Aim.uz
Qishloq xo`jaligi korxonalarining hajmiga ta’sir etuvchi omillar
Korxonalarning hajmi ko`rsatkichi kuchli raqobat sharoitida korxonaning iqtisodiy samaradorligiga va istiqbolda barqaror rivojlanishiga bevosita ta’sir ko`rsatadi.
Qishloq xo`jaligi korxonalarining hajmi ishlab chiqarishning kontsentratsiyasi tushunchasi bilan uzviy bog`liqlikka ega. Ishlab chiqarishning kontsentratsiyasi deganda ma’lum bir tabiiy, tashkiliy-iqtisodiy, texnikaviy-texnologik va ijtimoiy omillar ta’sirida muayyan tipdagi ishlab chiqarish korxonalarining to`planishiga tushuniladi. Ishlab chiqarish kontsentratsiyasi darajasi korxonalar hajmini belgilab beradi.
Tabiiy omillarga korxona joylashgan erning rel’efi, dalalar (yer uchastkalari) hajmi va konfiguratsiyasi, qishloq xo`jaligiga yaroqli yerlarning sifat jahatidan tarkibi va korxona hududida joylashishi, suv bilan ta’minlanganlik sharoitlari kiradi. Masalan, tog`li hududlarda ekishga yaroqli yer maydonlarining har erda sochilib ketganligi, suv chiqarish bilan bog`liq qiyinchiliklar, er relyefining notekisligi va lalmi (sug`orilmaydigan) yerlar salmog`ining ko`pligi yirik hajmli dehqonchilik ishlab chiqarishni yuritishga noqulayliklar tug`diradi. Ammo, bunday sharoit yaylov-o`tloq tizimidagi yirik chorvachilik xo`jaligini tashkil etishga qulay sharoit tug`diradi.
Tashkiliy-iqtisodiy omillarga mamlakat ishlab chiqaruvchi kuchlarining rivojlanish darajasi, mamlakatda mavjud ishlab chiqarish munosabatlarining xarakteri va usullari, xo`jaliklarning ixtisoslashuvi va intensivligi, ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarish tizimlarining xususiyatlari, mehnat va moddiy resurslar bilan ta’minlanganlik darajasi va boshqa bozor munosabatlari kiradi.
Texnikaviy-texnologik omillarga korxona va uning ishlab chiqarish bo`linmalarining texnika vositalari bilan ta’minlanganligi, ishlab chiqarish jarayonlarining mexanizatsiyalashuv darajasi, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonining biologik va texnologik xususiyatlari va boshqalar kiradi. Xususan, don va paxta yetishtirish texnologiyasi ishlab chiqaishni yirik hajmlarda tashkil etishga mos bo`lsa, sabzavotchilik va issiqxonalarda mahsulot yetishtirishning texnologik xususiyatlari ishlab chiqarish hajmini cheklashga sabab bo`ladi. SHuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarining yuqori darajada mexanizatsiyalashuvi yirik ishlab chiqarishni tashkil etishna rag`batlantiradi.
Ijtimoiy omillarga korxona hududida aholi yashash punktlarining joylashuvi va aholi zichligi, yo`l va aloqa vositalarining rivojlanish darajasi, aholining kasb-korlik va siyosiy ongi darajasi, malakali mutaxassis va rahbar kadrlar bilan ta’minlanganligi va boshqa omillar kiradi. Aholi zich joylashgan hududlarda qishloq xo`jaligiga yaroqli yer maydonlarining cheklanganligi ishlab chiqarishni yiriklashtirish imkoniyatlarini cheklaydi. Masalan, fermer xo`jaliklarini yer maydonlarini optimallashtirishdan so`ng 2009-yil 31- dekabr holatida respublika bo`yicha o`rtacha bir fermer xo`jaligiga 56 gektar yer maydoni to`g`ri kelgan bo`lsa, aholi zichligi baland bo`lgan Xorazm viloyatida bu ko`rsatkich 25 gektarni, Andijon viloyatida 24 gektarni, Farg`ona viloyatida 22 gektarni, Namangan viloyatida 37 gektarni tashkil etgan. Aholi zichligi kam va yer maydoni katta bo`lgan Qoraqalpog`iston Respublikasida bu ko`rsatkich 119 gektarni, Buxoro viloyatida 114 gektarni va Surxondaryo viloyatida 99 gektarni tashkil etgan (5-jadval).
Jahon tajribasi shuni ko`rsatadiki, qishloq xo`jaligi korxonalarining hajmiga har bir mamlakatda tashkil topgan ijtimoiy-iqtisodiy va xo`jaligi yurtish munosabatlari tizimi hamda mavjud tabiiy-jug`rofik omillar ta’sir ko`rsatadi. Jumladan, yirik qishloq xo`jaligi yer maydonlariga ega mamlakatlarda korxonalar hajmi yirik, cheklangan er resurslariga va yuqori aholi zichligiga ega mamlakatlarda esa kichik bo`lishi bilan xarakterlanadi. Masalan, Kanadada bir fermer xo`jaligiga o`rtacha 215 gektar, AQShda 180 gektar, Rossiyada 44 gektar, Frantsiya, Daniya va Shvetsiyada 27-30 gektar, Germaniya, Belgiya, Ispaniya va Finlyandiyada 12-16 gektar, Gretsiya, Italiya va Portugaliyada 4-6 gektar er to`g`ri keladi1.
Xulosa shuki, qishloq xo`jaligida ham iqtisodiy, tabiiy-iqlim, er va jug`rofik, inson omili xususiyatlariga ko`ra, bir xil hajmdagi emas, balki turli-tuman hajmdagi yirik, o`rta va kichik korxonalar tashkil qilinishi maqsadga muvofiqdir. SHirkat xo`jaliklari yirik hajmli, dehqon va fermer xo`jaliklari kichik hajmli korxona tarkibiga kiradi.
Ishlab chiqarishning har bir xo`jaligidagi hajmini belgilash shu xo`jaligidagi mavjud iqtisodiy va tabiiy sharoilarni hisobga olgan holda hat etiladi.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |