Og‘zaki va yozma nutq. Nutq ham til va yozuv kabi ikki xil shaklga ega: a)og‘zaki nutq: b)yozma nutq. Og‘zaki nutq tilning (nutqning) tabiiy holdagi ko‘rinishidir. Yozma nutq esa shu tabiiy nutqning yozuvdagi ifodasidir. Shunga ko‘ra, og‘zaki nutq o‘zining tabiiyligi, ta’sir doirasi va talaffuz xususiyatlariga bilan yozma nutqdan jiddiy farq qiladi. Og‘zaki nutq fikrni ifodalashning asosiy vositasidir. Unda tovush kompleksi, ba’zan ayrim tovush vositalari bilan fikr bayon etiladi. Nutq organlari vositasi bilan fikrni ro‘yobga chiqarish va eshitish organlari orqali uni uqib, idrok qilish og‘zaki nutqning asosiy xususiyatlaridan biridir.
Nutqning yozma shakli uning tabiiy shakliga o‘xshab nutq organlari yordamida ifodalanmaydi. Yozma nutqda esa kishilar o‘z fikrlarini turli shartli belgilar sistemasi vositasi bilan ifoda qiladi. Shunga ko‘ra, yozma nutq tabiiy nutqning shartli ko‘rinishi bo‘lib, fikrni ifodalash vositasi sifatida u ma’lum darajada chegaralanganligi bilan xarakterlanadi. Shuning uchun ham nutqning yozma formasi qanchalik katta ahamiyatga ega bo‘lmasin, u tabiiy nutqning o‘rnini bosa olmaydi. Balki yordamchi vosita bo‘lib xizmat qiladi, xolos.
Yozuvning tarixiy ahamiyati. Yozuvning kelib chiqishi va taraqqiyoti jamiyat taraqqiyoti bilan, uning madaniyatining yuqori saviyaga ko‘tarilishi, shuningdek, siyosiy-huquqiy, estetik va shu kabi fikrlarni qayd qilish hamda keyingi davrlarga qoldirishga bo‘lgan ehtiyojning o‘sishi bilan bog‘liq. Demak, yozuv jamiyatning eng buyuk madaniy kashfiyotlaridan biri bo‘lib, kishilik jamiyatining har tomonlama taraqqiyotida juda katta roli va o‘ziga xos ahamiyati bor.
Xalqlarning qadimiy yozuvini o‘rganish juda katta nazariy va amaliy ahamiyatga ega. Yozuvni o‘rganish va ilgarigi davrlarda yaratilgan yozma yodgorliklarni o‘qish qadimda amal qilgan tillarning leksik-grammatik xususiyatlarini, o‘sha yodgorlik egasi bo‘lgan xalqning tarixiy urf-odatlari va madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatini beradi.
Agar yozuv bo‘lmaganda, ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan yuksak madaniyat namunalari bizgacha yetib kelmagan bo‘lar edi. Homer, Beruniy, Yusuf Xos Hojib, Firdavsiy, Nizomiy, Ulug‘bek, Navoiy, Bobur, Pushkin kabi buyuk siymolarning ajoyib fikrlaridan bahramand bo‘la olmas edik.
Jamiyatda kitob, gazeta, jurnal, va umuman matbuotning ta’lim-tarbiyaviy ahamiyati yuksak darajaga ko‘tarila borayotgan hozirgi paytda yozuvning, yozma adabiy tilning roli ham o‘sib, ta’sir doirasi kengayib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |