109-modda. Yuqori malakali va (yoki) malakali mutaxassislarni O‘zbekiston Respublikasida ishga joylashtirishning alohida tartibi Quyidagi chet ellik fuqarolar yuqori malakali mutaxassislar deb e’tirof etiladi:
ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadigan, xalqaro miqyosda tan olingan tashkilotlar reytingida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida birinchi 1 000 o‘rinni egallovchi oliy ta’lim muassasalarini bitirganlar;
talab qilingan mutaxassislik yoxud diplomidagi mutaxassislik bo‘yicha kamida besh yillik ish tajribasiga ega bo‘lganlar;
O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyatiga jalb etish shartlarida yiliga oltmish ming AQSh dollari ekvivalentidagi summadan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi (mukofot puli) olishi nazarda tutilganlar.
Quyidagi chet ellik fuqarolar malakali mutaxassislar deb e’tirof etiladi:
oliy ma’lumotga ega bo‘lganlar;
talab qilingan mutaxassislik yoxud diplomidagi mutaxassislik bo‘yicha kamida besh yillik ish tajribasiga ega bo‘lganlar;
O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyatiga jalb etish shartlarida yiliga o‘ttiz ming AQSh dollari ekvivalentidagi summadan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi (mukofot puli) olishi nazarda tutilganlar.
110-modda. O‘zbekiston Respublikasida xorijiy ishchi kuchini jalb etish va undan foydalanish tartibi o‘ziga nisbatan tatbiq etilmaydigan chet ellik fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida xorijiy ishchi kuchini jalb etish va undan foydalanish tartibi quyidagi chet ellik fuqarolarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlariga, shuningdek diplomatik maqomga ega bo‘lgan boshqa shaxslarga;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlariga asosan lavozimga tayinlanadiganlarga;
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining iltimosnomalariga ko‘ra, turizm sohasidagi ishlarga uch oygacha muddatga jalb etiladigan mutaxassislarga;
O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan yoki tashkil etilayotgan xorijiy yoki qo‘shma korxonalar ta’sischilari bo‘lgan, uch oygacha muddatga keladigan fuqarolarga;
O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomalariga muvofiq tashkil etilgan tashkilotlarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan ilm-fan va madaniyat arboblariga;
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlari doirasida ta’til vaqtida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tayotgan talabalarga;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan ommaviy axborot vositalari vakillariga;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan akkreditatsiya qilingan nodavlat notijorat tashkilotlarining, shuningdek xalqaro va chet el nodavlat (nohukumat) notijorat tashkilotlari vakolatxonalari hamda filiallarining xodimlariga;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan akkreditatsiya qilingan chet el tijorat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlariga;
Prezident maktablariga, shuningdek oliy ta’lim muassasalariga ishlash uchun jalb etiladigan o‘qituvchilar va mutaxassislarga;
O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olgan shaxslarga;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida ishga joylashtirishning boshqacha tartibi belgilangan shaxslarga.