3-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish
9. Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
a) davlat arxivlarining binolari va saqlovxonalarida qurilish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash ishlarini (loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish xarajatlarini inobatga olgan holda) amalga oshirishga, ularning moddiy holatini yaxshilash, shu jumladan zarur zamonaviy uskunalar, mebel, inventarlar bilan jihozlash, kuzatuv, nazorat, yong‘in xavfsizligi va identifikatsiya tizimlari, vositalari va qurilmalari bilan ta’minlash va boshqa tovar-moddiy qimmatliklar xarid qilish;
b) axborot-kommunikatsiya, multimedia va tarmoq qurilmalari, texnikalari, vositalari hamda dasturiy ta’minotlarni xarid qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, axborot-ta’lim resurslarini ishlab chiqish, ish jarayonini avtomatlashtirishga xizmat qiluvchi tizimlarni yaratish, Agentlik, hududiy boshqarmalar va davlat arxivlari o‘rtasida elektron axborot almashinuvini tashkil etish, interaktiv resurslar va ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ularni ishchi holatda saqlash va xizmat ko‘rsatish;
v) xorijiy davlatlardan O‘zbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlari yoki ularning nusxalarini qaytarish;
g) jismoniy va yuridik shaxslardan arxiv hujjatlarini sotib olish;
d) Agentlik faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish, shu jumladan:
Agentlik xarajatlarini, shuningdek, konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar, treninglar va davra suhbatlarini o‘tkazish xarajatlarini qoplash, suvenirlar, mahsulotlar, bukletlar va axborot-ma’rifiy materiallarni xarid qilish;
respublikada va xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish va ularni o‘tkazish;
xorijiy mehmonlarning tashrifi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
e) Agentlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, mukofotlash, ijtimoiy himoya qilish, o‘qitish va malakasini oshirish;
j) Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
z) Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlari xodimlarini xorijiy davlatlarning arxiv, ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalarida o‘qitish, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish, tajriba almashish;
i) Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlari xodimlariga mamlakatda va xorijdagi rejadan tashqari xizmat safarlari xarajatlarini qoplash uchun to‘lab berish;
k) qonunchilikda taqiqlanmagan Agentlik faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan boshqa tadbirlar.
10. Jamg‘arma mablag‘lari Agentlik markaziy apparatining quyidagi xarajatlariga yo‘naltirilishi mumkin:
Agentlikning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan axborot-kommunikatsiya jihozlari, mebel, inventarlar va transport vositalarini xarid qilish, rekonstruksiya, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bilan bog‘liq xarajatlar;
xodimlarning lavozim maoshiga har oylik ustamalar, mukofotlar berish va ijtimoiy muhofaza qilish (yo‘lkira va ovqatlanish xarajatlari uchun qo‘shimcha haqlar ko‘rinishida) xarajatlarini amalga oshirish.
Agentlik markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshiga har oylik ustamalar, mukofotlar, ularga moddiy yordam berish va ularni ijtimoiy muhofaza qilish O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi va uning tarkibiga kiruvchi arxiv ishi hududiy boshqarmalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibiga asosan amalga oshiriladi.
11. Jamg‘armadan mablag‘ ajratishga oid murojaatlar Agentlikning hududiy boshqarmalari, O‘zbekiston milliy arxivlari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlari tomonidan ushbu xarajatlarni asoslovchi tegishli hujjatlar bilan birga Agentlikka taqdim etiladi.
Hujjatlarning asoslanganligi va sifati, keltirilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi yuzasidan hududiy boshqarma boshliqlari, O‘zbekiston milliy arxivlari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlari rahbarlari javobgardir.
12. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish uning tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi.
Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasi budjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi, Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi va ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
13. Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar faqat Agentlik direktori o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalari boshliqlari, O‘zbekiston milliy arxivlari direktorlari, Markaz direktorining asosli yozma murojaati asosida Jamg‘armani boshqarish Kengashi roziligi bilan amalga kiritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |