik adabiyotlarda Fargʻona vodiysida yashagan tojiklar shartli ravishda ikki guruhga – voha tojiklari va togʻlik tojiklarga ajratiladi. Voha tojiklari – bu ushbu oʻlkaning azaliy xalqlaridan biri boʻlib, qator etnik xususiyatlari bilan Qoʻqon xonligi davrida va undan keyingi davrlarda ham boshqa etnoslardan ajralib turgan. Togʻli tojiklar Qoʻqon xonligi hududiga asosan Tojikistonning togʻlik hududlarida joylashgan Mastchoh, Qorategin, Darvoz, Koʻlob, Hisor kabi joylardan koʻchib kelganlar. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, koʻplab togʻli tojiklar Qoʻqon xonligi qoʻshinlarida xizmatda ham boʻlganlar. Masalan, Niyozmuhammadning „Tarixi-Shohruhiy“ asarida koʻrsatilishicha, XIX asr boshlarida Qoʻqon xoni Olimxon tashkil etgan yangi qoʻshin tarkibida 6000 dan ziyod togʻlik tojiklar boʻlgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |