2-bob. Davlat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari 11. Davlat nazorati Agentlikning mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi.
Agentlik nomidan:
“O‘zarxiv” agentligining Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha davlat nazorati bo‘limi boshlig‘i;
“O‘zarxiv” agentligi Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha davlat nazorati bo‘limi bosh mutaxassisi;
hududiy boshqarmalar boshliqlari va bosh mutaxassislari Arxiv ishi va ish yuritish holati bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar hisoblanadi.
12. Davlat nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar:
davlat tashkilotlaridan arxiv ishi va ish yuritishga oid zarur ma’lumot, axborot, tushuntirish va hujjatlarni so‘rash hamda bepul olish;
davlat nazoratini amalga oshirish davomida zarur hujjatlarni o‘rganish, arxiv saqlovxonalarini foto, videotasvirga tushirish;
arxiv hujjatlariga zarar yetkazgan, qonun hujjatlarini buzgan va boshqa shaxslardan yozma ravishda tushuntirish olish;
davlat tashkilotlarining bino va inshootlariga arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi faoliyati bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish uchun mazkur bino va inshootlarda bo‘lish qoidalariga rioya qilgan holda kirish va ko‘zdan kechirish;
arxiv ishi va ish yuritish qonun hujjatlarining buzilish sabablari hamda arxiv hujjatlarining saqlov sharoitlarini aniqlash;
arxiv ishi va ish yuritish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilganligini bartaraf qilish haqida davlat tashkilotlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
davlat nazorati natijalari bo‘yicha ma’lumotnoma, dalolatnoma, xulosa, hisobotlar tuzish va tasdiqlash;
arxiv ishi va ish yuritish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzgan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi materiallarni tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuborish;
qonun xujjatlarida ko‘rsatilgan boshqa huquqlarga ega.
13. Davlat nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar:
davlat tashkilotlariga davlat nazoratini o‘tkazish to‘g‘risidagi nazorat qiluvchi organ rahbarining buyrug‘i nusxasi, xizmat guvohnomasini ko‘rsatishga;
davlat tashkiloti faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslikka;
davlat siri, tijorat yoki boshqa sirlar saqlanishini ta’minlashga;
davlat nazorati natijasini dalolatnoma (ma’lumotnoma) bilan rasmiylashtirishga, uning bir nusxasi davlat nazorati tamom bo‘lgan kunda davlat nazoratidan o‘tgan davlat tashkilotiga taqdim etishga;
huquqbuzarlik holatlari aniqlanganda unga ta’sir ko‘rsatishning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarini ko‘rishga majbur.