92-modda. Kasbiy standartlarning milliy registri Kasbiy standartlarning milliy registri O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan yuritiladi.
Kasbiy standartlar milliy registrining elektron platformasini, shuningdek malakani baholash markazlari faoliyatining dasturiy ta’minotini ishlab chiqish va ta’minlab borish O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Kasbiy standartlarning milliy registrini yuritish iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha kasbiy standartlarni tasniflash asosida amalga oshiriladi.
15-bob. Aholi bandligi sohasidagi davlat siyosati amalga oshirilishini moliyalashtirish 93-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi yuridik shaxs tashkil etilmagan holda respublika va mahalliy darajalarda tuziladigan davlat maqsadli jamg‘armasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari uning mustaqil balansida aks ettiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘yicha g‘aznachilik boshqarmalari tomonidan ochiladigan g‘azna hisobvaraqlarida jamlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
Oldingi tahrirga qarang. ijtimoiy soliqdan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladigan ajratmalar;
(93-modda uchinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan har yili ajratiladigan mablag‘lar;
Oldingi tahrirga qarang. qonunchilikda nazarda tutilgan talablarni buzganlik uchun mehnat bo‘yicha davlat huquqiy inspektorlari va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektorlari, shuningdek mehnat sharoitlari davlat ekspertizasining mansabdor shaxslari tomonidan belgilangan tartibda qo‘llaniladigan ma’muriy jazolar summalari;
(93-modda uchinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy bo‘linmalariga biriktirilgan binolar, inshootlar hamda xonalarni realizatsiya qilishdan kelib tushadigan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan to‘liq hajmda O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga o‘tkaziladigan mablag‘lar, bundan baholash va realizatsiya qilishga doir haqiqiy xarajatlar mustasno;
barcha soliqlar va yig‘imlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga ta’sischi tomonidan belgilanadigan miqdorda to‘langanidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi tashkilotlarda qoladigan sof foydaning bir qismi;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirishdan va boshqa moliyaviy vositalardan tushadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag‘lari;
Oldingi tahrirga qarang. qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(93-modda uchinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladigan budjet ajratmalarining hajmlari har yili aniqlanadi va “O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining daromadlari soliq solish obyekti bo‘lmaydi va moliya yili davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining g‘azna hisobvaraqlaridagi bo‘sh turgan mablag‘lar yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining defitsitini qoplash uchun yo‘naltirilishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, hududiy mehnat organlari O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘larini tasarruf etuvchilardir.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining ijro etuvchi organi vazifalarini amalga oshiruvchi mas’ul bo‘linmani belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, hududiy hamda mahalliy mehnat organlari O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun javobgar bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.