O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
2017 — 2021-YILLARDA XORAZM VILOYATI VA XIVA SHAHRINING TURIZM SALOHIYATINI KOMPLEKS RIVOJLANTIRISH DASTURI TO‘G‘RISIDA Xiva shahri va butun Xorazm hududi haqli ravishda YUNESKO va jahon tadqiqotlar hamjamiyati tomonidan insoniyat tamadduni paydo bo‘lgan makon, eng qadimgi tarixiy-madaniy markazlar qatorida tan olingan.
Xorazm o‘zining noyob me’moriy obidalari bilan mashhur. Ayniqsa, Xiva shahrining “ochiq osmon ostidagi muzey” sifatidagi xususiyati, shuningdek, Xorazm viloyati hududida joylashgan 250 ta me’moriy, tarixiy, madaniy va san’at obidalari diqqatga sazovordir. Insoniyatning bebaho merosi — Xiva shahrining qadimiy qismi — “Ichan qal’a” YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
O‘zbekistonning milliy turizm salohiyatini kompleks targ‘ib qilish doirasida har yili Xorazm viloyati va Xiva shahrining turizm-ma’rifiy salohiyatini yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalarida, jumladan VVS, NHK, Euronews, Discovery Network International va boshqa telekanallar tarmoqlarida maqsadli reklama va targ‘ib qilish bo‘yicha muntazam ravishda chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Bugungi kunda Xorazm viloyati va Xiva shahrining turizm salohiyatini targ‘ib qilish, shuningdek zamonaviy turizm infratuzilmasini barpo etish, turistlarga qulay shart-sharoitlar yaratishda turizm sohasidagi vakolatli boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan bir qatorda Xorazm viloyatidagi 22 ta turizm faoliyati subyektlari va 52 ta mehmonxonalar ham shug‘ullanmoqda.
Shu bilan birga, tan olish kerakki, joriy bosqichda hududning mavjud turizm salohiyati yetarli darajada samarali foydalanilmasdan qolmoqda. Xorazm viloyati va Xiva shahrining yangilangan, zamonaviy qiyofasini yaratish, shahar va transport infratuzilmasini takomillashtirish, Yevropa, Osiy va MDH mamlakatlaridan tashrif buyurishi ko‘payib borayotgan turistlar oqimiga keng xizmatlar turi va yuqori sifatli xizmatlar taklif eta oladigan turizm faoliyati subyektlari, zamonaviy mehmonxonalar sonini ko‘paytirish, xorijiy ommaviy axborot vositalari va turoperitorlari vakillariga maqsadli tanishtiruv turlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralarni davom ettirish, shuningdek turizm sohasida kadrlar tayyorlashda zamonaviy yondashuv talab etilmoqda.
Xorazm viloyati va Xiva shahrining turizm salohiyatidan foydalanish samaradorligini yanada rivojlantirish va oshirish, Xiva shahrining noyob tarixiy-madaniy va me’moriy obidalari, shu jumladan ochiq osmon ostidagi “Ichan qal’a” qal’a shaharcha-muzeyi hududidagi yodgorliklar bilan turistlarni keng tanishtirish maqsadida eng qulay shart-sharoitlar bilan ta’minlash, hududlarning zamonaviy turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va ko‘rsatilayotgan turizm, mehmonxona va transport xizmatlari sifatini takomillashtirish, ichki turizmni faollashtirish, turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlashni tubdan yaxshilash, shuningdek yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlari o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida:
1. 2017 — 2021-yillarda Xorazm viloyati va Xiva shahrining turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va quyidagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha Dasturning samarali amalga oshirilishi taminlansin:
turistlarni doimiy ravishda qabul qilish uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan Toshkent-Samarqand-Buxoro-Xiva yo‘nalishi bo‘yicha turizm markazlarini ulovchi temir yo‘l qurilishi va Xiva shahrida zamonaviy vokzal bunyod etilishi, Yevropa, Osiyo va MDH mamlakatlaridan charter qatnovlarini tashkil etish, Italiya, Fransiya va boshqa Yevropa mamlakatlaridan Urganch shahri aeroportiga doimiy qatnovlar sonini ko‘paytirish, Urganch-Xiva yo‘nalishidagi alohida obyektlarda yuqori qulaylikka ega bo‘lgan turizm toifasidagi avtobuslar bilan qatnovlarni joriy etish orqali Xorazm viloyati va Xiva shahrining turizm infratuzilmasini rivojlantirish;
turistlar oqimini ko‘paytirishga va ularning hududda bo‘lish muddatlarini uzaytirishga imkon beruvchi taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini va turizm yo‘nalishlarini takomillashtirish. shu jumladan Amudaryo daryosining qirg‘oq hududlarida ekzotik turizmning yangi turlarini tashkil etish. Xazorasp qal’asi negizida 600 o‘rinli ochiq amfiteatr, hunarmandlar rastasi va do‘konlarni qamrab oluvchi sharqiy bozor qurilishi asosida turizm kompleksini tashkil etish, “Ichan qal’a” kompleksining Karvonsaroy negizida zamonaviy mehmonxona va ko‘ngilochar kompleksini qurish, Xiva shahridagi turizm namoyishi obyektlarida o‘zbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosi va milliy an’analarini namoyishini ta’minlovchi madaniy, ko‘ngilochar va milliy sport tadbirlarini o‘tkazish joriy etilishini nazarda tutuvchi xizmatlarni takomillashtirish;
Xorazm viloyatining turizm salohiyati va Xiva shahrining brendini insoniyat tamaddunining qadimiy tarixiy-madaniy markazlaridan biri sifatida MDH mamlakatlarining markaziy teleradiokanallarida hamda yetakchi xorijiy telekanallarda, butunjahon Internet axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda keng reklama kampaniyasini o‘tkazish, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari va turoperatorlar uchun tanishtiruv turlarini tashkil etish, shuningdek “Xorazm madaniyati kuni”, “Xorazm vohasining xalq raqslari”, “Xorazm qovuni” kabi turli mavzulardagi festivallar o‘tkazish, Paxlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlab respublika hududlari va xorijiy mamlakatlar mehmonlari ishtirokida kurash, sambo va dzyudo sport turlari bo‘yicha xalqaro musobaqalar tashkil etish orqali targ‘ib qilish;
xorijiy va milliy valyutani qabul qilish bo‘yicha bankomatlar va terminallar tarmog‘ini kengaytirish va doimiy faoliyat yurituvchi komsheks ko‘ngilochar dasturlarini yaratish, turistlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shimcha infratuzilma obyektlarining holatini yaxshilash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni ko‘zda tutgan holda sifatli turizm xizmatlarini ko‘rsatish;
Urganch va Xiva shaharlaridagi kasb-hunar kollejlari, Urganch davlat. universitetida mehmonxona va turoperatorlik faoliyatida ingliz tili savodxonligiga ega mutaxassislarni tayyorlovchi qisqa muddatli kurslar tashkil etish orqali turizm sohasida mutaxassislar tayyorlash. qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish. ushbu jarayonga Fransiya, Ispaniya, Turkiya va boshqa turizm sanoati rivojlangan mamlakatlarining ixtisosli ta’lim muassasalari yetakchi maslahatchilari va mutaxassislarini jalb etish;
2017 — 2021-yillarda turizm xizmatlari eksporti hajmini 2,3 barobar, turistlar sonini esa 2,1 barobarga oshishini ta’minlash.
2. 2017 — 2021-yillarda Xorazm viloyati va Xiva shahrining turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish Dasturi ijrosi yuzasidan nazoratni ta’minlash bo‘yicha 2-ilovaga muvofiq tarkibda Ishchi guruh (keyingi o‘rinlarda Ishchi guruh deb ataladi) tashkil etilsin.
Ishchi gypyh (R.S. Azimov):
Dasturga kiritilgan chora-tadbirlarning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini nazorat qilsin va muvofiqlashtirsin;
Dasturga kiritilgan chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
Dasturga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida xorijiy investitsiyalar, donor mamlakatlarning kredit va grant mablag‘lari hamda xalqaro moliya institutlarini jalb etish choralarini ko‘rsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Ishchi guruhning asoslangan takliflari asosida, Dastur parametrlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Xorazm viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Xiva shahrini loyihalashtirishning batafsil rejasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashiga ko‘rib chiqish uchun belgilangan tartibda taqdim etsin. Bunda shahar va “Ichan qal’a” hududining tashqi va ichki qismlarini jahon talablariga mos, zamonaviy turizm markaziga aylantirish maqsadida kompleks restavratsiya va tiklash ishlarini amalga oshirishni, shuningdek Dasturga kiritilgan boshqa chora-tadbirlarni bajarishni nazarda tutsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi (B.I. Zakirov) Xorazm viloyatining alohida qo‘riqlanadigan tarixiy-madaniy hududlari — Xiva shahrining “Ichan qal’a” qal’a shaharchasi va uning qo‘riqlanma hududlarida, uning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan noyob obyekt ekanligini hisobga olib qurilish, ta’mirlash-tiklash va boshqa ishlarni amalga oshirishda Butunjahon madaniy va tabiiy merosini himoya qilish Konvensiyasi (Parij, 1972-y.) normalari hamda YUNESKO Butunjahon merosi Markazining tavsiyalariga muvofiq minimal aralashuv yuzasidan zarur choralar ko‘rishga alohida e’tibor qaratsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda — uch oy muddatda Xorazm viloyatining tarixiy-madaniy meros obyektlarini xatlovdan o‘tkazsin hamda 2017 — 2021-yillarda Xiva shahri va Xorazm viloyatining tarixiy-madaniy meros obyektlari holatini yaxshilash, restavratsiya qilish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Dasturga kiritilgan tadbirlar doirasida:
qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari va olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarining sifati yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirib, shaharsozlik normalari va qoidalariga qatiy rioya etgan holda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda — noqonuniy qurilish hamda ajratilgan yer maydonlaridan maqsadsiz foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Tashqi ishlar vazirligi va Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda Xiva shahrining brendini ishlab chiqish, 2017 — 2021-yillar mobaynida xususan, Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq hamda MDH davlatlarida keng reklama kampaniyalarini, shu jumladan eng ommabop xorijiy axborot vositalarida, butunjahon Internet axborot tarmog‘ida ham tashkil etgan holda Xiva shahri va Xorazm viloyatiga turistlar oqimini oshirish bo‘yicha zarur amaliy-tashkiliy choralar ko‘rsin.
7. Loyiha tashabbuskorlari va tadbirkorlik subyektlarining o‘z mablag‘lari, bank kreditlari, xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning kredit va grant mablag‘lari, homiylik xayriyalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari ushbu qarorda nazarda tutilgan va Dasturga kiritilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda moliyalashtirish manbalari etib belgilansnn.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi har yilgi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda 2017 — 2021-yillar davrida Dasturga kiritilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Xorazm viloyati hokimligi va Dasturga kiritilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlarni Ishchi guruhga har chorakda taqdim etib borsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.