TOVUSHLARNING VAZIYATIGA KO‘RA O‘ZGARISHI
Tovushlar ba’zan talaffuz talabi va ayrim tovushlarning o‘rinlashish, joylashish qonuniyalariga ko‘ra ham o‘zgarishga uchraydi. Talaffuz normasi va o‘rin munosabatlariga ko‘ra yuz beradigan fonetik o‘zgarishlarga tovushlarning vaziyatiga ko‘ra o‘zgarishi yoki pozitsion o‘zgarishlar deyiladi. Bunday tovush o‘zgarishlarining quyidagi ko‘rinishlari mavjud:
1. Reduksiya.
2. Eliziya.
3. Proteza.
4. Epenteza.
5. Prokopa.
6. Apokopa.
7. Sinkopa.
8. Diereza
9. Sinerezis.
10. Gaplologiya
Reduksiya-lotincha, aslida orqaga qaytish ma’nosida bo‘lib, so‘z tarkibida urg‘usiz bo‘g‘indagi unli tovushning yoki bir bo‘g‘inli so‘zlarda undoshlararo vaziyatdagi tor unlilarning qisqarishidir. So‘z tarkibidagi ayrim unli tovushlarning sifat jihatdan odatdagidan ko‘ra qisqaroq talaffuz qilinishiga reduksiya deyiladi.
Misollar: bir-b:r, bil-b:l, biz-b:z, bilan-b:lan, biroq-b:roq kabi.
Eliziya. So‘z tarkibidagi ayrim tovushlarning tushish hodisasiga eliziya deyiladi.Eliziyaning bir qancha ko‘rinishlari mavjud: 1) ayrim egalik qo‘shimchasini olgan so‘zlarda o‘zakdagi keyingi unli tushib qoladi: shahar-shahrim, o‘g‘il-o‘g‘li, singil-singlim kabi; 2) unli bilan tugovchi va unli bilan boshlanuvchi ikki so‘zning qo‘shilishidan unlilardan biri tushib qoladi: yoza oldi-yozoldi, bora oladi-boroladi kabi; 3) undosh bilan tugovchi va unli bilan boshlanuvchi ikki so‘zning qo‘shilishida keyingi unli tushib qoladi: borar ekan-borarkan, kelgan emish-kelganmish kabi; 4) so‘z tarkibidagi bir necha tovush (unliundosh) tushib qoladi: Abdusalom-Absalom, Abdujabbor-Abjabbor, Muhammadkarim-Matkarim kabi. Bular eliziyaning yuqori, murakkablashgan ko‘rinishidir. Eliziyaning murakkablashishi natijasida so‘zlarning qisqargan shakli hosil bo‘ladi.
Proteza. Tarixan so‘z boshida qo‘llanmaydigan va so‘z boshida qator kelgan undosh fonemalardan oldin bir unli tovushining orttirilishiga proteza deyiladi. Misollar: shkaf-ishkaf, stol-ustol, rus-o‘ris, stakan-istakan kabi.
Epenteza. So‘z oxiridagi qator kelgan undosh fonemalardan keyin bir unli tovushning orttirilishiga epenteza deyiladi. tank-tanka, kiosk-kioska, blank-blanka, bank-banka, otpusk-otpuska kabi.
Prokopa. So‘z boshida ayrim undosh fonemalarning tushirilish hodisasiga prokopa deyiladi: yiroq-iroq, yog‘och-og‘och, yirtilmoq-irtilmoq, yigirmoq-igirmoq kabi.
Apokopa. So‘z oxirida qator kelgan undosh fonemalardan birining tushirilishiga apokopa deyiladi. Misollar: sust-sus, g‘isht-g‘ish, go‘sht-go‘sh, daraxt-darax, Toshkent-Toshken, Samarqand-Samarqan kabi.
Sinkopa. So‘z tarkibida qator kelgan undosh fonemalar o‘rtasida bir unli tovushning orttirilish hodisasiga sinkopa deyiladi: plan-pilan, tramvay-tiramvay, plug-piluk, kran-kiran, qirq-qiriq, baxt-baxit, daraxt-daraxit va boshqalar.
Diereza. So‘z tarkibida qator kelgan undosh tovushlardan birining tushirilishiga diereza deyiladi. Masalan: sentner-sentir, povestka-poveska, tonggi-tongi, Munavvar-Munavar, Mukarram-Mukaram, Muhabbat-Muhabat kabi.
Sinerezis. So‘z tarkibida qator kelgan unli fonemalarning tushirilish hodisasiga sinerezis deyiladi. Misollar: Saodat-Sodat, maorif-morif, sanoat-sanot, matbaa-matba kabi.
Gaplologiya. So‘z tarkibida qator kelgan bir xil so‘z bo‘g‘inlaridan birining tushirilish hodisasiga gaplologiya deyiladi. Misollar: stepependiya-stependiya (asli stepependiya < stepen-daraja, pendiya-nafaqa, darajasiga ko‘ra nafaqa demakdir), morfolologiya-morfologiya, mineralologiya-mineralogiya, tragikokomediya-tragikomediya, morfofonologiya-morfonologiya va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |