2.Mafkuraviy gegemonizmning vujudga kelishi
Mafkuraviy gegemonizm muayyan davlat, jamiyat yoki bir guruh davlatlarda yagona mafkuraning tо‘la hukmronligini unga xos tamoyillarning о‘zgarmas aqidalar tarzida jamiyat hayotida qat’iy va mutloq tartibda о‘rnatilishini ifodalaydi, ya’ni yagona mafkura yakkahokimligidir.
Yagona mafkura yakkahokimligining mohiyati shundaki, bunda biron-bir mafkuraviy tizim yagona ilmiy, eng adolatli, jamiyatdagi muayyan qatlam manfaatlarini ifoda etuvchi mafkura deb e’lon qilinadi. О‘zining mohiyati yoki biron bir jihati bilan undan farq qiluvchi g‘oyalar, qarashlar, mafkuralar yot va dushman mafkuralar sifatida qaraladi. Fikrlar, g‘oyalar xilma-xilligi inkor etiladi.
Oqibatda, millionlab kishilarda yagona fikrga moslashish, mutelik, loqaydlik, boqimandalik, mahdudlik, о‘zga g‘oyalarga hadiksirab qarash ruhiyati shakllanadi. Jamiyatning ma’naviy rivojiga, ilm-fan ravnaqiga jiddiy zarar yetkaziladi. Aslida bunday yagona mafkura yakkahokimligi yovuz niyatlarda amalga oshiriladi, davlat mafkurasiga aylanadi. Ijtimoiy hayotning rivojiga salbiy ta’sir kо‘rsatadi va jamiyat hayotini, fikrlar erkinligini bо‘g‘adi. Tarixdan ma’lum bо‘lgan mustabid tuzumlarni qiyosiy tahlil etish ular amal qilgan mafkuralarning quyidagi umumiy xususiyatlarini hamda bu
g‘oyani amalga oshirish bilan bog‘liq qator salbiy oqibatlarini aniqlash imkoniyatini beradi. Avvalo, mustabidchilik mafkuralari о‘z davlatlarida ijtimoiy va shaxsiy hayotning barcha sohalarini tо‘liq qamrab olishga, yagona dunyoqarash tizimi hukmronligini о‘rnatishga intildilar. Bu mafkuralar buyuk va yorqin о‘tmishni inkor etadilar. Ular jamiyatni inqilobiy yо‘l bilan yoppasiga qayta tuzish zarur va uni amalga oshirish mumkin, deb hisoblaydilar. ¡zlarigacha bо‘lgan milliy madaniy meros va qadriyatlarning barchasini yoxud kо‘pchiligini bekor qilib, ularni faqat о‘z tamoyillari bilan alishtiradilar. Mustabid davlatlarning о‘ziga xos boshqa xarakterli xususiyatlari jamiyatning harbiylashtirilishi, «harbiy lager» yoki «qamal qilingan qal’a»dan iborat g‘oyaviy-psixologik vaziyatni vujudga keltirishdan iboratdir. Bunda mamlakat ichida harbiy fanatizm vaziyati avj oldirilibgina qolmasdan, shu bilan birga agressiv tashqi siyosat ham amalga oshirildi.
Bu siyosat harbiy-hududiy va mafkuraviy bosqinchilik qilishga, о‘zining mustabidchilik tartiblarini keng miqyosida qaror toptirishga qaratiladi.
Lekin, tarixiy haqiqat shundan iboratki, mustabidchilik mafkuralarining turli andozalari va ularning loyihalari asosida yaratilgan, demokratiyaga qarshi tuzumlarning pirovard natijada halokatga uchrashi muqarrar. Shu sababli yakkahokimlikka intilgan, mutloq haqiqatni da’vo qiladigan mafkuraning istiqboli yо‘q. Chunki, u yakkahokimlik о‘rnatish barobarida о‘zini boyitib boradigan manba - fikrlar rang-barangligi va qarashlar xilma-xilligidan uzilib qoladi. Muayyan guruh yoki partiya g‘oyalari hukmron mafkuraga aylansa, hurfikrlik, vijdon erkinligi va qarashlar xilma-xilligi cheklanadi. Mutloq haqiqatga egalik da’vosi, mustabidlik tamoyillarini kuchaytiradi.
Masalan, sobiq Ittifoq davrida yagona kommunizm mafkurasi ana shunday holga tushgan edi. Uning asosiy g‘oyalari sobiq shо‘rolar hokimiyati rahbarligida zо‘rlik bilan amalga oshirildi. Natijada bu mafkura yakka hukmron bо‘lib qolgan edi. U XX asrning 80- yillarida tanazzulga yuz tutdi. 1991 yilda sobiq Ittifoq tarqalib ketishi bilan uzil-kesil inqirozga uchradi. Buning sabablari nimalardan iborat?
Birinchidan, u о‘zini insoniyat tafakkuri erishgan eng yuksak chо‘qqi, mutlaq haqiqat ifodasi deb hisoblab, boshqa mafkuralarni tan olmas, ular bizning dushmanimiz, degan aqida asosida murosasizlarcha ish tutar edi;
Ikkinchidan, bu mafkura zо‘ravonlikka asoslangan bо‘lib, «majbur qilamiz» qabilida ish tutar, uning g‘oyalari hamma joyda, hamma vaqt hech istisno va tо‘xtovsiz targ‘ib qilinar, xalqning erkin yashashi va fikr yuritishiga yо‘l qо‘yilmas edi. Kimki bu g‘oyaga qarshi chiqsa, shafqatsiz jazolanar, butun davlat mexanizmi ana shu jazoni turli shakllarda amalga oshirishga qaratilgan edi.
Uchinchidan, bu mafkura nomigagina ijtimoiy guruhlar mafkurasi edi. Aslida sobiq Ittifoq davrida ziyolilar, dehqonlar, xizmatchilar, qolaversa, «yetakchi sinf» bо‘lgan ishchilarning orasida ham mafkuradan norozi bо‘lganlar bor edi. Lekin metin mafkuraviy devor ortidan ularning ovozi chiqmas edi;
Tо‘rtinchidan, bu mafkura hech kimga vijdon erkinligi, о‘z fikrini ochiq bayon etish,jumladan, xorij fuqarolari bilan xolisona muloqatda bо‘lishga ham yо‘l qо‘ymas edi. Bordi-yu kimdir shunga jur’at etsa, «xalq dushmani», «burjuaziya malayi»ga aylanar edi;
Beshinchidan, u milliylikdan butunlay xoli edi. Unda mavhum baynalmilallik zо‘r berib kuylanardi. Kimki milliy qadriyatlar tо‘g‘risida gap ochsa, darhol «millatchi»ga chiqarib qо‘yilardi. Milliy tafakkurga ega bо‘lgan shaxs, mutaxassis, ziyoli, olim, boshqalar «qoloq», «shubhali kishi» hisolanardi;
Oltinchidan, unda milliy tarix, xususan, О‘zbekiston tarixi uning о‘tmishi merosi mutloq tan olinmas edi. Nari borsa, ular kо‘pincha umumiy tarzda qayd etilardi, xolos;
Yettinchidan, xalqlarning diniga, diniy merosiga, diniy qadriyatlariga nisbatan mutlaqo notо‘g‘ri munosabat о‘rnatilgan edi. Jumladan, xalqimizning ulug‘ siymolari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Mahmud Zamahshariy, Imom Moturidiy, Sо‘fi Olloyor kabi allomalarning boy ilmiy merosini о‘rganish, ulardan foydalanish taqiqlangan edi;
Bularning barchasi bolshevistik - yagona kommunistik mafkuraning taraqqiyot talablariga mutlaqo zid ekanini yaqqol namoyon etdi. Shu bois u yangi zamonaviy talablarga dosh berolmay, о‘z davlati bilan birga tarixga aylandi.
Yagona mafkura hukmronligini da’vo qilib, uzoq о‘tmishga qaytishga chaqiruvchi islom fundamentalizmi gо‘yoki bundan mustasnodek tuyuladi. Biroq, aslida bunda ham о‘sha andoza saqlanib qoladi. YA’ni, islom fundamentalizmi tarix g‘ildiragini о‘rta asr jaholati davriga qaytarish niqobi ostida, birxillashtirgan mustabid «kelajak»ning о‘ziga xos andozasini taklif etadiki, unda inson fuqarolik huquqlaridan tо‘liq mahrum qilinadi, haqiqatdan diniy aqidaparastlik terroriga duchor etiladi.
Yagona mafkura hukumronligining jamiyat hayotida zararli oqibatlari:
Shaxs erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga murosasizlik, millatning о‘zligini inkor etish, milliy va diniy qadriyatlarni rad etish, milliylikni cheklash, mutloq haqiqatni da’vo qilish, zо‘ravonlikka asoslanganligi, mutelik, qaramlik, boqimandalik, loqaydlik, milliy mahdudlik, siyosiy tashabbussizlik, о‘zga g‘oyalarga yotqarash, jamiyatning ma’naviy inqirozi, tarixiy xotirasizlik, ona tiliga pisandsizlik bilan qarashda yaqqol namoyon bо‘ladi.
Mustaqillik tufayli oldimizga qо‘ygan oliyjanob maqsad-muddaolarimizga yetish, eski mafkuraviy asoratlardan batamom xalos bо‘lish, g‘oyaviy bо‘shliq paydo bо‘lishiga yо‘l qо‘ymaslik, begona va yot g‘oyalarning xurujidan himoyalanish, bunday tajovuzlarga qarshi kurash oladigan har tomonlama barkamol insonlarni voyaga yetkazish zaruriyati xalqimiz va jamiyatimiz manfaatlariga mos milliy istiqlol g‘oyasini shakllantirishni va mustahkamlashni taqozo etadi.
Ma’lumki, biz о‘z milliy tabiatimiz va ming yillik an’analarimizga, urf-odatlarimizga zid bо‘lgan soxta kommunistik g‘oyalardan voz kechdik. Lekin mafkura dunyosida bо‘shliqqa yо‘l qо‘yib bо‘lmasligi, shunday holat yuz bergan taqdirda bо‘sh qolgan mafkura maydonidan bizga begona, orzu-intilishlarimizga mutloq yot g‘oyalar о‘rin egallashga urinishi shubhasiz. Tabiatda bо‘shliq (vakuum) bо‘lmaganidek, jamiyatda ham bо‘shliq bо‘lmaydi. Ma’lum davrda oldingi fikr о‘zgarishi bilan о‘rnini yangi fikr egallaydi, g‘oyaning о‘rnini ham boshqa g‘oya egallaydi, shu sababli jamiyatda ham inson ongi va qalbida ham bо‘shliq bо‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |