Aim.uz
Qonun ustuvorligi demokratik, fuqarolik jamiyati qurilishining asosi.
Reja:
1. O’zbekistonda demokratik, fuqarolik jamiyati qurilishida qonun
ustuvorligi tamoyilining mustahkamlanishi.
2. O’zbekistonda davlat hokimiyati tizimi. Hokimiyat organlarining vakolatlari.
3. Konstitutsiya – davlat va jamiyatning iqtisodiy, siyosiy va ma‘naviy sohalarini islox qilishning xuquqiy asosi ekanligi.
Birinchi savol: Huquqiy demokratik davlat jamiyat taraqqiyoti va davlat shakllarining rivojlanish jarayonida yuzaga kelgan davlatni tashkil qilishning eng mukammal shakli va mazmunidir. Huquqiy demokratik davlat uchun kurash bundan to’rt-besh asr muqaddam boshlanib, faqat XX asrning ikkinchi yarmida haqiqatga aylana boshladi.
Huquqiy demokratik davlat shaklan davlatning o’tmishdagi tarixiy tiplariga o’xshasada, o’zining mazmuni, tub mohiyati, fuqarolar oldidagi burchi va mas‘uliyatining nihoyatda kattaligi va boshqa fazilat va xususiyatlarga ko’ra huquqiy bo’lmagan davlatlardan keskin farq qiladi.
Huquqiy davlat haqida uzoq va yaqin o’tmishda turli tuman fikr-mulohazalar, orzu-niyatlar olg’a surilgan. Biroq sho’rolar davrida, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari haqida nihoyatda ko’p gapirilgan bo’lsada “huquqiy davlat” iborasi rasman faqat 1988 yilga kelib, KPSS ning XIX Butunittifoq konferentsiyasi materiallaridagina birinchi marta demokratlashtirish, adolatli jamiyat qurish g’oyalari ta‘sirida qo’llanildi. (qarang: mustaqillik izohli ilmiy-ommabop lug’at. T. 1998 yil, 189 bet).
O’zbekistonda tashkil topayotgan huquqiy davlat xalqimiz, davlatchiligimizning bir necha ming yillik tarixiy an‘analariga asoslanadi, uning ildizlari “Donishnoma”, “Qobusnoma”, “Siyosatnoma”, “Zafarnoma”, “Temur tuzuklari”, “Xamsa”, “Boburnoma” singari dunyo ahamiyatiga ega bo’lgan nodir asarlarga borib taqaladi.
Respublikamiz mustaqil davlat bo’lgach, “Sotsialistik davlat”, “Umumxalq davlati” degan tushunchalardan voz kechdi va jahondagi ilg’or rivojlangan mamlakatlar tajribasiga asosan, huquqiy davlat qurishning maqsad qilib qo’ydi.
Huquqiy davlat qurishning nazariy asoslari va amaliy muammolari O’zbekistonning 1992 yilgi konstitutsiyasida va mamlakatimiz Prezidenti I. Karimovning “O’zbekiston kelajagi buyuk davlat”, “Buyuk kelajagimizning huquqiy kafolati”, “O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqqiyot yo’li” kabi asarlarida hamda ko’plab ma‘ruza va nutqlarida O’zbekiston xalqi qanday maqsad sari intilayotganini, qanday jamiyat barpo etayotganini ilmiy asosda keng va atroflicha yoritib “huquqiy davlatning asosiy belgisi barcha fuqarolarning qonun oldidagi tengligi, konstitutsiya va qonunlarning ustunligi ta‘minlashidir” deb ta‘kidlaydi.
Tanlab olingan bu yo’l jamiyat hayotining barcha sohalariga daxldor bo’lgan bir xil vazifalarini amalga oshirishni taqozo etadi:
1. Huquqiy davlat qurishga kirishilar ekan, avvalo jamiyatda umumiy madaniyatni yuksaltira borishga, insonlarning ma‘naviy kamolotini va huquqiy bilimlarini tobora boyitib borishga harakat qilinmoqda.
2. Huquqiy davlat sari borish jarayonida huquqiy hujjatlar va qonunlarni yaratish bilan shug’ullanuvchi davlat idoralari jamiyat hayotining barcha sohalarida ijtimoiy munosabatlarni yaxshi bilishni, qabul qilinadigan huquqiy me‘yorlarning bajarilishini bilishlari kerak.
3. Huquqiy davlatda ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va tashqi munosabatlarni tartibga solib turuvchi mukammal konstitutsiya, Qonunlar va boshqa me‘yoriy huquqiy hujjatlarning mavjud bo’lishi, amal qilishi, tegishli davlat idoralari nazorati ostida barcha sub‘ektlar tomonidan ularning bajarilishi talab etiladi.
4. Me‘yoriy huquqiy xujjatlar, o’z mohiyati va mazmuni jihatdan demokratik, adolatli, insonparvar bo’lib, davlat idoralari vakolatlarini tobora aniq belgilab beraveradi.
5. Fuqarolar va mansabdor shaxslar yuksak huquqiy bilimga, huquqiy madaniyatga, huquqiy onglilikka erishishi odat qoidasiga aylanishi lozim.
6. Huquqiy me‘yorlar xalqaro andozalarni hisobga olgan holda O’zbekistonning o’ziga xos xususiyatlarini hisobga oluvchi qoidalardan iborat bo’lmog’i lozim. Mana shulardan kelib chiqib huquqiy davlatga qo’yidagicha ta‘rif bersak bo’ladi.
Huquqiy davlat – bu jamiyatdagi barcha millat tabaqalarining insonparvarlik adolatli qoidalariga asoslangan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta‘minlaydigan, byurokratik va mahalliychilikka qarshi kurashadigan xalq hokimyatining shaklidir.
Xullas, huquqiy davlatning asosiy belgisi shuki, bunday davlat huquq doirasida harakat qiladi, uning jamiyat va inson bilan barcha munosabatlari huquqiy me‘yorga asoslanadi. Ulug’ bobokalonimiz Amir Temur “Qaerda qonun hukmronlik qilsa, shu yerda erkinlik bo’ladi”, - deb bejiz aytmagan. Bu fikrni hozirgi sharoitda yangicha tahmin qilib yurtboshimiz o’zining “O’zbekiston – bozor munosabatlariga o’tishning o’ziga xos yo’li” asarida “huquqiy madaniyatning yuqori darajada bo’lishi huquqiy davlatning o’ziga xos xususiyatidir. Zero, huquqiy normalar odamlar ongiga singgan va ular orqali amal qilgan taqdirdagina yashaydi va ro’yobga chiqadi” (1-kitob, 1996 yil, 322-bet).
Huquqiy davlat tushunchasi demokratik davlat tushunchasi bilan chambarchas bog’liq ayrim jihatlari bilan bir biridan farq qiladi.
Birinchidan, demokratik, huquqiy davlat kuch bilan, inqilob bilan emas, balki tabiiy-tarixiy, evolyutsion yo’l bilan huquq qadrining jamiyat tomonidan anglanishi, fuqarolar madaniyatining o’sishi orqali shakllanadi.
Ikkinchidan, huquqiy davlat tushunchasi u yoki bu qonunlarning mavjudligini anglatmaydi. Qonunlar huquq sifatida har bir davlatda mavjud va har qanday hokimiyat ulardan foydalanadi. Hamma gap o’sha qonunlarning qandayligida va ularning qanday bajarilishidadir.
Uchinchidan, huquqiy davlat barcha fuqarolar uchun, ularning ijtimoiy ahvolidan qat‘iy nazar, barcha mansabdor shaxslar uchun ularning qanday yuksak lavozimni egallashdan qat‘iy nazar hokimiyatning barcha institutlari uchun qonunni ustunligini, uni bajarilishining muqarrarligini ta‘minlaydi.
To’rtinchidan, huquqiy davlatda qonunlarning bir tizimga solinganligi, ziddiyatsizligi, amalda bajarish uchun sharoit bo’lishi, kafolatli va har bir kishi uchun tushunarli bo’lishi ta‘minlanadi.
Beshinchidan, huquqiy davlat qonunlarini qabul qilish va amalga oshirishning muayyan odatda zo’ravonlikka, majburiylikka asoslanmagan mexanizmlariga ega bo’ladi.
Darhaqiqat, huquqiy davlat xalq tomonidan boshqarilishi kerak. Buning shakllanishida davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari va fuqarolar ishtirok etadilar. Qonunga qat‘iy amal qilib ish ko’radigan huquqiy davlatimizni xalq ommasi, jami fuqarolar o’zining birdan bir suyanchig’i, posboni, najot qal‘asi deb biladi va hurmat qiladi. Shu o’rinda Mark Tullii Tsitseronning “Biz qonun quli bo’lganimizdagina ozodlikka ega bo’lamiz”, degan serma‘no so’zlarini eslab o’tish ayni muddaodir.
Darhaqiqat xalqni, uning manfaatini beg’araz, odilona va oqilona himoya qiladigan qonun bilan xalq faxrlanadi. Boshqacha aytganda, xalq unday qonunning quli sifatida xizmat qilishni o’zi uchun ornomus deb emas, faxr iftixor, shon-sharaf deb biladi va e‘zozlaydi.
Huquqiy davlatda qonun sobiq sovet jamiyatida bo’lganidek o’g’ri qolib to’g’rini, aybdor qolib aybsizni, gunohkor qolib begunohni jazolamaydi, odamlarning nohaqdan burnini qonatmaydi nafsiyatini yerga urmaydi. U har narsani o’z nomi bilan ataydi, jinoyatchilarni qilmishiga yarasha jazolaydi, tartibga chaqiradi, ijtimoiy adolatni himoya qiladi.
Huquqiy davlatda qonun yakka hokimlikka, zo’ravonlikka, vazifasini suistimol qilishlariga yo’l bermaydi, fuqarolarning haq huquqlarini, qadr qimmati, erkinligi sha‘nini, g’ururini himoya qiladi, ijtimoiy adolat ta‘minlanishini o’z zimmasiga oladi.
O’zbekiston Prezidenti I. Karimovning “O’zbekiston XX1 asrga intilmoqda” mavzuidagi nutqida, boshqa ko’plab dolzarb masalalar qatorida, yurtimizda qurilajak demokratik huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati, unda ma‘naviy madaniyatning o’rni hamda ahamiyati muammolari alohida o’rin olgan. Bu tasodifiy hol emas. Chunki ijtimoiy adolat; bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan insoniy munosabatlarni hayotimizda qaror toptirishni yuqoridagilarsiz hech tasavvur etib bo’lmaydi.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, huquqiy davlatni shakllantirish davrida jamiyatni, kishilar o’rtasidagi munosabatlarni boshqarish, bo’yruqbozlik, zo’ravonlik to’rachilik asosida emas, balki qonun asosida huquqiy kafolatlangan ko’rinishda amalga oshirilishi shart.
Ikkinchi savol: Davlatning asosiy qonuni konstitutsiya hisoblanadi. Konstitutsiya lotincha so’zdan olingan bo’lib, tuzulish, tartib ma‘nolarini anglatadi. Ma‘lumki, har bir davlatda, uning ichki va tashqi hayotini tartibga soli shva davlat mexanizmining rejali ishlab turishini ta‘min etish uchun, yuzlab va minglab turli qonunlar hamda qonunosti aktlari qabul qilinadi. Tarixda birinchi konstitutsiya 1778 yilda AQSH da qabul qilingan. Konstitutsiya mamlakatda ijtimoiy tuzum va davlat tuzulishining huquqiy asos va qoidalarini belgilaydi, davlat organlari tizimi, unda ularning tashkil etilishi va faoliyatiga tegishli umumiy qoidalar, saylov tizimi, fuqarolarning asosiy huquqlari va burchlari aks etadi.
Jahon mamlakatlarida ikkinchi jahon urushidan keyin birin ketin bugungi kunda amaldagi konstitutsiyalar qabul qilindi va shu asosda rivojlanib bormoqda. Masalan, Qozog’iston (1995 yil 30 avgust), Qirg’iziston (1993 yil 5 may), Rossiya Federatsiyasi (1993 yil 12 dekabr), Belarus Respublikasi (1994 yil 15 mart), Tojikiston (1994 yil noyabr) va boshqalar o’z konstitutsiyalarini qabul qilishdi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi tarkibida O’zbekiston birinchilardan bo’lib, o’z Konstitutsiyasini qabul qildi. Mustaqillik sharofati tufayli 1992 yil 8 dekabrda O’zbekiston Respublikasining yangi konstitutsiyasi qabul qilindi. Bu hujjat davlatning asosiy qonuni bo’lib, istiqbol sari intilishimizga kuch bag’shida etuvchi, ijtimoiy va davlat hayotining huquqiy asosidir. Konstitutsiyaga binoan, o’zbek xalqining yo’li bitta-ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot qurish, mustaqillikni mustahkamlab, mamlakat ravnaqini ta‘minlashdir.
Konstitutsiyamizning o’ziga xos mazmuni shundan iboratki, u o’zbek xalqining tarixiy va milliy qadriyatlarini g’arb demokratiyasining insonparvarlik tamoyillari o’zida mujassam etadi.
Asosiy qonunda BMTning ustuvor yo’nalishidagi hujjatlari, Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi, xalqaro huquqning me‘yor va tamoyillari hisobga olingan. Shu bilan birga AQSH, Frantsiya, Shvedtsiya, Ispaniya, Portugaliya, Italiya, Bolgariya, Turkiya, Vengriya, Eron, Yaponiya, Misr, Hindiston va boshqa davlatlarning xalqaro huquq taballarini aks ettiruvchi konstitutsiyaviy tajribalarini o’zida jamlagan.
Yangi konsttutsiyamizning ijobiy jihatlari, yangi tomonlari ilgarigi (1927, 1937, 1978) qabul qilingan konstitutsiyalardan tubdan farqi nimalardan iborat?
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov 1992 yil 8 dekabr 12 chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 11 sessiyasida “O’zbekiston kelajagi buyuk davlat” mavzusida so’zlagan nutqi yangi qomusimizning yaratilishini, ilgari konstitutsiyalardan tubdan farqi, o’ziga xos jihatlari va ahamiyatini aniq ifodalab beradi. Bular birinchidan, bu konstitutsiya o’zining tub mohiyati, falsafasi, g’oyasiga ko’ra yangi xujjatdir. Ikkinchidan, bu asosiy qonunda komunistik mafkura, sinfiylik, partiyaviylikdan asar ham yo’q. Uchinchidan, dunyoviy ne‘matlar orasida eng ulug’i inson degan fikr ilgari surilgan va shu asosda fuqaro-jamiyat-davlat o’rtasidagi o’zaro munosabatlarning oqilona huquqiy yechimi ochib berilgan. To’rtinchidan, “Davlat uning idoralari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida ma‘suldirlar” deb yozilishi sobiq ittifoq davrida undagi barcha boyliklarning, mulkning egasi davlat deb qaralar edi. Beshinchidan, konstitutsiyamiz maxsus tarzda muxofaza qilinadi. Shu maqsadda O’zbekiston tarixida birinchi marta konstitutsiyaviy sud joriy etilganligini bilib oladilar. O’zbekiston konstitutsiyasini sifatini belgilovchi mezonlar ham mavjud bo’lib, ular sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin. Jumladan, konstitutsiyani huquqiy davlatni barpo etish ehtiyoji va istiqbollarga muvofiqligi; xalqaro konstitutsiyaviy tajribalarning konstitutsiyani yaratishda ijodiy foydalanganligi; konstitutsiyaning bevosita harakatdagi huquq ekanligi; konstitutsiyaning huquq manbai sifatida yetakchilik roli hamda davlat va jamiyatda barqarorlikda erishishdagi ahamiyati va shu kabi mezonlardir.
O’zbekiston konstitutsiyasining yangi loyixasi ikki yil davomida huquqshunoslar, iqtisodchi olimlar, mutaxassislar ishtiroida tayyorlandi. Konstitutsiya loyixasi matbuotda ikki marta e‘lon qilindi, ikki yarim oy mobaynida muhokama qilindi, 6000 dan ortiq taklif va mulohazalar tushdi. Loyixa umumxalq muxokamasidan keyin Oliy Kengash sessiyasida moddama-modda muhokama qilindi va bir ovozdan qabul qilindi. Ushbu konstitutsiya 128 modda, 26 bob va 6 bo’limdan iborat. Konstitutsiya jamiyatda amalda bo’lgan barcha qonunlarni bir maqsad, bir g’oya, bir yagona umumdavlat miqyosidagi asosiy qonundir. U qonunlarning huquqiy bazasi hisoblanadi. Konstitutsiyada mustahkamlangan normalar O’zbekiston davlati konstitutsiyaviy tuzumining asoslarini, inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini, O’zbekiston Respublikasi davlat tuzilishini, davlat hokimiyati va mahalliy o’zini-o’zi boshqarish tizimini belgilab beradi.
Konstitutsiya O’zbekistoning erkin taraqqiyotini huquqiy jihatdan to’la ta‘minlaydi. Shu bilan birga butun qonunchilik va qonunni ijod qilish jarayonining, demokratiya va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning huquqiy manbai bo’lib xizmat qiladi. Konstitutsiyamiz haqida horijliklar ham o’z baholarini berganlar. Masalan: Frantsuz professori O. Shmidt O’zbekiston va Frantsiya respublikalarining konstitutsiyalarini tahlil qilib, shunday degan edi: “O’zbekiston konstitutsiyasi mutlaqo mustaqil va aynan xalqingiz va jamiyatingiz talablariga hamda an‘analariga javob beradi... konstittssiyagiz davlat hamda fuqaro jamiyati konstitutsiyasi hisoblanadi, chunki ana shu ikki muhim huquqiy sohani tartibga soladi”. (qarang: O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasini o’rganish) kursi o’quv qo’llanmasi. T. 2001 26-27 betlar.
Uchinchi savol: Hokimiyatlarning taqsimlanishi demokratik huquqiy davlatga xos xususiyat hisoblanadi. Boshqacha aytganda, hokimiyatlarni taqsimlash huquqiy davlatni barpo etish, qonun ustuvorligi va hukmronligini amalga oshirish vositasidir.
Hokimiyatlar iaqsimlanishi nazariyasini asoschilari ingliz faylasufi J. Lokk (1632-1704) va Frantsuz mutafakkiri Sh. Monteske (1689-1755) dir. Bu nazariyaning mohiyati shundaki, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta‘minlash uchun davlat hokimiyatining qonun chiqarish, ijro eti shva sudlov funktsiyalari bir-biridan mustaqil bo’lgan turli idoralar tomonidan amalga oshirilmog’i lozim. Monteskening fikricha 3 hokimiyatning har qanday ko’rinishida Biron bir idora yoki shaxs qo’lida jamlanishi omma manfaatlariga putur yetkazadi, suiste‘mollikka olib keladi va bu xol shaxsning siyosiy erkinligi bilan aslo kelisha olmaydi. Konstitutsiyamizning 11-moddasiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi davlat organlari tizimi hokimiyatlarning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga taqsimlanish printsipiga tayanadi.
Xo’sh, hokimiyatning bo’linishi nima uchun zarur? Undan davlat qanday naf ko’radi? Uning fuqarolar manfaatiga ta‘siri qanday?
Javobi quyidagilardan iborat:
1. Davlatning alohida-alohida va vazifalarni amalga oshiruvchi alohida davlat tuzulmalardagi organlari vujudga keladi.
2. Hokimiyatning bo’linishi natijasida davlatning alohida vazifalari shu vazifani uddalay oladigan, ularni malakali bajara oladigan organlar ixtiyorida bo’ladi.
3. Hokimiyat bo’linishi tamoyili asosida vujudga kelgan organlar faqat o’zining vazifasini bajaradi, bir-birini o’rnini egallamaydi.
4. Bu tamoyil natijasida vujudga kelgan hokimiyat tuzulmalari bir-biridan xoli, mustaqil ish ko’radi.
5. Bu tamoyil amal qilishi natijasida hokimiyat (vakolatlar) biron-bir tuzulma (organ, mansabdor shaxs) ixtiyorida to’planib qolmaydi.
6. Hokimiyatning bo’linishi printsipi amal qilishi natijasida hokimiyatning turli tarmoqlari bir-birining vakolatlarini egallamagan holda bir-birini nazorat qiladi, “tiyib turish” mexanizmlari mavjud bo’ladi. “Tiyib turish” mexanizmi deganda biror-bir organ qonunsiz harakat qilganda, ortiqcha vakolat olishga harakat qilganda boshqa hokimiyat tuzulmalari tomonidan quriladigan choralar tushuniladi.
7. Hokimiyat bo’linishi amal qilsa, fuqarolar o’z haq-huquqini to’la amalga oshira oladilar.
Endi har bir tuzum bo’yicha alohida-alohida to’xtalib o’tamiz. Mamlakatimizda qonun chiqarish funktsiyasini ko’ppartiyaviylik zamirida saylangan Oliy Majlis amalga oshiradi.
Oliy Majlis oliy qonun chiqaruvchi organ sifatida har bir davlatda o’ziga xos xususiyatlarga ega va turlicha ataladi. Masalan: AQSHda Kongress (535), Shvetsiyada-Riksda, (349), Xitoy Xalq respublikasida-Xalq vakillari Umumxitoy majlisi, Misrda – 424 deputatli Xalq majlisi, Turkiyada 550 nafardan tashkil topgan Turkiya Millat majlisi va hokazo.
1992 yilgi Konstitutsiya qabul qilgunga qadar, Respublika Oliy Kengashi oliy hokimiyat organi hisoblanar edi.
O’zbekiston Respublkasi Oliy Majlisi avvalgi Oliy Kengashdan ko’pgina jihatlari bilan ajralib turadi. Respublika Prezidenti Oliy Majlisning birinchi sessiyasida (1995 y. 23 fevral) so’zlagan nutqida bu farqlarni ko’rsatib o’tib, shunday degan edi: “Oliy Majlis sobiq Oliy Kengashdan butun mazmun mohiyati bilan faqr qiladi. Uning shakllanishidan tortib, o’z faoliyatini tashkil etish tartiblari va ish usullarigacha buni yaqqol isbotlaydi”.
Respublika Oliy Majlisining avvalgi Respublika Oliy Kengashidan birinchi farqi shundaki, Oliy Majlis birinchi marta ko’ppartiyaviylik asosida shakllandi.
Har bir partiyaning deputatlari oliy majlisda partiya frantsiyalarini tashkil etadi. Shu partiya frantsiyalari orqali siyosiy partiyalar oliy majlisning qonun chiqarish faoliyatida faol qatnashib, shu tariqa davlat boshqaruviga munosib xissa qo’shadilar. Ikkinchi farqi shundaki, oliy majlis deputatlarini shakllantirish avvalgi Oliy Kengashni sinfiy asosida soni va o’rnini avvaldan ko’rsatib, shakllanishidan butunlay farq qilib, hozirda mavjud partiya vakillaridan iborat nomzodlar orasidan muqobillik asosida saylanadi. Uchinchi farqi shundaki, Oliy Majlis tarkibidagi deputatlarning ma‘lum bir qismi oliy majlis tuzulmalari va uning qo’mitalarida doimiy ishlash uchun qoldiriladi.
Respublika Oliy Majlisining yana bir farqli jihati shundaki, u O’zbekistonni mustaqil tashqi siyosat borishi tufayli bir qator nafuzli tashkilotlarga a‘zo bo’ldi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi hozircha bir palatali organdir. Navbatdagi, ya‘ni 2004 yilda bo’ladigan saylovlarda ikki palatali bo’ladi. Bu borada Prezidentimiz I. Karimov ikkinchi chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining to’qqizinchi sessiyasida “O’zbekistonda demokratik o’zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishning asosiy yo’nalishlari” degan mavzudagi ma‘ruzasida (2002 yil 29 avgust) shunday degan edi: “oliy majlisimizning ikki palatali qilib tashkil etish, quyi palataga asosan partiyalar tomonidan taqdim etiladigan ro’yxatlar bo’yicha saylov o’tkazish jamiyatimizni siyosiy jihatdan faollashtirishga kuchli turtki bo’ladi”.
Oliy Majlisning mutloq vakolatlari asosiy Qomusimizning 78- moddasida to’liq ko’rsatib berilgan bo’lib, 24-vakolatdan iborat. Bularni shaklan besh guruhga bo’lish mumkin.
1. Davlat qurilish sohasidagi vakolatlari;
2. Xo’jalik sohasidagi vakolatlari;
3. Boshqaruv va sud organlarining tuzush sohasidagi vakolatlari;
4. O’zbekiston Respublikasi huquq tizimi qonunchiligi sohasidagi
vakolatlari;
5. Xalqaro aloqalar sohasidagi vakolatlar.
1) Oliy Majlisning davlat qurilishi sohasidagi qonunchilik vakolatiga quyidagi masalalar kiradi: O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish unga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish; O’zbekiston Respublikasining qonun chiqaruvchi ijro etuvchi sud hokimiyati tizimining vakolatlari konstitutsiyasiga muvofiq belgilash; O’zbekiston Respublikasi tarkibidagi yangi davlat so’mmalarini qabul qilish va ularni O’zbekiston Respublikasi tarkibidagi chiqarish haqidagi qarorlar tasdiqlash ma‘muriy-huquqiy tuzush masalalari qonun yo’li bilan tartibga solish, O’zbekiston Respublikasi chegaralarini o’zgartirish; tumanlar, shaharlar, viloyatlarni, tashkil etish tugatish nomini o’zgartirish va ularni chegaralarini o’zgartirish;
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga va mahalliy vakillik organlariga saylov tayinlash; Markaziy saylov kommisiyasini tuzish; vakolati tugashi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylov kunini tayinlash;
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisini va uning o’rin bosarlarini saylash; davlat mukofotlari va unvonlarini ta‘sis etish.
2) Oliy Majlisning xo’jalik sohasidagi qonunchilik vakolatlari quyidagilardan iborat:
O’zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo’nalishlarini belgilash va davlat strategik dasturlarini qabul qilish: Boj, valyuta va kredit ishlarini qonun yo’li bilan tartibga solish: Vazirlar mahkamasining tadbirlariga binoan O’zbekiston Respublikasining byudjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat etish, soliqlar va majburiy to’lovlarni joriy qilish.
3) Boshqaruv va sud organlarini tuzish sohasidagi vakolatlariga quyidagilar kiradi: Konstitutsiyaga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Bosh vazirini uning birinchi o’rinbosari va o’rinbosarlarini, Vazirlar Mahkamasi a‘zolarini, Bosh prokuror va uning o’rinbosarlarini tuzish hamda ularni tugatish to’g’risidagi farmonlarni tasdiqlash: Prezidentning taqdimiga ko’ra, Respublika Konstitutsiyaviy sudining raisi va a‘zolari, Markaziy bank boshqaruvini raisi, tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasining raisini lavozimiga tayinlash.
4) Huquq tizimi sohalari bo’yicha vakolatiga respublika huquq tizimining barcha sohasidagi qonunlarini qabul qilish hamda ularga tegishli o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish kiradi.
5) Xalqaro masalalar to’g’risidagi vakolatlariga xalqaro shartnomalar va bitimlarni tasdiqlash va denonsatsiya qilish (barvaqt to’xtatish): Prezidentning umumiy yoki qisman safarbarlik e‘lon qilish, favqulodda xolat joriy qilish, uning muddatini uzaytirish va to’xtatish to’g’risidagi farmonlarini tasdiqlash kiradi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi o’z faoliyatini uning tarkibiga saylangan deputatlar orqali amalga oshiradi.
Ijro etuvchi hokimiyat davlat hokimiyatining amalga oshirishning bir shakli bo’lganligi uchun uni tashkil etishning asosiy qoidalari konstitutsiyada belgilangandir. Konstitutsiyaning 91-moddasi 8-bandiga asosan O’zbekiston Prezidentlik Respublikasidir, ya‘ni ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshirishga Prezident boshchilik qiladi. Oliy ijro etuvchi hokimiyat Vazirlar Mahkamasidir. Prezident ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining Raisi hisoblanadi, uning faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Vazirlar Mahkamasining asosiy huquqiy maqomi va vakolatlari faqat O’zbekiston Oliy Majlisi tomonidan belgilanadi. Amaldagi konstitutsiyaga binoan Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma‘naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni ta‘minlaydi. O’zbekiston Respublikasi Hukumati vazirlarning hamda davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi va yo’naltiradi, ular haqidagi nizomlarni tasdiqlaydi, ularning markaziy apparat xodimlarning sonini va ularga sarflanadigan mablag’larning hajmini belgilaydi. Bundan tashqari vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar hamda davlat va xo’jalik boshqaruvi boshqa organlarining faoliyatini nazorat qiladi va bu organlarning aktlari amaldagi qonun hujjatlariga zid bo’lgan hollarda ularni bekor qilish huquqidan foydalanadi.
Mahalliy davlat hokimiyati ham davlatning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu borada konstitutsiyaning 99-moddasida shunday deyilgan: “Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda, tumanga bo’ysunadigan shaharlardan, shuningdek shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo’lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko’zlab o’z vakolatlariga ta‘luqli masalalarni hal etadilar”, bular quyidagilardan iborat: qununchilikni, huquqiy tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta‘minlash; Hududlarni iqtisodiy, ijimoiy va moddiy rivojlantirsh; mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar yig’imlarini belgilash; byudjetdan tashqari jamg’armalarni xosil qilish; mahalliy komunal xo’jalikka rahbarlik qilish; atrof-muhitni muhofoza qilish; fuqarolik holatini aktlarini qayd etishni ta‘minlash; normativ xujjatlarni qabul qilish hamda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Davlat faoliyatini, uning vazifa va maqsadlarini amalga oshirishda hokimiyatlarning bo’linishi qoidasi asosida tarkib topuvchi hamda alohida davlat muassasalari orqali o’z vazifalarini bajaruvchi tizim sud hokimiyati hisoblanadi. Sudning faoliyati ijtimoiy adolatni, tinchlik va totuvlikni ta‘minlashga, huquqiy tartib va qonuniylikni barcha choralar bilan mustahkamlashga qaratilgan.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 107-moddasi va O’zbekiston Respublikasining 2000 yil 14 dekabrda qabul qilingan “Sudlar to’g’risida”gi (yangi taxrirdagi) qonunida sudlarni, tashkil topishi, ularni saylash va tayinlash tartibi ko’rsatilgan. Bu qonunning 63-moddasiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo’jalik sudi sudyalari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimiga binoan Oliy Majlis tomonidan saylanadi. Sudyalar besh yil muddatga saylanadi yoki tayinlanadi. Konstitutsiyaning 112-moddasi va “Sudlar to’g’risida”gi qonunining 4-moddasiga asosan, sudyalar mustaqil bo’lib, faqat qonunga bo’ysunadilar. Ularning faoliyatiga Biron-bir tarzda aralashishga yo’l quyilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo’ladi. Sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan va boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
Xullas, hokimiyatlar taqsimlanishi davlat hokimiyati organlarining tashkil etilishi va o’zaro bir-birini nazorat qilishi nuqtai nazaridan, ular o’rtasidagi nizoli vaziyatlarni yechish va fuqarolarning manfaatini himoya qilish jihatidan keng samarali yuridik vosita bo’lib xizmat qiladi.
Takrorlash uchun savollar:
1. Huquqiy davlatning asosiy belgilari nimalardan iborat?
2. Konstitutsiya nima?
3. Hokimiyat organlarini sanab o’ting.
4. Oliy Majlis vakolatlarini sanab o’ting.
5. O’zbekistonda sud hokimiyatining qanday tizimlari bor?
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. T. 2012 yil.
2. I. Karimov. O’zbekiston milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. 1-kitob, T. 1996
yil.
3. I. Karimov. Bizdan ozod va obod Vatan qolsin. 2-kitob, T. 1996 yil.
4. I. Karimov. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi. О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qо‘shma majlisidagi ma’ruzasi. “Xalq sо‘zi”, 2010 yil 12 noyabr.
5. Prezident Islom Karimovning О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 18 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi. “Xalq sо‘zi”, 2010 yil 8 dekabr.
6. I. Karimov. Barcha reja va dasturlarimiz vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi. “Xalq sо‘zi”, №16. 2011 yil 22 yanvar.
7. Milliy istiqlol g’oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar (Oliy ta‘lim muassasalari
uchun qo’llanma) T. 2001 yil.
8. “O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini o’rganish” kursi o’quv qo’llanma.
T. 2001 yil.
9. S. Otamurodov va boshqalar “Politologiya” o’quv qo’llanma. T. 1999 yil.
10. O’zbekiston XX1 asrga intilmoqda. T. 2001 yil.
11. Mustaqillik izohli ilmiy-ommabop lug’at. T. 1998 yil.
12. “Xalq so’zi” gazetasi 31 avgust 2002 yil.
13. O’zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti. Darslik. T.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |