4. Iqlimi. Yunonistonning iqlimi subtropik quruq nqlimdir. Dengiz yaqin bo‘lganligi uchun yozda unchalik issiq bo‘lmaydi. Qishi mayin iliq, seryomg‘ir. Qish ikki-uch oy davom etadi.
Yunonistonning tabiiy sharoiti garchi insonning xo‘jalik faoliyati uchun to‘la muvofiq bo‘lmasa-da, lekin har holda biror xildagi qishloq xo‘jalik ishlari va boshda kasb-kor bilan shug‘ullanish uchun ma’lum darajada imkoniyat berardi. Qirg‘oqlarning past balandligi, Kichik Osiyoga hatto solda yoki qayiqda borish osonligi dengiz kemachiligi va savdo-sotiqning juda barvaqt rivojlanishiga imkon berdi. Buning ustiga dengizning yaqinligi baliqchilik bilan shug‘ullanishga imkoniyat tug‘dirdi. Shuning uchun ham baliq qadimgi greklarning asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biri edi.
Yunonistonda dehqonchilik asosan uzumchilik va bog‘dorchilik formasida rivoj topdi, chunki faqat ikki vodiydagina don ekini bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanish mumkin edi. Bog‘dorchilik va uzumchilik birinchi darajada zarur bo‘lgan mahsulotlarni o‘simlik moyi va vino berardi. Vinoga suv qo‘shilib ichilardi va bu greklarning asosiy ichimligi edi.
Turli xildagi rudalarning mo‘lligi Yunonistonda metallurgiya ishlab chiqarishining juda rivojlanib ketishiga sabab bo‘ldi.
5. Mineral boyliklar. Yunoniston qazilma rudalarga boy edi. Asl Yunonistonning shimol tomonida — Frakiyada boy oltin konlari bor edi. Attikada va O‘rta Yunonistonda mashxur kumush-qo‘rg‘oshin konlari mavjud edi. Mis Evbeya orolidan va Xalkidika yarim orolidan («xalkos»— «mis» demakdir) qazib olinardi. Temir Lakoniya va Peloponnes territoriyasidan qazib chiqarilardi.
Yunoniston binokorlik materiallariga, asosan oxaktosh va marmarga boydir. Xususan, Paros orolidan yaxshi marmar qazib olinardi. Paros marmari o‘zining nihoyatda oppoqligi bilan shuhrat qozongan edi. Attikada ham oq marmar qazib chiqarilardi. Lekin bu marmarning sifati Paros marmaridan past edi.
Marmar dengizida va Egey dengizining orollarida turli rangdagi — kulrang, qora, zangori, pushti va hokazo chiziqlari bo‘lgan marmar qazib chiqarilardi. Marmar qadim zamondan grek imoratlariga ishlatilardi. U qimmat emas edi. Shuning uchun uni faqat haykallar va bezaklar yasash uchungina ishlatmasdan binolar qurish uchun xam ishlatardilar. Grek ibodatxonalari va boshqa jamoat binolari oxaktosh va marmardan qurilar yoki mazkur binolarning devorlari shular bilan qoplanardi.