Noaniq ta’riflash. Shunday tushunchalar borki, ularning mazmunini real ta’riflash vositasida ochib berib bo‘lmaydi. Hajm jihatidan eng keng tushunchalar (kategoriyalar), matematik atamalar ana shular jumlasiga kiradi. Chunki ular mazmunan mavhum tushunchalar bo‘lib, ularning jins va tur belgilarini aniqlab bo‘lmaydi. Bunday hollarda noaniq ta’riflashga murojaat qilinadi. Mazkur ta’riflash turli shakllarga ega bo‘lib, ular orasida eng ko‘p qo‘llaniladiganlari – bu kontekstual va predmetning o‘ziga bo‘lgan qarama-qarshilik munosabatini ko‘rsatish orqali ta’riflashlardir.
Konstektual ta’riflashda tushunchaning mazmuni muayyan kontekstda ochib beriladi. Ma’lumki, kontekst (lotincha contextusso‘zdan olingan bo‘lib, «uzviy bog‘liq» degan ma’noni ifodalaydi) – bu nisbiy tugal fikr bo‘lib, uni ifodalayotgan har bir so‘z, gapning ma’nosi aniqlanilgan bo‘ladi.
Masalan: matematikadagi ko‘pgina mavhum tushunchalar (sinus, kosinus, hosila va b.) faqat kontekstual, ya’ni ma’nosi aniqlangan boshqa mavhum tushunchalar orqali ta’riflaniladi.
Ayniqsa ushbu ta’riflash tilshunoslik sohasida keng qo‘llaniladi. Masalan, ko‘pgina kirish so‘lar borki, gapda ko‘pincha kirish so‘z vazifasini bajarib keladi. Shuning uchun ularning qanday gap bo‘lagi o‘rnida kelishi kontekstda anglashiladi.
Predmetning o‘ziga bo‘lgan qarama-qarshilik munosabatini ko‘rsatish orqali ta’riflash, asosan, jins va tur belgilarini aniqlab bo‘lmaydigan falsafiy kategoriyalarni ta’riflashda qo‘llaniladi. Masalan, “Shakl mazmunning namoyon bo‘lishidir”, “Imkoniyat hali ro‘yobga chiqmagan voqelikdir” va b.
Tushunchalarni ta’riflashda predmetning barcha xususiyatlarini ko‘rsatib berishning imkoniyati cheklangandir. Shuning uchun muhokama yuritishda ta’riflashga o‘xshash usullar qo‘laniladi. Bular: tasvirlash, tavsiflash, qiyoslash, tafovutlash, misollar yordamida tushuntirish.
Aksariyat xalq maqollari, aforizmli hikmatlardagi falsafiy fikr, teran ma’nolar ta’riflashning ana shu shaklida ifoda etilganini ko‘ramiz. Masalan: «Kam gapirib, ko‘p eshit», «Nomus tashqi vijdon». (M.Shopengauer); «Kishi yorug‘ paytda qorong‘ulik, baxtli damlarda – kulfat, xursandchilik holatida – g‘am-g‘ussa haqida kamdan-kam o‘ylaydi, aksincha qorong‘ulikda doimo yorug‘lik, boshiga musibat tushganda baxt, muhtojlikda boylik haqida o‘ylaydi» (I.Kant).
Tasvirlashda buyum va hodisalarning umumiy belgilari aniqlaniladi. Shunga ko‘ra bunday usulda predmet haqida, garchi zohiriy bo‘lsada, to‘liq ma’lumot olinadi. Mazkur usul, ayniqsa, huquqiy sohada keng qo‘llaniladi. Masalan, jinoyat sodir etilgan joy va uning tafsiloti inspektordan birorta mayda detal, holatni qoldirmasdan tasvirlashni talab etadi. Bu o‘rinda mashhur izquvar SHerlok Xolmsning ko‘pincha ana shu usul orqali jinoyatlarni ochib berishini esga olish xarakterlidir.
Shu narsani ta’kidlash kerakki, mantiqdagi tasvirlash va badiiy adabiyotdagi tasvirlash usullarini bir-biri bilan almashtirib yubormaslik kerak. Keyingisiga xos tasvirlash obraz, xarakterlar yaratish bilan bog‘liq usul bo‘lib, bunda mubolag‘a, metaforalarga tayaniladi. Masalan, Sadriddin Ayniy Kori Ishkambaning o‘ta xasisligini uning soch oldirganda boshining kal joyi uchun pul to‘lamasligi orqali tasvirlaydi.
Tushunchani bo‘lish deb uning hajmini ochishga qaratilgan mantiqiy usulga aytiladi. Bizga malumki, tushunchaning hajmi – bu unda fikrlanayotgan predmetlar ko‘lami, turlarining yig‘indisidir. Boshqacha qilib aytganda, tushunchada ifodalanayotgan predmetning muhim belgilarini o‘zida mujassamlashtirgan turlarning majmui tushunchaning hajmini tashkil etadi. Tushunchani bo‘lish unda fikrlanayotgan predmetlarni shunchalik turlarga ajratish bo‘lmasdan, ayni paytda ularning muhim belgilari asosida muayyan jinsning tur (element)larini aniqlashga qaratilgan mantiqiy usul hisoblanadi. Bu esa tushunchalarda aks etgan buyum, hodisalarni har tomonlama bilib olish uchun xizmat qiladi.
Aytish mumkinki, bilish jarayonining boshlanishi tushunchalarni bo‘lishdan boshlanadi. Darhaqiqat, qanday bir fanni olib qaramaylik, ularni o‘rganish muayyan tushunchalar tizimining hajmini ochishdan, ya’ni bo‘lishdan boshlanadi. Bo‘lish usulini amalga oshirishda bo‘linuvchi, yani hajmi ochilishi talab etiladigan tushunchani, bo‘lish a’zolari – qismlarini, ya’ni bo‘lishda hosil qilinadigan birga bo‘ysunuvchi tushunchalarni, shuningdek, bo‘lish asosini, ya’ni – bo‘lish uchun asos qilib olinadigan muhim belgilarni bir-biridan farqlay bilish zarur. Bo‘lishda bo‘linuvchi tushuncha jins, bo‘linma a’zolari esa unga birga bo‘ysunuvchi tushunchalar sifatida olib qaraladi va bunda jins tushunchasining muhim belgisidan biribo‘lish uchun asos qilib olinadi. Masalan, «gap» tushunchasini uning tuzulishi, fikrni ifodalashi belgilarini asos qilib olib, sodda va qo‘shma gap; darak, so‘roq undov gaplarga bo‘linadi.
Tushunchani bo‘lish ikki xil bo‘ladi: belgilarning o‘zgarib borishi bo‘yicha bo‘lish va dixotomik bo‘lish. Tushunchaning muhim bir belgisi asos qilib olinib, so‘ngra boshqa belgilariga o‘tish orqali bo‘lish belgilarining o‘zgarib borishi bo‘yicha bo‘lish deb ataladi.
3. Hukm tafakur shakli sifatida. Hukumning tarkibi va xususiyatlari.
Hukm tafakkurning shakli bo‘lib, uning mantiqiy asosini tushunchalar tashkil etadi. Lekin ularni bir-biridan ajratib qarash mavhumlashtirish natijasi bo‘lib, mazkur ajratish ularning o‘ziga xos xususiyatlarini bilib olishga qaratilgandir. Chunki tafakkur – bu tushuncha, hukm, xulosa chiqarishlarning dialektik birligida kechuvchi murakkab jarayoni bo‘lib, ularning biri ikkinchisining yuzaga kelishi, amal qilishining mantiqiy negizi hisoblanadi.
Hukm quyidagi xususiyatlari bilan boshqa fikr shaklidan, xususan, tushunchadan farqlanadi:
1. Hukm fikrning tasdiq yoki inkor shaklidir. Chunki u muayyan bir belgining predmetga taalluqli yoki taalluqli emasligini, bir predmetning boshqa predmetga munosabatini ifodalaydi. Masalan: «Kit sut emizuvchi suv hayvonidir», «Oy planeta emas», «Po‘lat temirga nisbatan yuqori temperaturada eriydi». Keltirilgan har uchta hukm tarkibida ikkitadan tushunchalar bo‘lib, ularning har biri alohida olinganda tasdiq yoki inkorni, ya’ni tugal bir fikrni ifodalamaydi. Mazkur tushunchalar bunda predmetning tur va jins munosabatini umumiylik va alohidalik birligi asosida ifodalash orqali hukmni yuzaga keltirmoqda. Agar birinchi va ikkinchi hukmda predmetning muayyan jinsga mansubligi yoki mansub emasligi ko‘rsatilayottan bo‘lsa, uchinchisida o‘zaro tur munosabati ifodalanmoqda.
2. Hukm uchta tarkibiy qismdan tashkil topgan bo‘ladi: subyekt /lotincha-subiektum/, predikat /lotincha-predikatum/, mantiqiy bog‘lama.
Hukm quyidagi formulada ifodalanadi: S-P dir, S-P emas. Subyekt - bu fikr predmeti, ya’ni narsa, hodisani ifodalovchi hukm elementidir. Predikatfikr predmeti-subyektning belgi, xususiyatlarini ifodalaydigan qismdir. Subyekt va predikatni bir-biri bilan o‘zaro munosabatga kirishtiruvchi qism mantiqiy bog‘lama hisoblanadi.Bog‘lamau yoki bu belgining subyektga xos yoki xos emasligini ko‘rsatadi va shunga ko‘ra u tasdiq («dir», «hisoblanadi» va b. so‘zlarda ifodalanadi) va inkor («emas», «hisoblanmaydi», «yo’q,» va b. shu kabi so‘zlarda ifodalanadi) shaklida bo‘ladi. Shunga ko‘ra har qanday mantiqiy bog‘lama fikrning tasdiq yoki inkoridir. Masalan: «O‘zbekiston – BMT a’zosidir», «Natriy suvdan og‘ir emas».
Shu narsani alohida ta’kidlash kerakki, muhokamalarda subyekt va predikatlarning o‘rnini, vazifasini yaxshi bilish to‘g‘ri fikr yuritishning zaruriy shartlaridan hisoblanadi.
3. Har qanday hukm chin yoki xato bo‘ladi. Mantiqqa doir ko‘pchilik darslik, qo‘llanmalarda hukmning chinligi uning narsa, hodisalarni aynan aks ettirishligi, ya’ni fikrning unda aks etilayotgan predmetga mos kelishligi bilan belgilanadi, deb ko‘rsatiladi. Bizningcha, mazkur qoidani har qanday hukmlarning chinligini belgilovchi birdan-bir universal o‘lchov sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Agar ushbu qoida voqeiy hukmlarga nisbatan tadbiq etish mumkin bo‘lsa, (Masalan: «Amudaryo – Markaziy Osiyodagi eng katta daryo», «Simob elektr toki o‘tkazuvchi jismdir» va h.k.) modal, bahoviy hukmlarga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi. Ijtmioiy hayotni aks ettiruvchi hukmlarning chin va xatoligi tajribaviy amliyot bilan emas, balki tarix mantig‘i mezoni bilan aniqlaniladi. Masalan, uzoq yillar mobaynida «Marksizm-leninizm eng ilmiy va gumanistik ta’limotdir», «Din afyundir» kabi hukmlar mutlaq haqiqat sifatida targ‘ib qilib kelingan bo‘lsa-da ularning uydurma ekanligini tarixning o‘zi ko‘rsatib berdi.
O‘z paytida nemis faylasufi I.Kant hukmlarni turli darajadagi bilimlarni ifodalashiga ko‘ra analitik, sintetik va estetik turlarga ajratgan va ularning chinligi turlicha mezonlar bilan o‘lchanishligi haqidagi qarashni ilgari surgan edi.
Kantning fikricha, analitik hukmlarda predikat subyektning bir qismini o‘z ichiga oladi. Shunga ko‘ra uning chinligi o‘z-o‘zicha aniq zaruriydir. Masalan: «Hamma jismlar ko‘lamlidir» degan hukmni olib qaraydigan bo‘lsak, uning predikati «ko‘lamlidir» subyektning hajm va mazmunining tarkibiy qismi hisoblanadi. Shunga ko‘ra «Ko‘lamga ega bo‘lganlardan biri – bu jismlardir» deyish mumkin.
Sintetik hukmlarda predikat subyekt uchun xos belgi, xususiyatlarni ifodalamaydi. Masalan: «Ba’zi jismlar og‘irdir» hukmining predikati – og‘irlik jism tushunchasining mazmuniga zaruran kirmaydi. Chunki jism tushunchasi uchun og‘irlik muhim belgi hisoblanmaydi. Shuning uchun bunday hukmlarning chinligini belgilashning muhim sharti – o‘lchovi tajriba hisoblanadi.
4. Hukm tushunchadan farqli ravishda gap orqali ifodalanadi. Chunki gap tugal fikrni ifodalovchi grammatik shakldir. Lekin gap faqat hukm ifodalanishining grammatik shakli bo‘lmasdan, uning mavjudlik, amal qilishining usuli hamdir.
Shuni ta’kidlash kerakki, to hozirgacha mantiq va tilshunoslikda hukm va gap bir-biridan ajratilgan holda o‘rganilib kelinadi. Shuning uchun gapning tahlili, odatda, uning grammatik tuzilishini belgilashga qaratilgan bo‘ladiki, bunda uning semantik /ma’noviy/ aspektlari nazardan chetda qoladi. Mantiqni fikr grammatikasi, grammatikani esa mantiq birligida o‘rganish bugungi kunning talabidir. Zotan, tafakkur va nutq madaniyatini shakllantirish kishilarimizning ma’naviy-ruhiy tiklanishining muhim jihati hisoblanadi. Garchi hukm va gap dialektik birlikda bo‘lsa-da, ular quyidagi xususiyatlari bilan ular bir-biridan farqlanadi:
1). Har qanday hukm gap orqali ifodalanadi, ammo har qanday gap hukm bo‘la olmaydi. Chunki shunday gap turlari borki, (so‘roq, undov, buyruq, atov) bularda hukmga xos xususiyatlar (tasiq va inkor, chin yoki xato bo‘lishi va b.) uchramaydi. Misol uchun quyidagi gaplarni olib qaraylik.
1. Sangzor O‘zbekistondagi eng kichik daryodir.
2. Men u bilan endi hecham uchrashmasam kerak.
3. Simob suyuq metaldir.
4. Bu she’rni ifodali o‘qing.
5. Tong.
6. Soat necha bo‘ldi?
Keltirilganlarning har oltitasi ham grammatik jihatidan gap hisoblansalar-da, ularning 1 va 3 larigina hukmni ifodalaydi. Chunki ularda fikrning chin yoki xatoligi ma’lum bo‘lib, tasdiq va inkor shaklida irodalangan. Shuningdek, ularda subyekt va predikat munosabati mavjud. Qolgan gaplarda bunday xususiyat yo’q. Lekin shuni ta’kidlash kerakki, so‘roq, undov, buyruq gaplarda hukm bavosit, yashirin tarzda ifodalanadi. Bunday xususiyat ko‘proq so‘roq gaplarga xos bo‘ladi. Ko‘pgina so‘roq gaplarda hukm shu holda ifodalanadi. Masalan, «Kim birinchi bo‘lib Amerikani kashf etgan?», degan so‘roq gapda «Ma’lum bir davrgacha Amerika qit’asidan kishilar bexabar bo‘lgan, u ma’lum bir vaqtga kelib kim tomonidandir kashf etilgan», degan fikryashiringandir.
2). Hukmning subyekt, predikat, bog‘lamasi va gapning – ega, kesimi va ikkinchi darajali bo‘laklari aynan bir xil maqomga ega emaslar. Chunki ular gap va hukmda sintaktik va semantik vazifalarni o‘taydilar. Masalan: «Respublika “Tashabbus” tanlovida eng tadbirkor kasb egalari ishtirok etadilar”, degan mulohaza gap nuqtai nazaridanttahlil qilinadigan bo‘lsa, unda “tadbirkor kasb egalari” –ega, “ishtirok etadilar” kesim, “Respublika “Tashabbus” tanlovida”-ikkinchi darajali bo‘lak hisoblanadi Agar ushbu mulohaza hukm tarzida olib qaraladigan bo‘lsa, «Respublika “Tashabbus” tanlovi- subyekt, eng tadbirkor kasb egalari ishtirok etadilar”- predikat bo‘ladi. Shuningdek, subyekt va predikat ega va kesimdan farqli ravishda o‘zining hukm tarkibida doimiy o‘rni-maqomatiga ega bo‘lmaydi. Uning o‘rni ko‘pincha mantiqiy urg‘u berilish bilan o‘zgarib turadi
Hukmlar tuzilishiga ko‘ra ikkita turga ajratiladi: odliy(sodda) va murakkab. Bir subyekt va predikatdan tashkil topgan hukmlarga sodda hukmlar deb ataladi. Masalan, ”Birinchi sentabr – O‘zbekistonning mustaqillik kuni”.
Subyekt va predikatning o‘zaro munosabatiga ko‘ra sodda hukmlar uch turga ajratiladi: atributiv, mavjudlik, munosabatli. Atributiv(lotincha – attributia – xususiyat, belgi) hukmda fikr predmetiga xos bo‘lgan belgi ifodalanadi. Agar predikat subyektning muhim belgisini ifodalasa, qat’iy, muhim bo‘lmagan belgisini ifodalasa, noqat’iy bo‘ladi. Masalan: «Samarqand – O‘zbekistonning birinchi poytaxti» /qat’iy/, «Samarqand – Markaziy Osiyodagi qadimiy shaharlardan biri» /noqat’iy/.
Mavjudlik hukmida predikat subyektning belgi, xususiyatini emas, balki fikr predmetining muayyan makon va zamonda mavjud yoki mavjud emasligi aks etadi. Masalan: «Materiya abadiy va cheksizdir». «Mafkurasiz siyosiy madaniyat shakllanmaydi».
Munosabat hukmlarda predmetlarning o‘zaro makon, zamondagi turli xil munosabatlari ifodalanadi. Masalan: «Ulug‘bek – Amir Temurning nabirasi», «Bobur Lutfiydan keyin yashagan» va h.k.
Sodda hukmlar, shuningdek son va sifat jihatidan ham turlarga bo‘linadi. Hukmlarning sonida subyektda ifodalanayotgan tushunchaning hajmi ifodalanadi. Shunga ko‘ra sodda hukmlar soniga ko‘ra yakka, juz’iy va umumiy turlarga ajratiladi. Agar subyektda alohida bir predmet, hodisa ifodalansa, u yakka hukm hisoblanadi. Masalan: «Baykal – dunyodagi eng chuqur ko‘l».Muayyan predmetlar sinfi, uning turlarining belgilarni ifodalovchi hukmlar umumiy hisoblanadi. Masalan: «Falsafiy qonunlar borliqning muhim, zaruriy va umumiy bog‘lanishlaridir».
Juz’iy hukmlarda ma’lum belgining muayyan turlarning bir qismi uchun taalluqli yoki taalluqli emasligi ifodalanadi. Juz’iy hukmning yakka va umumiy hukmlardan farqi shundaki, muayyan belgi unda ifodalanayotgan predmetlar sinfi va uning turlarining qaysi biriga taalluqli ekanligi noma’lum bo‘ladi. Masalan: «Ba’zi hayvonlar suvda va quruqlikda yashaydi», «Ba’zi kimyoviy moddalar reaksiyaga kirishmaydi». Juz’iylikni «ba’zi», «ayrim», «ko‘pchilik» kabi so‘zlar ifodalaydi.
Sodda qat’iy hukmlar sifatiga ko‘ra tasdiq va inkor hukmlarga bo‘linadi. Hukmning sifati uning bog‘lamasida ifodalanadi. Hukmlardagi son va sifat doimo o‘zaro birlikda bo‘ladi. Chunki undagi sifat, ya’ni tasdiq va inkor subyektda ifodalanayotgan umumiylik, juz’iylik va yakkalikka tegishli bo‘ladi.
Son va sifat jihatidan birlashib kelishiga ko‘ra sodda qat’iy hukmlar to‘rtta turga bo‘linadi: 1).Umumiy tasdiq hukm; 2). Yakka – juz’iy tasdiq hukm; 3). Umumiy inkor hukm; 4)Yakka – juz’iy inkor hukm.
Bir vaqtda son jihatidan umumiy, sifat jihatidan tasdiqlovchi hukmlar umumiy tasdiq hisoblanadi. Bunday hukmdagi umumiylik «hamma», «barcha» kabi kvantor so‘zlarida ifodalanadi. Masalan: «Hamma mustaqil davlatlar o‘z valyutasiga egadir». Ko‘pincha muhokama yuritishda bunday kvantor so‘zlar tushirib qoldiriladi. Lekin bunda umumiylik anglashilib turadi. Masalan: «O‘quvchilar so‘nggi qo‘ng‘iroqdan so‘ng o‘z o‘qituvchilariga rahmat so‘zi aytishdilar», «G‘oyalar kishilarni safarbar qilish kuchiga ega».
Umumiy tasdiq hukm quyidagi ramziy ishora- A (lotincha affirmo – tasdiqlayman so‘zining birinchi unli harfi)belgilanadi va quyidagi formulada ifodalaniladi:
Hamma S – R dir.
Bir vaqtda yakka, juz’iy va tasdiq hukmlar yakka-juz’iy tasdiq deb ataladi. Masalan: «Mantiq falsafiy fandir», «Ba’zi ilonlar suvda yashaydi» ramziy ishorasi - j ( affirmo – so‘zining ikkinchi unli harfi), formulasi: Ba’zi S - R dir.
Bir vaktda son jihatidan umumiy, sifat jihatidan inkor bo‘lgan hukm umumiy inkor hukm deb ataladi. Ramziy ishorasi YE /lotincha Nego – inkor etmoq so‘zining birinchi unli harfi/ formulasi: Hech bir S – R emas. Masalan: «Hech bir yordamchi so‘z kelishikda turlanmaydi».
Hukm bir vaqtda soniga ko‘ra yakka va juz’iy, sifatiga ko‘ra inkor bo‘lsa, juz’iy inkor hisoblanadi. Ramziy ishorasi - O /Nego – so‘zining ikkinchi unli harfi/, formulasi: Ba’zi S – P emas. Masalan: «Ba’zi metallar suvdan og‘ir emas», «Ba’zi g‘oyalar bunyodkor emas».
Simvolik mantiqda A, YE, J, O xukmlaridagi kvantor (sonni ifodalovchi) so‘zlar hamda subyekt va predikat munosabati alohida ramziy ishora-belgilar /alfavitlarda/ ifodalanadi. Predikatlar mantig‘i tilida mazkur hukmlar quyidagicha formulalarda yoziladi:
Umumiy tasdiqlovchi /Hamma S-Pdir/ hukmi: xR(x) va quyidagicha o‘qiladi: «Har bir x /subyekt/ R xususiyatga egadir».
Umumiy inkor /Hech bir S-R emas/ hukmi: xR(x) va quyidagicha o‘qiladi: «Hech bir X R xususiyatga ega emas».
Yakka-juz’iy tasdiq /Ba’zi S-R dir/ hukmi: YexR(x) va quyidagicha o‘qiladi: «Ba’zi X lar mavjud bo‘lib, ular R xususiyatga egadir».
Yakka-juz’iy inkor /Ba’zi S-R emas/ hukmi: YexR(x)-Ba’zi R xususiyatiga ega X lar mavjud emas».
A,. YE, J, O hukmlarining xulosa chiqarish jarayonida qo‘llanishida ularning atamalari /subyekt, predikat/ning bo‘lingan va bo‘linmaganligini bilish to‘g‘ri fikrlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Hukm tarkibidagi atama-tushunchalarning biri ikkinchisining hajmiga to‘liq kirsa, /bo‘ysunsa/ yoki - to‘liq undan /hajmidan/ chiqarilgan bo‘lsa, unda mazkur tushuncha-atama bo‘lingan hisoblanadi.
Xulosa chiqarish malakasiga ega bo‘lish to‘g‘ri fikr yuritishning‘ zaruriy sharti bo‘lib, bu orqali kishi o‘zi o‘rganayotgan obyekt haqida yangi bilimlar hosil qiladi, chin bilim, haqiqatlarga erishadi. Xulosa chiqarish malakasiga ega bo‘lish kishidan hulosa chiqarishning mantiqiy usul sifatidagi tuzilishini, uning qonun-qoidalarini yaxshi bilishni va ularni muhokama yuritish jarayonida qo‘llay bilishni talab etadi.
Natija chinligining darajaga ko‘ra xulosa chiqarish ikki turga ajratiladi: zaruriy va ehtimoliy;
Zaruriy xulosada natijaning chinligi keltirilgan asoslarning chinligi va ularning bog‘lanishidan bevosita kelib chiqadi. Masalan: «Agar tuman qalin bo‘lsa, yurish qiyinlashadi.Tuman qalin tushdi, demak yurish qiyinlashadi”. Ehtimoliy xulosa chiqarishda esa natija asoslardan bevosita kelib chiqmaydi, balki ularning chinligi bilan qisman shartlangan bo‘ladi. Masalan, «Agar tuman qalin tushsa, yurish qiyinlashadi. Yurish qiyinlashdi». Lekin keltirilgan asoslardan «Tuman qalin tushgan» degan xulosa aynan kelib chiqmaydi. Chunki boshqa sabablarga ko‘ra ham yurish qiyinlashgan bo‘lishi mumkin.
Asoslardan xulosaga mantiqiy o‘tishga ko‘ra xulosa chiqarish uch turda bo‘ladi: deduktiv, induktiv va analogiya (tamsil) bo‘yicha xulosa chiqarish.
Do'stlaringiz bilan baham: |