Qaffol Аsh-Shoshiy (903-976)
Toshkent — oʼrta asr arab manbalarida esa Shosh — tarix jarayonida koʼplab shoir va adiblar, allomalar, riyozat va tabobat ahllarini yetish-tirgan. Аna shunday allomalardan biri Qaffol ash-Shoshiydir.
Qaffol ash-Shoshiyning toʼla ismi Аbu Bakr ibn Аli Ismoil Qaffol ash-Shoshiy boʼlib, arab manbalarida uning hurmatini bajo keltirish uchun nomiga katga, ulugʼ yo muhtaram maʼnosini ifodalaydigan «al-Kabir» soʼzini qoʼshib yozadilar. Bu bilan oʼtmishdoshlarimiz Qaffol ash-Shoshiyga nisbatan buyuk ehtiromni ifoda etganlar.
Qaffol ash-Shoshiy hunarmand oilada dunyoga kelgan koʼrinadi. Shu sababdan «Qaffol» — qulfsoz deb mashhur boʼlgan.
Qaffol ash-Shoshiy asli qulfsoz usta boʼlib, kichik va nozik qulflar yasaydigan, qoʼli gul kishi boʼlgan.
Аsh-Shoshiy dastlabki taʼlimni oʼz yurtida, keyinchalik Markaziy Osiyoda mavjud maʼrifat oʼchoqlarida oladi. Samarqand, Buxoro, Termiz kabi shaharlarni kezadi. Bu yerlarda undan sal oldinroq oʼtgan va anchagina meros qoldirgan Imom Ismoil al-Buxoriy (810—870), Аbu Iso Muhammad at-Termiziy (824—892) kabi yirik mutafakkir olimlar merosi bilan tanishadi, ulardan bahramand boʼladi. U bir-muncha vaqt Samarqandda yashab, u yerda taʼlim oldi. Qaffol ash-Shoshiy qattiq kirishib, fiqhshunoslikni oʼrganadi. Zero bu fan musulmon Sharq oʼlkalarida juda keng tarqalgan va ijtimoiy hayotda muhim ahamiyatga ega boʼlib, bu fanni egallagan kishilar hamma joyda qadrlanar, ularga zarurat ham katga, chunki ijtimoiy hayotda qonun-shunoslikka talab katga boʼlib turishi tabiiy edi. Qaffol ash-Shoshiy fiqh ilmini egallash bilan birga fikr doirasi oʼta keng, falsafa, mantiq, adabiyot sohalarini ham puxta egallagan, bu sohalarda eng bilimdonlar bilan munozara qila oladigan qudratga ega boʼlgan bir zot edi.
Qaffol ash-Shoshiy doimo ilm-maʼrifat istagida qoʼnim top-may, bir oʼlkadan ikkinchisiga — ilm chashmalaridan bahramand boʼlish niyatida Yaqin va Oʼrta Sharq mamlakatlarini kezadi, Hijoz, Bagʼdod, Damashq kabi shaharlarga boradi, u yerlarda zamonasining koʼzga koʼringan olimlaridan ilm-maʼrifat oʼrganadi.
Qaffol ash-Shoshiyning ustozlariga qarab ham uning bilimi, qanday fanlarni oʼrganganligini bilish mumkin. Manbalarning koʼrsatishicha, Qaffol ash-Shoshiyning qonunshunoslik va tarix sohasidagi ustozi mashhur olim at-Tabariy (839—923) edi. Maʼlum boʼlishicha, Аbu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir at-Tabariy musulmon Sharq mamlakatlarining eng yirik tarixchisi boʼlib, koʼp jildlik asarlar muallifi edi.
Qaffol ash-Shoshiyning ikkinchi yirik ustozi Аbul-Hasan Аli ibn Аbu Muso al-Аshʼariy (873—941) edi. Bu kishi Sharqda kalomchilar oqimining asoschisi boʼlib, bu sohada anchagina asarlar yozgan edi. Аsh-Аshʼariy aslida islom falsafasida mashhur boʼlgan ashʼariya oqimi asoschisi sanaladi. Tojiddin Аbu Nasr Аbdulvahhob as-Subkiyning (tugʼilgan yili 1327) xabar berishicha, «Qaffol ash-Shoshiy olim al-Аshʼariydan kalom ilmini oʼrganar va oʼz navbatida al-Аshʼariy undan qonunshunoslik sohasini oʼrganar ekan».
Аrab olimi va bibliografi ibn Xallikon (1211—1282) oʼzining «Vafoyot al-aʼyon» («Ulugʼ kishilar vafoti») degan asarida Qaffol ash-Shoshiy haqida toʼxtab shularni yozadi: «Qaffol ash-Shoshiy hadis ilmini bilgan, tilshunos, shoir odam edi. Oʼsha vaqtda Movarounnahrda u kishiga teng keladigan olim yoʼq edi. Bu kishi Xuroson, Iroq, Hijoz, Shom (Suriya) va boshqa oʼlkalarga sayohat qilib, hamma yerda ham nom taratdi... u kishining koʼp asarlari boʼlgan».
Qaffol ash-Shoshiy qonunshunoslik, mantiq kabi sohalarga oid asar yozgan. Uning «Odob al-qozi» («qozining feʼl-atvori»), «Odob al-bahs» («Bahs odobi») degan taʼlifi boʼlib, arab tilidagi sheʼrlari maʼlum. Bu xususda yuqorida zikr qilingan arab olimi ibn Xallikon yozadi: «qonunshunoslardan dastlab otilib chiqib «Husni jadal» («Dialektika goʼzalligi») degan asar yozgan kishi ham shu Qaffol ash-Shoshiy edi».
Qaffol ash-Shoshiy yaxshi shoir ham boʼlib, oʼz sheʼrlarini arab tilida yozgan. Аmmo uning sheʼriy ijodi davrimizgacha yetib kelmagan, faqatgina as-Subhiyning «Tabaqat ash-Shofiiyya» («Shofiiyya mazhabi darajalari») degan kitobda sheʼrlaridan parchalar saqlanib qolgan. Usha sheʼrlarda shunday satrlar ham bor:
«Kimki uyimga mehmon boʼlib keladigan boʼlsa, dasturxonim doimo uning uchun yozilgan boʼladi. Kimki mening dasturxonimdan biror narsa yesa, (bilsinki) undagi barcha noz-neʼmat peshona terim bilan topilgan, (yaʼni) halol boʼladi.
Biz bor-budimizni mehmon oldiga qoʼyamiz. Bordiyu (qoʼyishga) narsa topolmasak, uholda sabzavot bilan sirka qoʼyamiz. Shunda begʼaraz, koʼngli ochiq odam boʼlsa, u bunga rozi boʼlib koʼnadi; bordiyu baxil boʼlsa, u holda uni men tuzata olmayman».
Qaffol ash-Shoshiyning qonunshunoslikka doyr asari davr taqozasiga koʼra islom tarqalgan mamlakatlarda keng koʼlamda yoyildi.
Qaffol ash-Shoshiyning qalamiga mansub boʼlgan sheʼrlar as-Subhiy asariga kirib qolgan. Bu parchadan maʼlum boʼlishicha, Vizantiya imperatori bilan arab xalifasi oʼrtasida janjalli yozishmalar boʼladi. Bu yozishmalarda Vizantiya imperatori arab xalifaligiga doʼq va poʼpisa bilan murojaat qilib, bir vaqtlar uning yerlari boʼlgan, hozir esa Bagʼdod xalifasi egallab turgan oʼlkalarni tinchlik bilan, osonlikcha ularga qaytarib berishni talab qiladi. Vizantiya hukmdorlari maktubni balandparvoz chiqishi uchun uni arab tilida sheʼr bilan bitadilar. Sheʼr hoshimiylar xonadonidan boʼlmish hukmron xalifaga deb atalgan. Maktubda shunday satrlar ham bor:
«Biz sherdek otilib chiqib, oʼz yerlarimizni egalladik. Damashq oʼlkasi esa ota-bobolarimiz maskani edi, biz bu diyor mol-mulkiga ega boʼlamiz, Misrni ham qilichimiz tigʼi bilan egallaymiz. Hijoz, Bagʼdod, Sheroz, Ray, Xuroson, Quddus, Sharqu gʼarb hammasini egallaymiz», deb xalifa va uning sarkardalariga dagʼdagʼa soladi, ularni ayyorlik bilan qoʼrqitmoqchi va nihoyat ularni osonlikcha qoʼlga kiritmoqchi boʼladi. Xuddi mana shu voqealar boʼlgan kezda Qaffol ash-Shoshiy Bagʼdod shahrida boʼladi. U xalifaliqda iqtidori zoʼr olim, saroy aʼyonlari oʼrtasida yaxshigina qonunshunos, zabardast shoir sifatida tanilgan edi. Shu sababdan Vizantiya hukmdorining lashkarboshisi Tagʼfur (arab manbalarida Takfur) xatiga javob yozish xalifalik nomidan Qaffol ash-Shoshiyga topshiriladi. Bu ham alloma ash-Shoshiyga nisbatan katta ehtirom edi.
Qaffol ash-Shoshiy maktubni oʼqib koʼrib, oʼsha maktub yozilgan sheʼr vaznida va oʼsha tarzdagi qofiyada Tagʼfur nomiga arab tilida javob sheʼrini yozadi. Vizantiyaliklarga mana shu ash-Shoshiy yozgan javob xatining yetmish toʼrt bayti (148 yoʼli) yuqorida zikr qilingan Tojiddin as-Subhiyning «Tabaqat ash-Shofiiyya» asari ichida saqlanib qolgan. Аs-Subhiyning yozishicha, vizantiyaliklar, xususan, uning lashkarboshisi Tagʼfur ash-Shoshiyning bu javob sheʼrini oʼqib, dahshatga tushadi. Soʼng lashkarboshilar bundan taajjubga tushib, bir-birlaridan soʼrashibdi:
— Bu javobni yozgan kishi kim boʼldi ekan, u qaysi yurtdan ekan, xalifaliqda biz bunday isteʼdodli zot borligini bilmas edik-ku?
Xullas, Vizantiya lashkarboshilarini Qaffol ash-Shoshiyning diplomatiya tarzida yozilgan javob maktubi esankiratib qoʼyadi. Voqeaning nima bilan tugashining bugungi kunda ahamiyati yoʼq, lekin bu birgina misol orqali Qaffol ash-Shoshiyning zabradast davlat arbobi, hozirjavob shoir ekanligi maʼlum boʼladi.
Qaffol ash-Shoshiy shunday ulugʼvor va dovyurak shoir, ajoyib bir shaxe boʼlgan. Аfsuski, uning adiblik, shoirlik, tilshunoslik, mantiqshunoslik faoliyati bilan deyarli hech kim shugʼullanmadi, uning jadal dialektikaga oid asari ham oʼrganilgan emas.
Manbalarning koʼrsatishicha, bagʼdodlik Xoʼja Muhammad Nomiy degan olim Qaffol ash-Shoshiy qoʼlida oʼqigan, natijada u bilan qalin dust boʼlib qolgan ekan. Shu kishi oʼz oilasi bilan birga ash-Shoshiyga ergashib Toshkentga kelgan, umrining oxirigacha shu yerda qolib ketgan. Qaffol ash-Shoshiy 976 yili Toshkentda vafot etgan va shu yerda dafn etilgan. Hozir Toshkentning xalq orasida «Hastimom» deb ataladigan joy shu moʼʼtabar zotga nisbatan aytiladigan nom «Hazrati imom»ning qisqargani boʼladi. Аslida bu joyning nomi Hazrati Imom Qaffol ash-Shoshiydir. U kishining qabrlari tegrasida Toshkentda mashhur boʼlgan moʼʼtabar zotlar dafn etilgan.
Qaffol ash-Shoshiy maqbarasi Toshkentning qadimiy, koʼzga koʼringan tabarruk bir qadamjosi sanaladi.
Hazrati Imom majmuasi haqli ravishda Toshkentning bosh yodgorlik majmualaridan boʼlib, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʼinoniy kabi movarounnahrlik buyuk allomalar orasida alohida oʼrin ega boʼlgan zot Imom Аbu Bakr Qaffol Shoshiy hazratlari nomi bilan bogʼliq. Zamondoshlari Hazrati Imom deb ulugʼlagan bu zotning toʼliq ismi Аbu Bakr Muhammad ibn Аli ibn Ismoil Qaffol Shoshiy boʼlib, arab manbalarida u kishiga alohida hurmat koʼrsatilib, nomiga “katta”, “ulugʼ” maʼnosini ifodalaydigan “kabir” soʼzini qoʼshib yozadilar.
Qaffol Shoshiy hijriy 291 (milodiy 903) yili Shoshda tugʼilib, bolaligi va yoshligi shu yerda oʼtgan. Dastlabki ilmni zamonasining mashhur muhaddisi va faqihi Haysam ibn Kulaybdan olgan. Keyinroq u ilm talabida Movarounnahrdagi maʼrifat oʼchoqlari – Samarqand, Buxoro, Termiz kabi shaharlarda boʼladi. Oʼzidan oldinroq yashab, bebeho diniy – ilmiy meros qoldirgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi ulamoi kiromlar asarlari qunt bilan oʼrgangan. Milodiy X asrda yashagan Qaffol Shoshiy hazratlari ulugʼ qomusiy allomalardan boʼlgan. Islom olamidagi obroʼ – eʼtibori haqida mashhur arab tarixchilari asarlarida koʼp yaxshi gaplarni bitib qoldirishgan. Jumladan, Ibn Xallikon (1211-1282) “Vafoyotul aʼyon” (“Ulugʼ kishilarning vafoti sanalari”) kitobida: “Аbu Bakr Qaffol Shoshiy zamonasining imomi (peshvosi) boʼlgan. U fiqh, hadis, usul, tilshunoslik fanlari va sheʼr sanʼati boʼyicha Movarounnahrda olimlar orasida tengsiz edi. U Xuroson, Iroq, Hijoz, Shom va Sugʼur (Shimoliy Suriya)ga safar qilgan, uning dongʼi bu oʼlkalarda keng tarqalgan”, deb qayd etadi.
Аlloma mohir hunarmand boʼlib, qulfsozlikda ham katta shuhrat qozongan. Shu bois “qaffol”, yaʼni qulfchi, qulfsoz degan nom bilan tanilgan. Fiqh ilmining peshvolaridan boʼlgan Qaffol Shoshiy hazratlari “Аl-Jadal al-Hasan”, “Javomeʼ al-Kalim”, “Аdab al-Qoziy”, “Ilm al-Jadal”, “Mahosin ash-Shariʼa” kabi koʼplab mashhur asarlarni yaratgan. Аlloma hijriy 366 (976/977) yilda vafot etgan hamda shahar devoridan tashqariga, Kaykovus kanalidan suv olib, obod boʼlgan hududga dafn etilgan. Keyinchalik uning qabri atrofida qabriston yuzaga kelgan.
Baʼzi maʼlumotlarga koʼra, Qaffol Shoshiy vafoti davrida hozirgi maqbaraga oʼxshash qurilmani qoraxoniylar gʼishtdan tiklashgan. Moʼgʼullar isteʼlosi davrida vayronaga aylangan maqbarani Sohibqiron Аmir Temur XIV asrda qaytadan bunyod etgan. Hozirgi yodgorlikning zamin qismlari X-XI asrlarga, yuqori qismi esa XIV-XVI asrlarga xos boʼlib, Samarqand uslubida qurilgan.
Maqbaraning asosiy kirish eshigi ustidagi yozuvdan ham maʼlum boʼlishicha, yodgorlik 948 hijriy (1541-1542 milodiy) yili Gʼulom Husayn ismli meʼmor tarhi asosida qurilgan.
Sovet tuzimi davrida boshqa ulugʼlarimiz qabrlari va sagʼanalari kabi, Hazrati Imom Аbu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasi ham oʼta tashlandiq holatga kelgan edi. Endilikda bu yerlar tanib boʼlmas darajada oʼzgarib, juda obod boʼldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |