4. Pilos-Miken jamiyati va madaniyati. Janubiy Yunoniston ham qadim zamondan boshlab o`zining qulay geografik muhiti bilan odamlarni o`ziga jalb qilib kelgan. Miloddan avvalgi IV–III mingyilliklarda Janubiy Yunonistonda ibtidoiy urug` jamoasi buzila boshlaydi. Jamiyatda tabaqalanish sodir bo`lib, Miken, Pilos, Tirinf kabi yirik aholi markazlari vujudga keladi. Miloddan avvalgi III mingyillikning oxiri va II mingyillik boshlarida markazlarda dastlabki quldorlik davlatchalari tashkil topgan.
Peloponnesdagi davlatchalarning eng yiriklaridan biri Miken bo`lgan. Miken Janubiy Yunonistonning shimoli-sharqiy burchagida joylashgan edi. Bu shahar-davlatiga Dunay bo`yidan kelgan axey va mahalliy yunon qabilalari miloddan avvalgi III mingyillikning oxirida asos solganlar. Miken ham quldorlik davlati bo`lib, miloddan avvalgi XV–XIII asrlarda gullab-yashnagan. Uni oqsoqollar kengashi va amaldorlarga tayangan podsho boshqargan. Miken podsholikning bosh shahri bo`lib, uning akropoli tepalik ustida bino qilingan edi. Akropol yunoncha so`z bo`lib, «yuqori shahar» degan ma`noni bildiradi. Akropol katta-katta xarsanglar bilan urilgan mustahkam devor bilan o`rab olingan edi. Akropol bizdagi qal`aga to`g`ri keladi. Qal`a ichida podsho saroyi, ibodatxona, aslzodalarning uy-joylari va ma`muriy binolar bo`lgan. Ular ajoyib rasmlar, ustunlar va naqshlar bilan bezatilgan.
Miken o`zining kuchli dengiz floti va quruqlikdagi qo`shiniga ega bo`lgan.
Mikenda qadimdan boshlab dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq va chorvachilik ham rivoj topgan edi. Mikenliklar kemasozlikka alohida e`tibor berganlar. Shu tufayli ular O`rtayer dengizi havzasidagi mamlakatlar bilan qizg`in savdo-sotiq olib borganlar.
Mikenliklar o`zlariga xos madaniyat yaratganlar. Ammo Krit madaniyati mikenliklar madaniyatiga kuchli ta`sir ko`rsatgan. Mikenliklar kritliklarning madaniyati va chiziqli yozuvlaridan ham foydalanganlar. Shu bois uni Krit-Miken madaniyati deyiladi.
Janubiy Yunonistondagi shahar-davlatlardan yana biri Pilos bo`lgan. U Janubiy Yunonistonning g`arbida bo`lib, dengiz bo`yida joylashgan. U kattagina yer maydoniga ega bo`lgan. Pilosdan Alfey daryosi oqib o`tgan. Pilos ham miloddan avvalgi III mingyillik oxiri – II mingyillikning birinchi yarmida tashkil topgan. Miloddan avvalgi XVI–XIII asrlarda ravnaq topgan. Pilos davlatining hukmdori Vanka deyilgan. Yer podsho, aihoniy, amaldor va oddiy xalq orasida taqsimlangan. Pilosda ham dehqonchilik, hunarmandchilik, chor-vachilik ancha taraqqiy etgan edi. Pilosliklar asosan dengiz va quruqlik orqali uzoq-yaqin mamlakatlar bilan savdo ishlarini olib borganlar. Davlat va xo`jalikning barcha sohalarida qullar mehnatidan foy-dalanilgan. Pilos podsholigi viloyatlarga bo`linib uni noiblar bosh-qarganlar. Mamlakat hukmdori podsho hisoblangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |