“Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!”
Til bu dunyodagi har bir millatning ajralmas bir qismidir, xususan jaxondagi har bir millatning o’z ona tili bor. Til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va ma’naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Bugungi kunda, dunyo bo'yicha o'zbek tilida 30 milliondan ortiq kishi gaplashadi, bu yer shari aholisining salkam 0,5 foyizi degani. Boshqacha aytganda, yer yuzi aholisining har 200 nafaridan biri o'zbek tilida gaplashadi. O'zbek tilida chop etilgan ilk gazeta "Turkiston viloyatining gazeti" bo'lib, u 1870 yilda chop etilgan. O'zbek tilidagi ilk g'azalni XIII asrda Burhoniddin Rabg'uziy yozgan. "O’tkan kunlar" romani o'zbek tilida yozilgan birinchi romandir. Behbudiyning "Padarkush" dramasi tilimizda yaratilgan ilk sahna asaridir. Nizomiyning "Xisrav va Shirin" dostonini tarjima qilgan Gutb - o’zbek badiiy tarjima maktabiga asos soldi. O'zbekistondan tashqari o'zbek tilida eng ko'p gaplashiladigan davlat Afg'onistondir. O'zbek tili dunyoda har birida o'n million kishidan ortiq odam gaplashadigan ellikta tildan biridir.
Biz bir narsani tushunishimiz kerak, milliy tilning ravnaqi uchun faqat tilshunos emas, millatning har bir vakili jon kuydirishi shart. Odam o'z milliy tiliga befarq bo'lar ekan , til me'yorlari buzilaveradi. Til me'yorlarining buzilishini hayotimizda internet tizimi faollashuvi bilan bog'lashlarini ko'p eshitamiz. Aslida esa u buzilgan og'zaki nutqning yozma shaklini ko'rsatadigan oyna xolos.Nutqqa bo'lgan loqayd munosabat avval unchalik ko'zga ko'rinmagan bo'lsa, endi internet bahonasida "hujjatlashtirildi".Internetning ommalashuvi esa tildagi nuqsonlarni ham ommalashtirdi. Til bilan bog'liq bu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish uchun eng birinchi o'rinda yoshlarning qalbida tilga bo'lgan muhabbat hissini uyg'otish kerak. Dunyodagi davlatlar oldiga yo’nalishlar va zamonaviy global jarayonlarga qo’shilish vazifasini qo’yayotgan mintaqalashuv va globallashuv davrida, an'anaviy qadriyatlar, milliy va madaniy o’ziga xoslikni saqlab qolish hamda O’zbek tilining rivoji uchun ilgari surilgan har qanday tashabbuslar, ona zaminimizda yashab, ijod qilgan, millatning hurligi, baxtu-saodatiga butun iste'dodini bag’ishlagan, kerak bo’lsa jonini tikkan, o’z ona tilini turli zo’rlovlar natijasida ravnaq topishi uchun to’sqinlik qilgan kuchlarga qarshi kurashgan yurt o’g’lonlarini ham ruhlarini shod qiladi.
1989-yil 21-oktabr kuni O‘zbеkiston Rеspublikasi Oliy Kеngashi sеssiyasining muhokamasidan so‘ng o‘zbеk tili davlat tili dеb e’lon qilindi va bu tarixiy hodisa mustaqillikdan ikki yil oldin ro‘y bеrdi. Bu ulug‘ maqsadga erishish va tarixiy voqеlikning ro‘yobga chiqarilishida Birinchi Prеzidеntimiz Islom Karimov bеvosita rahbarlik qilgan. Oradan 30 yil o’tib o’zbek tiliga davlat tili berilganligining yubiley yilida xalqining milliy bayrami sifatida, yangi O’zbekistonning tarix zarvaraqlariga muhrlangan Prezidentimiz Sh. M. Mirziyoyev O’zbekiston Respublikasining “O’zbek tili bayrami kuni” ni belgilash to’g’risdagi tarixiy qonunni imzoladi. “Davlat tili haqida” gi qonun qabul qilingan kun - 21 oktyabr sanasining “O’zbek tili bayrami kuni” deb e'lon qilinishi, mamlakatimizning yangi tarixi, yangi taraqqiyot bosqichida amalga oshirilayotgan buyuk islohotlarning yuksak samarasi, mustaqil Vatanimiz ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-madaniy, ma'naviy hayotidagi ulkan voqeadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |