Yomg‘irli kechada falakka uchdim, Shamollar yuzimga yopishdi ivib. Yulduzlar armonli shivirga tushdi: Yomg‘irning hidi-ku, yomg‘irning hidi! Shoir shunday sehrli va nazokatli she’r yozishi lozim. She’r faqat qofiya, radif, vazn va san’atlar tizimidan iborat bo‘lmaydi. U oddiy so‘z bo‘lsa-yu, ammo o‘quvchini maftun etsa, xayolot dunyosiga chorlasa va bu sayohat orzu - yu armonlarga chulg‘anib kishini koinotga olib chiqsa – bu haqiqiy mushohada va taassurotdan iborat ohangdor so‘z bo‘ladi, yangi ruhdagi e’jozmonand she’rga aylanadi. Usmon Azim she’rlarining ko‘pchiligi shu tarzda yaratilgan va undagi shoirona did, nazariy g‘oya va teran mulohazalar hissiyot tufayli kuchli joziba va quvvat kasb etgan.Ta’kidlaganimizdek, Usmon Azim she’rlari obraz va topilmalarga boy. Shoirona obrazlar tizimi, she’riy gardishlar, nodir san’atlar silsilasi shoir she’rlariga joziba baxsh etib, ularni serjilo timsollarga aylantirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |