Aim.uz
Qishloq xo`jaligida mulkchilik munosabatlari va korxonalarning shakllari
Qishloq xo`jaligida mulk shakllarini quyidagi guruhlarga bo`lish mumkin:
-
xususiy mulk egaligi (dehqon xo`jaliklari, fermer xo`jaliklari mulki);
-
jamoa (shirkat) mulki (qishloq xo`jaligi kooperativlari (shirkat xo`jaliklari) mulki);
-
davlat mulki (davlat xo`jaliklariga, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalariga foydalanishga berilgan davlat mulki);
-
aralash mulk (qo`shma korxonalar mulki).
Xususiy mulk egaligi o`z manfaatlari yo`lida biznesni mustaqil tashkil etish imkonini beradi. Uning afzalliklari quyidagilarda ko`rinadi:
-
xususiy mulk egaligiga asoslangan tadbirkorlikni tashkil etish nisbatan oson kechadi, ya’ni ularni davlat ro`yxatidan o`tkazish va hisobga qo`yish hamda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi yengil;
-
xususiy mulk egasi o`z biznesiga o`zi xo`jayin va mustaqil xo`jaligi yuritish hamda qarorlar qabul qilish imkoniyatiga ega;
-
xususiy mulk egasi o`z mulkidan oqilona va samarali foydalanadi, uni asrab-avaylaydi.
Ammo shu bilan birga uning nuqsonlari ham mavjud:
-
ko`p holatlarda xususiy korxonaning keyinchalik o`z biznesini kengaytirish va ko`proq daromad topish imkoniyatlari moliyaviy jihatdan cheklangan bo`ladi;
-
moliyaviy resurslarning cheklanganligi sababli tijorat banklari va boshqa moliyaviy muassasalar ko`p holatlarda xususiy tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishga moyil bo`lmaydilar;
-
xususiy mulk egasi tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va boshqarish bilan bog`liq barcha vazifalarni (xodimlarni yollash va boshqarish, moddiy ta’minot, mahsulotni sotish, ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarini tashkil etish, mablag`larni jalb etish, buxgalteriya hisobi va hisobot shakllarini yuritish va boshqa.) bir o`zi bajarishiga to`g`ri kelishi uning ko`p vaqtini band etadi;
-
xususiy tadbirkorlik subyekti cheklanmagan javobgarlikka ega bo`ladi, ya’ni noto`lovlar vujudga kelganda kreditorlar uning shaxsiy mulkiga ham da’vo qo`zg`atishi mumkin.
Xususiy mulkka asoslanib faoliyat ko`rsatuvchi korxonalar sirasiga dehqon va fermer xo`jaliklari kiradi.
Jamoa mulki (hamkorlik) biznesni tashkil etishning xususiy tadbirkorlikka nisbatan mukammalroq shakli hisoblanadi. Hamkorlikda ikki yoki undan ortiq sheriklar korxona tashkil etish va uni birgalikda boshqarishga kelishib oladilar. Bunda ular korxonani ta’sis etish jarayonida o`zlarining moliyaviy mablag`larini va ishbilarmonlik qobiliyatlarini ham birlashtiradilar. Shu bilan birga biznesni yuritish bilan bog`liq tadbirkorlik xatarlari hamda foyda yoki zararlarni o`zaro taqsimlaydilar. Korxonaning ustav kapitalida ishtirok etishiga ko`ra, hamkorlar turlicha mavqega ega bo`ladilar. Jamoa (shirkat) mulkiga asoslanib faoliyat ko`rsatuvchi korxonalar sirasiga qishloq xo`jaligi kooperativlari (shirkat xo`jaliklari) kiradi.
Qishloq xo`jaligida davlat mulkidan foydalanib xo`jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi davlat korxonalari ham mavjud. Ular asosan urug`chilik-seleksiya, naslchilik va boshqa tajriba-sinov davlat xo`jaliklari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari shaklida faoliyat ko`rsatadi.
O`zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga ko`ra, qishloq xo`jaligida tadbirkorlik faoliyati bilan jismoniy yoki yuridik shaxs sifatida shug`ullanish mumkin. O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolik Kodeksi”ga muvofiq fuqarolar (jismoniy shaxslar) deganda respublikamizning fuqarolari, boshqa davlatlarning fuqarolari, shuningdek fuqaroligi bo`lmagan shaxslar tushuniladi. Fuqaro (jismoniy shaxs) yakka tadbirkor sifatida davlat ro`yxatidan o`tkazilgan paytdan boshlab tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishga haqlidir.
“Fuqarolik Kodеksi”ning 39-moddasiga muvofiq: “O`z mulkida, xo`jaligi yuritishida yoki opеrativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo`lgan hamda o`z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob bеradigan, o`z nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo`la oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da’vogar va javobgar bo`la oladigan tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi”. Ammo, yuridik shaxslarning faqatgina foyda olishni o`z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan turlari, ya’ni tijoratchi tashkilotlar tadbirkorlik sub’еktlari hisoblanadi.
Shundan kеlib chiqqan holda qishloq xo`jaligida faoliyat olib borayotgan yakka tadbirkorlar va dеhqon xo`jaliklarining yuridik shaxs sifatida davlat ro`yxatidan o`tmagan ko`pchilik qismi jismoniy shaxs maqomida faoliyat olib boradi.
Davlat ro`yxatidan o`tgan dеhqon xo`jaliklari, fеrmеr xo`jaliklari, qishloq xo`jaligi koopеrativlari (shirkat xo`jaliklari), davlat xo`jaliklari va boshqa korxonalar yuridik shaxs maqomida faoliyat olib boradi.
Qishloq xo`jaligi korxonalarida band bo`lgan xodimlarning o`rtacha yillik soniga ko`ra ularni kichik tadbirkorlik subyektlari va yirik korxonalarga bo`lish mumkin. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 30-avgustdagi “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 9-apreldagi xususiy tadbirkorlik, kichik va o`rta biznesni rivojlantirishni yanada rag`batlantirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Farmoniga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi PF-3305-sonli Farmoniga muvofiq 2004-yilning 1-yanvaridan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini yetishtirishda:
- dehqon xo`jaliklari – yakka tadbirkorlik sifatida;
- band bo`lgan xodimlarning o`rtacha yillik soni 20 kishidan oshmagan fermer xo`jaliklari – mikrofirmalar sifatida;
- band bo`lgan xodimlarning o`rtacha yillik soni 50 kishidan oshmagan fermer xo`jaliklari – kichik korxonalar sifatida kichik tadbirkorlik (biznes) subyektlari toifasiga kiritildi.
O`zbekiston Respublikasida kichik tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlashga oid keng miqyosdagi davlat dasturlari amalga oshirilayotganligi tufayli, dehqon va fermer xo`jaliklari ham kichik tadbirkorlik subyektlari sifatida bir qator iqtisodiy va huquqiy imtiyozlarga egadirlar.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |