95-modda. Yangi ish o‘rinlari tashkil etilishini rag‘batlantirish hududiy jamg‘armalari
Yangi ish o‘rinlari tashkil etilishini rag‘batlantirish hududiy jamg‘armalari (bundan buyon matnda hududiy jamg‘arma deb yuritiladi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida davlat muassasalari shaklida tashkil etiladi.
Quyidagilar hududiy jamg‘armalarning mablag‘larini shakllantirish manbalaridir:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari daromadlarining prognoz parametrlarini oshirib bajarishdan qirq foizgacha bo‘lgan miqdordagi har choraklik tushumlar;
mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari hamda beg‘araz yordami;
jismoniy va yuridik shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari hamda norezidentlari bo‘lgan xayriya qiluvchilarning belgilangan tartibda taqdim etiladigan mablag‘lari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(95-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Hududiy jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanish ustidan nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining va boshqa vakolatli organlarning zimmasiga yuklatiladi.
96-modda. Hududiy jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlari
Hududiy jamg‘armalar mablag‘laridan quyidagilar uchun foydalaniladi:
tadbirkorlik subyektlarining barqaror ish o‘rinlari tashkil etilishini, ayniqsa qishloq joylarda tashkil etilishini nazarda tutuvchi loyihalarini keyinchalik kreditlar bilan qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklarida kredit liniyalarini ochish;
ishchi kuchi ko‘p bo‘lgan tumanlar va shaharlarda davlat-xususiy sheriklik shartlariga asosan ko‘proq aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun yangi ish o‘rinlari tashkil etilishini nazarda tutuvchi tashkilotlarni hududiy jamg‘armalarning tuzilgan tashkilotlardagi ulushini keyinchalik xususiy sheriklarga realizatsiya qilish sharti bilan tashkil etish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlariga ko‘ra ish o‘rinlarini tashkil etishga hamda aholi bandligiga ko‘maklashishga qaratilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish.
Hududiy jamg‘armalar mablag‘larining kamida ellik foizi asosan tumanlar va shaharlarda yangi ish o‘rinlari tashkil etilishini nazarda tutuvchi kichik hamda mini-loyihalarni amalga oshirishga tijorat banklari tomonidan keyinchalik mikrokreditlar ajratish uchun mazkur banklarda kredit liniyalarini ochishga yo‘naltiriladi.
Mikrokreditlar kichik tadbirkorlik subyektlariga, fermer va dehqon xo‘jaliklariga, oilaviy tadbirkorlik subyektlariga quyidagilar uchun ajratiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida issiqxonalar tashkil etish, urug‘liklar, ko‘chatlar, chorva mollari hamda parrandalar, qishloq xo‘jaligi ashyo-anjomlari va uskunalari, sug‘orish qurilmalari (nasoslar, artezian quduqlar va boshqalarni) sotib olish;
(96-modda uchinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 1-apreldagi O‘RQ-681-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 03/21/681/0264-son)
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash hamda qadoqlash, qurilish materiallari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarish uchun zamonaviy mini-uskunalar hamda xomashyo sotib olish;
xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi, ayniqsa maishiy, ta’mirlash, ta’lim, tibbiyot, axborot-kommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish hamda xizmatlarning talab yuqori bo‘lgan boshqa turlari sohasidagi tashkilotlarni tashkil etish va jihozlash;
qishloq tumanlarida, ayniqsa xotin-qizlar o‘rtasida kasanachilikni rivojlantirish;
tumanlar va shaharlarning ishlab chiqarishga oid ixtisoslashuvini, mavjud mineral-xomashyo, yer, qishloq xo‘jaligi resurslarini va boshqa resurslarni hisobga olgan holda boshqa yo‘nalishlarni rivojlantirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |