davlat xizmatchisi — bu davlat ma’muriyati apparatida bevosita yoki bilvosita ma’lum bir haq evaziga doimiy yoki vaqtincha xizmat majburiyatlarini amalga oshiruvchi shaxsdir.
Bunda “Xizmatchi tomonidan xizmat majburiyatlarining bajarilishi” asosiy tushuncha sifatida namoyon boʻladi.
Davlat xizmatchisi tushunchasini uch ma’noda koʻrib chiqish mumkin: birinchidan, davlat-huquqiy nuqtayi nazaridan davlat xizmatchisi — bu turli xususiyatdagi va ahamiyatdagi vakolatlarga ega boʻlgan davlatning (davlat organlarining) "xizmatkori" hisoblanadi. Xizmatchilar davlatni davlat ma’muriyatining ichidagi turli ijtimoiy munosabatlarda yoki tashqi aloqalarda davlat nomidaivharakat qiladi. Davlat xizmatchisi — davlat va jamiyat taraqqiyotining mahsuli boʻlib, davlat funksiyalarini amalga oshiradi;
ikkinchidan, ma’muriy-huquqiy nuqtayi nazaridan davlat xizmatchisi – maxsus hokimiyat, tashkillashtiruvchi-farmoyish beruvchi vakolatlarga ega. Davlat xizmatchisi yurisdiksiyaviy (huquqni muhofaza qiluvchi) choralar va vakolatlarni amalga oshirish va ma’muriy-huquqiy sanksiyalarni qoʻllash huquqiga ega boʻlgan hokimiyat vakilidir;
uchinchidan, jinoyat-huquqiy nuqtayi nazaridan davlat xizmatchisi — jinoiy javobgarlikning maxsus subyekti hisoblanadi (davlat xizmatchisi - mansabdor shaxs -mansab jinoyatlari uchun javobgarlikka tortiladilar).
Har bir davlat xizmatchisi egallab turgan lavozimidan kelib chiquvchi ma’lum bir vazifalarni bajarishi kerak. Davlat lavozimi - bu davlat xizmatchisining ish (xizmat) joyi hisoblanadi. Har bir davlat lavozimi davlat xizmatining asosiy elementlaridan biri boʻlgan shtat birligiga kiritiladi. Shtat jadvali davlat organi (tashkiloti)da tashkil etilgan lavozimlardan iboratdir. Davlat tashkilotlarida lavozimlar davlat hokimiyati subyektlari tomonidan farmoyish berish tartibida tashkil etiladi.
X.R. Alimov davlat xizmatchisiga toʻxtalib, unga quyidagicha tushuncha beradi:
davlat xizmatchisi — bu davlat-hokimiyat vakolati doirasida ma’lum bir haq evaziga davlat oldida turgan vazifa va funksiyalarni amalga oshiruvchi shaxsdir. Davlat xizmatiga faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari kirishi mumkin.
D.M.Ovsyankoning fikricha: davlat xizmatchisi — qonun bilan oʻrnatilgan tartibda ma’lum bir pul mukofoti evaziga davlat xizmatidagi davlat lavozimi boʻyicha majburiyatlarni amalga oshiruvchi fuqaro hisoblanadi. Davlat xizmatchilari orqali butun jamiyat sohalariga taalluqli boʻlgan davlat organlarining vakolatlari amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida davlat xizmatchisi tushunchasini quyidagicha belgilash mumkin:
• birinchidan, davlat xizmatchisi — bu 18 yoshga toʻlgan, davlat tilini bilgan, ma’lum bir bilimga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosidir. Davlat xizmatchisi davlat-xizmat munosabatlarining bir tomonini tashkil etadi. Davlat organi hamda xizmatchi oʻrtasida mehnat shartnomasi tuzilib, unga koʻra xizmatchi davlat javobgarlik, pul mablagʻi bilan ta’minlash kabi majburiyatlarga ega boʻladi. Davlat xizmatchisi ma’muriyatning vakili, davlat byurokratining bir qismi hisoblanadi. Davlat xizmatchilarining barcha harakatlari davlat nomidan va uning koʻrsatmasi asosida amalga oshiriladi, davlat esa davlat xizmatchisi faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi va tegishli holatlarda ularga nisbatan majburlov choralarini qoʻllaydi. Davlat xizmatchisi faqatgina davlat organida davlat mansabini egallashi mumkin;
• ikkinchidan, davlat xizmatchisi faoliyati davlat xizmatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablariga mos kelishi kerak;
• uchinchidan, davlat xizmatchisi qonunchilik bilan oʻrnatilgan tartibda davlat xizmatining pul bilan ta’minlanadigan davlat lavozimini egallaydi.